Sanoat avariyasi kamdan kam hollarda yirik turistik obektni hosil qilishi mumkin. Shunday hodisalardan biri Turkmanistonda yuz bergan. Bundan 50 yil avval sovet razvedka guruhi tabiiy gaz qidirib, mamlakatda quduqlar qazishga kirishganda, zanjir reaksiyasi yuzaga kelgani aytiladi, natijada Darvoza gaz krateri — ulkan olovli tuynuk paydo bo‘lgan. Bir necha yillardan buyon bu tuynuk Turkmanistondagi eng diqqatga sazovor joylardan biri bo‘lib kelmoqda.

Krater “Jahannam darvozasi” va “Qoraqum yog‘dusi” nomlari bilan ham ataladi. O‘raning tubi va devorlaridagi yuzlab teshiklardan doimiy ravishda alanga otilib turadi. Uning yaqinida turib, kraterdan chiqayotgan kuchli issiqlikni his qilish mumkin. Lovullayotgan olov ayniqsa, tunda, yulduzli osmon ostida dahshatli manzara hosil qiladi.

Turkmanistonga safar qilgan deyarli barcha mehmonlar Qoraqum cho‘lidagi qumtepaliklar bilan o‘ralgan ushbu kraterda to‘xtab o‘tadi.

Darvozaga turistlar kelishni boshlagan dastlabki yillarda hududda birorta ham sayyohlik xizmati bo‘lmagan, tunash uchun zarur narsalarning barchasini ular o‘zi bilan olib kelishga majbur edi. Hozir esa krater yaqinida uchta lager mavjud, ular tunash uchun o‘tov yoki chodir, oziq-ovqat, piyoda yurishni xohlamaydiganlarga transport taklif qilishadi.

Kraterning kengligi taxminan 70, chuqurligi esa 30 metr. Uning tubi toshloq maydonchani eslatadi. Tashrif buyuruvchilar yonayotgan voronkaga juda yaqin kelmasligi uchun 2018 yilda tuynuk chetiga himoya to‘sig‘i o‘rnatildi.

Qoraqum — krater yaqinida joylashgan uchta lagerdan biri.
Foto: Joe Yogerst

Turkmaniston hukumati kraterni berkitish chorasini topish haqida bir necha bor gapirgan. Darvozaga ko‘p yillardan beri keladiganlarning aytishicha, hozir krater alangasi ilgarigidan ancha past.

“Tuynukda hozir men u yerga birinchi marta borganimdagi (2009 yil) alanganing atigi 40 foizi qolgan”, - deydi britaniyalik Dilan Lyupin. Uning Lupine Travel sayyohlik kompaniyasi Turkmanistonga turistlarni jalb qilishda yetakchilardan hisoblanadi.

“O‘shanda kraterdagi olov ancha katta maydonni qoplardi. Hozir u kichikroq, alanga ham ilgarigidek balandmas”.

Mahalliy gidlardan biri so‘nggi yetti yil ichida alanga zaiflashib borayotganini tasdiqladi.

Ammo bu kraterning jozibasini kamaytirmaydi. Ayniqsa, qum bo‘roni atrofni qoplagan paytda ham yer qa’ridagi olovning miltillab turishi kishini hayratga soladi.