Yil yakunigacha Yevropaga eksport qiluvchi korxonalar sonini 2 mingtaga ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi
Shavkat Mirziyoyev 13 iyun kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Yevropaga mahsulot eksport qilishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlariga to‘xtaldi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qildi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil turdagi tahlil qilinadigan laboratoriya talab etilishi aytilgan. Lekin O‘zbekistonda birorta ham bunday laboratoriya yo‘qligi, to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib kirish uchun zarur bo‘lgan 61 ta laboratoriya tahlilining 16 tasi yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilingan.
«Eng muhimi, tadbirkor bu muammolardan mahsulotini Yevropaga olib borgandan keyin xabar topayapti. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tadbirkorlar bilan ishlash, o‘qitish, muloqotni yo‘lga qo‘ymagani ko‘rsatib o‘tildi», — deyiladi xabarda.
Shu munosabat bilan ushbu idoralar rahbarlari oldiga 20 mingta ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ishlab, yil yakuniga qadar Yevropaga eksport qiluvchi korxonalar sonini 2 mingtaga ko‘paytirish vazifasi qo‘yilgan. Ularga bir oy muddatda qaysi standartni joriy qilish, qaysi laboratoriyani yangilash bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirilgan.
Viloyat hokimlariga ham o‘z hududida eksportchilar sonini oshirish va yangi laboratoriyalar ochish bo‘yicha dastur qabul qilish topshirildi.
Investitsiya vazirligiga:
- xalqaro sertifikatsiya talablarining ichiga kirib, qaysi laboratoriyani modernizatsiyalash va qaysi standartni o‘zgartirish kabi masalalarni hal qilish;
- yil yakunigacha tekstil, elektrotexnika, agro va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 27 ta xalqaro ko‘rgazmada ishtirok etib, kamida 100 tadan eksportchilarni Yevropa bozoriga olib chiqish topshirildi.
Texnik tartibga solish agentligi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar joriy qilingan korxonalar sonini 3 baravar oshirib, 1 ming 200 taga yetkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ushbu korxonalarda Yevropaning 1,5 mingta standartlari joriy etiladi. Bu orqali, har bir korxona xalqaro laboratoriya xulosalari uchun 1 milliard so‘m iqtisod qilib, eksportga ketadigan vaqti 3 haftagacha qisqaradi.
Bundan tashqari, agentlikka 121 ta laboratoriya xulosalarini xalqaro standartlarga moslashtirib, kamida 100 ta davlatda tan olinishini ta’minlash topshirildi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga:
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyat hokimlari bilan birga meva-sabzavot yetishtirilayotgan 200 ming gektar maydonni xalqaro talablarga moslashtirish;
- yil yakunigacha 249 ta meva-sabzavot klasterlari bilan ishlab, xalqaro bozorlarga eksport qiladigan korxonalar sonini 400 tagacha oshirish topshirildi.
Yil yakunigacha 13 ta hududiy agrokimyo laboratoriyani jihozlashga 10 million dollar yo‘naltiriladi.
Veterinariya qo‘mitasiga viloyat hokimlari bilan birga yil yakuniga qadar chorvachilik mahsulotlarini eksport qiluvchilar sonini 1,5 baravarga oshirib, 700 taga yetkazish topshirildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatiga viloyat markazlaridagi 14 ta laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Bojxona qo‘mitasiga 1 oktyabrgacha eksport, import va tranzit bo‘yicha barcha sertifikat va ruxsatnomalarni “Yagona darcha” orqali yuritishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Mavzuga oid
15:52 / 13.11.2024
O‘zbekistonda Global ekologik fond donorlari yig‘ilishi o‘tkazilishi mumkin
15:29 / 13.11.2024
O‘zbekiston prezidenti Chexiya bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
14:37 / 13.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
13:50 / 13.11.2024