O‘zbekiston | 13:50 / 13.11.2024
3596
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston, Ozarboyjon va Qozog‘iston rahbarlari "yashil” energiyani uzatish loyihasiga start berdi

Uch mamlakat elektr energetika tizimlarini o‘zaro bog‘lab, shamol va quyosh stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Yevropaga eksport qilish niyatida.

Foto: Prezident matbuot xizmati

13 noyabr kuni COP29 sammiti doirasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon o‘rtasida "yashil" energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qayta tiklanuvchi energiya iqtisodiy maqsad emas, balki kelajakka qo‘shilayotgan hissa, kelgusi avlodlar oldidagi mas’uliyat tuyg‘usining natijasi ekanligini ta’kidladi.

Loyihaning ekologik ahamiyati alohida qayd etildi. Uzatiladigan energiya - bu shamol va quyosh energiyasi bo‘lib, qayta tiklanadigan va toza manba hisoblanadi hamda iqlimga ta’sirni yumshatish imkonini beradi.

Shu orqali tomonlar Parij bitimi va Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida iqlimni muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mamlakatlar qayta tiklanuvchi energiyaning katta zaxiralariga ega bo‘lib, global energetik o‘zgarishlarga salmoqli hissa qo‘shishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan prezident bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning muhim jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

"Yashil" energetikani jadal rivojlantirish bo‘yicha katta dastur qabul qilingan. Mamlakatda har yili 2 gigavattga yaqin quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yil oxirigacha tarmoqqa qo‘shimcha 2,6 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlari va 300 megavattli energiya saqlash tizimlari ulanadi.

2030 yilga kelib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40 foizga yetkazish, shuningdek, 4,2 gigavattlik energiya saqlash tizimlarini yaratish rejalashtirilgan.

Ishga tushirilayotgan loyihaning iqtisodiy samarasini barcha ishtirokchilar his etishiga ishonch bildirildi.

O‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi, energetika infratuzilmasi rivojlanadi, texnologik va ishbilarmonlik aloqalari kengayadi. Eng muhimi, aholi turmush darajasi oshadi.

Loyihani amalga oshirishni jadallashtirish, jumladan, qo‘shma korxona tashkil etish, texnik hujjatlarni ishlab chiqish va kelishish va boshqa tartib-taomillarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Yakunda davlat rahbari O‘zbekistonning ushbu mintaqaviy loyihani birgalikda amalga oshirishga intilishi qat’iy ekanini tasdiqladi.

Mavzuga oid