20:19 / 17.06.2022
12886

“Sizlarga kuch, umid berish uchun keldim” - Prezident yana bolalar onkogematologiyasi markaziga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi qurilgan Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziga borib, shifokorlar, ota-onalar va bemor bolalar bilan suhbatlashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident bu muassasaning eski binosini o‘tgan yili 14 mayda borib ko‘rgan edi. U paytda shifoxona Respublika gematologiya markazi bo‘lib, kattalarga ham, bolalarga ham bir joyda xizmat ko‘rsatilardi. Dori ta’minoti yetarli bo‘lmagani, ximiya terapiya usullari yo‘lga qo‘yilmagani sababli davolanish samaradorligi 30 foizdan oshmasdi, deyiladi rasmiy xabarda.

Binodagi sharoitlar ham achinarli edi. Bir xonada 3-4 bemor yotar, sanitar xonalar umumiy edi. Ovqat uchun har bir bemorga kuniga 11 ming so‘m ajratilgan xolos. Laborator tahlillarning yarmi xususiy klinikalarda o‘tkazilardi.

Shundan so‘ng, bu yerda ko‘rilganlar, ota-onalar va mutaxassislar bilan muloqotlar asosida, Prezidentimiz 2021 yil 27 may kuni “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Unga muvofiq, bolalar gematologiyasi va onkologiyasi sohasi kattalar shifoxonasidan ajratilib, alohida markazga aylantirildi. Bu muassasa uchun Toshkent shahri Chilonzor tumani Arnasoy ko‘chasida qurilgan yangi bino berildi va joriy yil yanvardan ish boshladi.

Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.

Yangi markazda o‘rinlar soni oldingi 85 tadan 160 taga yetkazilgan. Bemor bola va uning ota-onasi uchun alohida shart-sharoitlar yaratilgan.

Bugungi kunda 101 nafar bola davolanmoqda. 130 dan ortiq shifokor, jumladan, 38 nafar ilmiy xodim va yuzlab hamshiralar ularni parvarishlamoqda.

Bolalar onkogematologiyasi, gematologiya, onkologiya, reanimatsiya, gemodializ va plazmoferez bo‘limlari, statsionar va maslahat poliklinikasi zamonaviy jihozlangan. Bu yil avvalgilariga qo‘shimcha 14 turdagi asbob-uskuna keltirib o‘rnatildi.

Dori vositalari bilan ta’minlash darajasi ham oshirildi. Masalan, 2016 yilda buning uchun 2 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, hozir bu miqdor qariyb 60 baravar oshirilib, 170 milliard so‘mga yetdi. 91 turdagi onkogematologik dori vositalari davlat hisobidan bepul berilmoqda.

Chet ellik konsultantlar jalb etilib, davolash va diagnostika standartlari yangilandi. Jumladan, o‘zak xujayralari transplantatsiyasi soni oshdi.

Yana bir muhim jihati, molekulyar genetika, immunogistoximiya kabi murakkab tashxislar shu yerning o‘zida yo‘lga qo‘yildi. Ilgari buning uchun namunalar Hindiston, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarga tekshirish uchun yuborilar edi.

Bolalarning davolanishi bilan birga ta’lim-tarbiyasi ham e’tiborda. Bu yerda “Zamin” fondi tomonidan 40 o‘rinli maktab va 30 o‘rinli bog‘cha tashkil etilgan. “Mehrli maktab” va “Ilk qadam” nomli ushbu go‘shalarda bolalar bilim olib, qiziqarli mashg‘ulotlarni o‘rganmoqda.

Prezidentimiz markazda davolanayotgan bolalar va ularning onalariga dalda berdi.

“Yoningizga yana kelishdan maqsadim – sizlarga kuch berish, umidni ikki karra ko‘paytirish. Bu hammamizga sinov. Biz davlat bo‘lib, aqlimizni, kuchimizni ishga solib, bu kasalliklarni yengishimiz kerak. Ota-onalarga ko‘mak berib, bolalarning dardiga malham bo‘lib, ularni sog‘aytirishimiz zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bolalarning orzu-istaklarini qo‘llab-quvvatladi, tezroq sog‘ayib, yaxshi o‘qishlarini tiladi.

Shu yerda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini kengaytirish rejalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, gemapoetik o‘zak xujayralarini allogen va autologik transplantatsiya qilish uchun 2 ta aseptik bino, hududlardan uzoq muddatga keladiganlar uchun 200 o‘rinli xostel barpo etiladi. Yil yakunigacha markazga yana 67 turdagi jihozlar keltiriladi.

“Bu soha yurtimizda yangi tizim. Endi uni hududiy shifoxonalardagi shunday bo‘limlar bilan bog‘lab, kasalliklarni erta aniqlash zarur. Quyi pog‘onada skriningni kengaytirib, «kasallikdan oldin yurish» kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ushbu markaz negizida ilmni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

“Binoda sharoit bor, muvaffaqiyat yo‘q. Muvaffaqiyat ilmda! Shuning uchun bu yer kasallik omillaridan tortib, samarali davolash uslublarigacha o‘rganish bo‘yicha ilmiy markaz bo‘lishi kerak. Viloyatlardagi tibbiyot xodimlari kelib, malaka oshirsin”, – dedi davlat rahbari.

Bu soha yuksak rivojlangan Germaniya tajribasi asosida davolash protokolini yangilash, mutaxassislar jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Top