O‘zbekiston | 20:54 / 05.06.2024
6826
6 daqiqa o‘qiladi

“Dalillarga asoslangan harakat” – O‘zbekistonda ilk marta bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha xalqaro kongress o‘tkazilmoqda

O‘zbekistonda yiliga 26 mingdan ziyod odamda xavfli o‘sma kasalligi aniqlansa, buning 3,5 foizi bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunday bolalarning saratondan omon qolish ko‘rsatkichini 60 foizga yetkazish, saratonni erta bosqichda aniqlashni 65 foizga yetkazish maqsad qilingan. 

Ziroat Mirziyoyeva

Toshkentda 5-7 iyun kunlari “Dalillarga asoslangan harakat” mavzusidagi bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha I xalqaro kongress o‘tkazilmoqda.

Kongress Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan JSST, Xalqaro bolalar onkologiyasi jamiyati, Yevropa onkologiya maktabi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Kongress 300 dan ziyod ishtirokchi, shu jumladan JSST, Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati, Yevropa onkologlar maktabi, xorijiy universitet klinikalari va yetakchi tibbiyot markazlari rahbarlari, xalqaro va milliy ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini to‘pladi.

Kongressda qatnashgan Zamin fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva o‘z nutqida "bu yerga biz yagona maqsadni ko‘zlab, o‘g‘il-qizlarimizning hayotiga zomin bo‘layotgan eng og‘ir kasalliklardan birini yengish uchun yig‘ildik. Har bir bola yashashga haqlidir. Bolalar kelajakda sog‘lom bo‘lishi, to‘laqonli hayot kechirishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish bizning burchimizdir", deb ta’kidladi.

Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi tibbiyotning eng murakkab sohalaridan biridir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili 0-19 yoshgacha bo‘lgan 400 ming nafarga yaqin bolalar va o‘smirlar saraton kasalligiga chalinadi.

“JSST xalqaro miqyosda tibbiyotga oid meyor va standartlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kongress doirasida O‘zbekistonga bolalar onkologiyasi va gemotologiyasiga oid eng yaxshi amaliyot, ko‘rsatmalar taqdim qilinmoqda.

G‘arb davlatlarida bolalarning saratondan tuzalish ko‘rsatkichi 80 foizni tashkil qiladi. Ya’ni saratonga chalingan bolalarning 80 foizi yashashda davom etadi. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 40 foizga yaqinni tashkil qiladi. Biz bu ko‘rsatkichni o‘zimizda allaqachon mavjud bo‘lgan vositalar bilan oshira olamiz.  

Albatta, saratondan omon qolish ko‘rsatkichi birdaniga oshib qolmaydi. Bu uzoq muddat davomida sodir bo‘ladigan jarayon va sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlar bilan birga amalga oshadi.

Lekin fikrimcha, eng asosiy o‘zgarish odamlarning turmush tarzida bo‘lishi kerak. Bu avlodlar almashinuvi darajasidagi vaqtni olishi mumkin.

Lekin eng yaxshi tarafi buni amalga oshirish uchun yuqori darajada siyosiy qiziqishning borligidir. Yuqori darajadagi siyosatchilarning bu mavzuga qiziqishi, ularning majburiyati borligi o‘ylangan rejalarni amalga oshirish imkonini beradi”, dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakili Asheena Khalakdina Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Kongressda ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 2030 yilgacha onkologik kasalliklarga chalingan bolalarning omon qolish darajasini 60 foizga oshirish, saratonni erta davrda aniqlash ko‘rsatkichini 65 foizga yetkazish, bu kasallikka chalinadigan har 10 boladan 6 nafarining yorug‘ olamni tark etmasliklariga erishish maqsad qilingan.

“Respublikada bir yilda 26 mingdan ziyod odamda xavfli o‘sma kasalligi aniqlansa, o‘rta hisobda buning 3,5 foizi bolalar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Bolalarda xavli o‘sma kasalliklari ba’zi jihatdan kattalarnikidan farq qiladi. Kongressda bolalar o‘sma kasalliklarining o‘ziga xosliklari va uni davolash bo‘yicha sohadagi kuchli mutaxassislar bilan tajriba almashib, ular ishlatayotgan zamonaviy davo choralari haqida o‘rganish maqsad qilingan”, deb ma’lumot berdi kongressda qatnashayotgan Respublika bolalar gemotologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar jarrohi Tojiddin Mustafoyev.

Jurnalistlar bilan suhbatda Turkiyadan kelgan professor, bolalar onko-gemotologiyasi sohasi mutaxassisi Muso Karakukchu Turkiyadagi bolalar saratonini davolash bo‘yicha tajribasini o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan bo‘lishish maqsadida ekanini aytdi.

“2004/2005 yillarda, men ilk assistentlik ishimni boshlagan davrda saraton bilan og‘rigan bolalarning omon qolish ko‘rsatkichi 30 foiz edi. Suyak iligi transplatatsiyasi amaliyoti boshlangach bu ko‘rsatkich 90 foizga chiqdi.

Saratonni davolash bo‘yicha har kuni yangi metodlar fanga kirib kelmoqda. Masalan, hozirgi kunda gen bilan bog‘liq davolash usullari ommalashyapti. Umid qilamizki, yaqin kelajakda kimyo-terapiya muolajalaridan butunlay voz kechiladi”, dedi Muso Karakukchu.

Kongressda ma’lumot berilishicha, Jizzax, Surxondaryo va Qoraqalpog‘iston respublikasida onko-gemotologiya sohasida kadrlarning kuchli yetishmovchiligi mavjud. Aynan mutaxassislar yetishmovchiligining oldini olish uchun sohada kadrlar sonini oshirish, o‘zbekistonlik mutaxassislarni xorijdagi nufuzli tibbiy markazlarda malaka oshirishini ta’minlash reja qilingan.

Bo‘lib o‘tayotgan kongress natijasi sifatida esa bolalar onkologik va gematologik kasalliklarini samarali davolashni ta’minlash uchun uning “Harakatga rag‘bat” jamoaviy deklaratsiyasi qabul qilinishi va tarqatilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid