14:53 / 23.06.2022
31877

Afg‘oniston taassurotlari: Pokistondan yuk olib kelgan haydovchilar bilan suhbat

Shu vaqtgacha “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” yo‘nalishida yuklarni faqat pokistonlik haydovchilar tashiyotgan edi. Ilk marta bu marshrut bo‘ylab o‘zbeklar ham yuklarni olib o‘tishdi. Endilikda bu jarayon uzluksiz davom etishi kutilmoqda. Kun.uz yuk mashinasida Toshkentdan Karachiga borib mol olib kelgan vatandosh haydovchilar bilan suhbatlashdi.

Ular “Toshkent – Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar – Karachi” yo‘nalishi bo‘ylab bosib o‘tilgan yo‘ldagi hadik, charchoqlar va qiziqarli voqealar haqida so‘zlab berishdi.

Suhbatdoshlarimiz Dilmurod Normatov va Oybek Begmatov – uzoq yillik tajribaga ega, yuk mashinasi rulida minglab kilometr masofalarni bosib o‘tgan xalqaro haydovchilardir. Ular ilk safarlarida Pokistondan go‘sht olib kelishdi.

“Teskari dunyoga tushib qolgandek bo‘ldik”

Dilmurod Normatov:

— 1992 yildan beri yuk tashish sohasidaman. Pokistonga borib, yukni olib kelish taklifi logistik kompaniyamizning rahbaridan chiqdi. Rahbarimiz ham kapitan Kusto bor-ku, o‘shanga o‘xshagan odam, sayohatni juda yaxshi ko‘radi. “Ketdik, o‘sha yerlar (Afg‘oniston, Pokiston)ni bir ko‘rib kelaylik”, dedi.

Yo‘lni bilmaganingizdan keyin, qisqa bo‘lsa ham uzoq bo‘lib tuyulaveradi-da. Yurmaganmiz, birinchi marotaba. Afg‘onistonda rivojlanish oqsagan-da endi, urush ko‘p bo‘lgan u yerlarda, shuning uchun u yerdagi xalqni tushunsa bo‘ladi, hamma ko‘p narsalardan qo‘rqadi. Talafot bo‘lgan ko‘p joylari bor, biz shu yoshga kirib, bu narsalarni kinolarda ko‘rganmiz-da. Lekin tirik ko‘rmaganmiz. Haqiqiysini ko‘rsangiz, boshqacha bo‘ladi.

Chegaradan o‘tganda bizga g‘alati ko‘rindi. Umuman, bizning davlatda, boshqa tomonlarda harbiy kiyimni kiygan yoki formasi bor odamlar qurol ko‘tarib yursa, biz bilamiz, bu – chegarachi, harbiy odam. Qurol uniki. Endi u yerga o‘tganidan keyin, hamma o‘zining kiyimida, xuddi men kiyib yurgan oddiy kiyimda ko‘chada avtomat bilan yuribman, hammaga g‘alati ko‘rinadi, bu jinni yoki terrorist deyishadi. Lekin o‘rganib ketdik bunga ham.

Men o‘zimning fikrim, teskari dunyoga tushib qoldik-da biz.

“GAI” yo‘q, qonun-qoida yo‘q”

Oybek Begmatov:

— Belarusda yuk ortib turgan vaqtim, logist qizimiz qo‘ng‘iroq qilib: “Pokistondan Afg‘oniston orqali go‘sht tashimoqchimiz, shu Afg‘onistonga borasanmi?” deb so‘radi. Men aytdim: “U yerga odam borganmikan, o‘tganmikan? Agar o‘tmagan bo‘lsa, men bormayman”, dedim. Bormayman deganlarning birinchisi menman. Biz 4-5 nafar haydovchimiz, sherigim ham bormayman dedi boshida.

Belarusdan qaytganimizdan keyin u yerga qatnovlarimiz to‘xtadi. Ishlamay o‘tirgan bilan hech qanday ish bitmaydi. Ishlash kerak. Xo‘jayinimiz bundan keyin yana shu taklifni aytgan edi, “o‘zingiz birga borsangiz, boraman”, deb aytdim.

Xo‘jayin birga boradigan bo‘lganidan keyin, o‘zi ham ko‘rdi borganida, qiyinchilik baribir bo‘ladi. Rossiyaga borganda ham bo‘ladi, Belarusga borganda ham. Umuman, haydovchilikning ham o‘ziga yarasha mashaqqati bor, har bir ishda bo‘lgani kabi.

Afg‘onistonda xizmat qilib kelgan odamlardan so‘rasangiz ham, ular Afg‘oniston qanday ekanini aytishmaydi. O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmaguningizcha, bilib ololmaysiz. Sharoiti og‘ir. Toliblar ekan, “to‘xta” deganida to‘xtamasangiz, bo‘lmaydi. Bu – tez aynidigan yuk, unday narsani tushunmaydi.

Qonun-qoida yo‘q Afg‘onistonda, umuman yo‘q. “GAI” yo‘q, “GAI” bo‘lmaganidan keyin qanday bo‘lsin qonun-qoida. Qiyin…

“O‘zbekistonning bir hovuch tuprog‘ini bermayman...”

Dilmurod Normatov:

Afg‘onistonning O‘zbekistonga yaqin joylari nisbatan yaxshi. Uzoqlashganingiz sari o‘zgarib ketaveradi. Ko‘chalariga axlat tashlagan va hokazo. O‘zbekistonning bir hovuch tuprog‘ini bermayman lekin, “berib tur” desa ham bermayman... Ochiqdan ochiq “s’yomka” qilish mumkin emas, bir odamni rasmga olish mumkin emas. Ular qattiq qarashadi bu narsalarga. Pokistonda esa bemalol. Telefonni sal burchakka qo‘yib, o‘zimiz uchun esdalikka olamiz baribir. Iloji yo‘q: tanishlarimiz so‘raydi: “Bording, ko‘rsat bizga ham. YouTube'dagilar to‘g‘rimi?” Deyarli bir xil to‘g‘ri.

Keyin bir narsasi yoqdi, Afg‘oniston dovoniga chiqqanda, katta yuk mashinalari kolonna bo‘lib ketamiz-da. Orada haligi bir betayinlar chiqib qoladi, o‘tmoqchi bo‘lgan. Toliblar shularni to‘xtatib, urib jazolar ekan. Shu yeriga men besh ketdim. Boshqa bu ishni qilmaydi u. Biz ham ko‘rdik, biz ham qilmaymiz.

Mozori-Sharifdan Kobulning yo‘liga ketishda oziq-ovqat juda ham ko‘p o‘tar ekan-da. Oziq-ovqat, ko‘mir, qurilish materiallari. U tarafga ikki kunda ochiq bo‘lishi uchun ruxsat berilar ekan, qaytishga esa bir kunga ruxsat. Shu turib qoldik, 2 kun tog‘da kutdik. Yeb-ichishimiz, oziq-ovqatimiz bor edi, shuni pishirib yeb o‘tirdik.

Tunda mashinada uxlaymiz, baribir ko‘p uxlamaymiz, kun botishi bilan tong sahardan yana yuramiz. Chunki biz buyoqdan chiqishimizda Afg‘oniston elchixonasi ogohlantirdi: “Kechasi yurmanglar, ishonib bo‘lmaydi” deydi. Hali ham jinnilari bor deyishadi.

Lekin o‘zbeklariga nisbatan hurmati yaxshi. O‘zim shu narsani bildim. O‘zbekistondanmiz desak, o‘tkazib yuborishadi. Pokistonda ham xuddi shunday, Afg‘onistondan Pokistonga o‘tganimizda pokistonlik chegarachilar o‘zbekligimizni bilib kulib kutib oldi.

Haydovchilarning to‘liq hikoyasi bilan videoda tanishing.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.

Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid
Top