Özbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar taşabbusi, 2021 yilning oxirlarida Prezident Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi. Şu ötgan davr içida, 1992 yil dekabrida qabul qilingan Özbekiston Konstitutsiyasi, ma’nan ança eskirganligi köp marta aytildi. Haqiqatda, Özbekistonning joriy Konstitutsiyasi konseptual özgarişlarga muhtoj ekanligini köp yillardan beri ta’kidlab kelaman. 

Ayni paytda, Özbekistonda boşlangan joriy konstitutsiyaviy islohotlar, davlatning va jamiyatning ehtiyojlari örtasidagi kompromiss bölişi ehtimoli yuqori. Jamiyat uçun huquqiy-demokratik davlatçilikka tezlaştirilgan kursda ötib boriş ğoyasi, tabiiyki, jozibador. Lekin davlatning ham ma’lum siyosiy va geosiyosiy xavotirlari hamda hali yeçimi şakllanib ulgurmagan vazifalari borki, oliy hokimiyatning markaziy motivlaridan biri – siyosiy maydondagi vaziyatni barqarorlaştiriş bölişi mumkin. 

Uşbu tahliliy dokladda, köproq davlatning içki qaraşlari, ehtiyojlari, xavotirlarini tahlil qilişga harakat qilinadi. Tahlilning asosiy maqsadi – hokimiyatning içki motivlarini tuşuniş hisoblanadi. Jumladan, Özbekiston vatandoşlik jamiyatiga ham ma’lum tavsiyalar işlab çiqişga harakat qilinadi. 

Eskirgan Konstitutsiya va konstitutsiyaviy islohotlar zarurati

1.1. Özbekistonning joriy Konstitutsiyasi 1992 yilda qabul qilingan bölib, öşa davrdagi ança sodda siyosiy va huquqiy qaraşlarni rasmiylaştirgan edi. Bugungi kunga kelib, joriy Konstitutsiya allaqaçon jiddiy islohotlarga muhtoj edi. Unda qadriyatlar bölimi mexanizmlar joriy qiliş darajasiga bormagan. Qolaversa, davlat institutlari va ular örtasidagi vakolatlar muvozanati borasida ham, jiddiy nomutanosibliklar yaqqol közga taşlanib turadi. 

1.2. Özbekiston Konstitutsiyasi konseptual islohotlarga muhtoj. Konseptual deganda, avvalambor, Boş Qonunning ruhiyati, ohangi jiddiy özgarişi, qadriyatlar çuqur va keng ta’kidlanişi lozim. Ya’ni, konstitutsion qadriyatlar ijtimoiy fikrda çuqur muhrlaniş darajasiga yetib borişi kerak. Davlat institutlari va ular örtasidagi vakolatlar esa, jiddiy bir şaklda qayta körib çiqilişi maqsadga muvofiq bölardi. 

1.3.  Özbekistonliklar ijtimoiy fikrida bir qaraş borki, unga köra «Konstitutsiya imkon qadar zamonlar va makonlar oşa universal bölişi kerak» deyiladi. Aslida, davlatlarning konstitutsiyalari özgarib, takomillaştirilib turişi – davlatlar tajribasida normal holat hisoblanadi. Ba’zi demokratik davlatlarda haliga qadar konstitutsiyalar mavjud emas. Boşqalarida esa, köplab öta muhim huquqiy-siyosiy jarayonlar konstitutsiya bölimlari va moddalari bilan emas, qonunlar va boşqa huquqiy aktlar bilan tartibga solinadi. Şuning uçun ham, asosiy masala, bu konstitutsiyalarning qançalik tez özgarişi emas, özgarişlarning mazmun-mohiyati hisoblanadi.