O‘zbekiston | 10:36 / 08.11.2023
8812
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ayrim mansabdorlarning Senat tomonidan saylanishi tartibi belgilandi

Sudyalar oliy kengashi raisi va a’zolarini, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini hamda Raqobat qo‘mitasi raisini prezident taqdimiga binoan Senat tomonidan saylash tartibi belgilandi.

Foto: Kun.uz

Prezident farmoni bilan ayrim qonunchilik hujjatlarini yangi tahrirdagi konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Sudyalar oliy kengashi raisi va a’zolarini, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorini hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisini prezidentning taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan saylash tartibi belgilandi.

Yangi tahrirdagi konstitutsiyadagi davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar qonun bilan belgilanishiga oid talabdan kelib chiqib, qonunosti hujjatlardagi bunday cheklovlar bekor qilinadi.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olinadi.

Vazirliklar, Bosh prokuratura va Oliy sud 2024 yil 1 yanvargacha o‘zlariga biriktirilgan soha va tarmoqlar kesimida qonunosti hujjatlarni yangi tahrirdagi konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha Adliya vazirligiga taklif kiritadi. 

Bunda, quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi:

mulk huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini ta’minlash, shu jumladan, mulkdor o‘z mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi haqidagi konstitutsiyaviy normadan kelib chiqib, ushbu masalalarni faqat qonunlar bilan belgilash;

insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq cheklanishi mumkinligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy talab asosida barcha qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;

davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normadan kelib chiqib, qonunosti hujjatlaridagi huquqiy ta’sir choralarini qayta ko‘rib chiqish;

uy-joy daxlsizligi huquqini ta’minlash, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligiga oid konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqib, qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish;

O‘zbekiston hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normaga muvofiq qonunosti hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish.

Mavzuga oid