Butun mamlakat bo‘ylab kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda, ularda jinoyat sodir etganlikda gumonlangan o‘nlab odamlar qo‘lga olindi. Ushlanganlarning aksariyati aholi orasida "ko‘cha" odami sifatida tanilgan shaxslar. Xo‘sh, kriminal “ko‘cha” o‘zi qanday paydo bo‘lgan, u hokimiyat va jamiyatga qanday ta’sir o‘tkazyapti? Kun.uz bu reydlar va ularning ahamiyati haqida siyosatshunoslar Hamid Sodiq, Kamoliddin Rabbimov va huquq faoli Abdurahmon Tashanov bilan suhbatlashdi. 

— Keling hozirgi vaqtda jinoyatchilik olamining kurashi haqida gapirishdan oldin O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida 80-90-yillarda paydo bo‘lgan mafiyaga to‘xtalsak, u qanday va nima sababdan shakllangan edi?

Abdurahmon Tashanov:

— Har bir hokimiyat tadrijiy missiyasini o‘tab bo‘lgach, almashish davrida muayyan darajada zaiflashadi, shu ma’noda Sovet ittifoqi ham 80 yillarda kuchsizlanayotgandi. Hokimiyat kuchsizlandi, so‘z erkinligi kirib keldi, boshqa erkinliklar ham paydo bo‘ldi. Yerni sug‘orsa, birinchi begona o‘tlar o‘sgandek, erkinlik berilganda ham birinchi bo‘lib salbiy tomonlar yuzaga chiqadi. 80-90 yillar boshida ham shunday vaziyat yuzaga kelgan edi.

O‘zbekistonda o‘sha paytda juda katta kriminogen omil yuzaga keldi. O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov juda qat’iy pozitsiya ko‘rsatgan bu borada, qattiq kurashlar olib borgan. O‘sha paytda chiqqanlarning ba’zilari yo‘q bo‘lib, ba’zilari yurgan edi bemalol. Ikkinchi ma’muriyat davridagi ba’zi erkinliklar fonida bunday guruhlar, shaxslar ham rivojlandi. Va hal qilish kerak bo‘lgan vaziyat yuzaga kelgan edi. O‘zbekiston hukumati bu ishlarni allaqachon boshlashi kerak edi, ammo hechdan ko‘ra kech yaxshi, albatta.

Kamoliddin Rabbimov:

— Sovet ittifoqi qulashi davlat zaiflashishi va jamiyatda vakuum paydo bo‘lishi oqibatida bo‘ldi. Jamiyatda bo‘shliq qolib ketmasligi kerak. O‘zbek jamiyatida huquqiy davlatchilik tajribasi kuchli emas, buni bilamiz. Sovet ittifoqi davrida ham, birinchi ma’muriyat paytida ham huquqiy davlatchilik yaxshi shakllanmagan. Shu fonda jamiyatning moyilliklari bo‘ladi. O‘zbekiston jamiyatida davlatga bo‘lgan munosabat ijobiy fenomenga aylangani yo‘q hali, chunki sovet davridagi totalitarizm, keyingi avtoritarizm oqibatida insonlar o‘z manfaatini davlat bilan kurashib olishi kerak, degan tafakkur shakllanib qolgan. Shu fonda davlat kuchiga muqobil tarzda mafiya, ko‘cha odamlari ko‘riladi.