Qonun loyihasi – xalq bilan muloqot maydonidir
Har qanday loyiha bu muhokamalar, munozaralar, jiddiy fikr almashinuviga imkon beruvchi maydondir. Jumladan, qonstitutsiyaviy qonun loyihasi ham xalq muhokamasidan o‘tuvchi asosiy hujjatdir. Hozirda uni muhokama qilish muddati uzaytirildi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizni takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etadi.
Bu jarayon “inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyaning amalda qaror topishi hamda “Xalq – Konstitutsiyaning birdan-bir manbai va muallifi”, degan prinsipiga qaratilgani oydek ravshan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni Nukus shahriga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda “Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan, xolos”, deb alohida ta’kidlab o‘tdi. Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos etnik, madaniy xususiyatlari, milliy urf-odat va qadriyatlari, alohida huquqiy maqomini e’tiborga olib, loyihadagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid normalarni o‘zgartirishsiz qoldirish zarurligi ta’kidlandi. Ya’ni Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirildi.
Tan olamizki, iyul oyining ilk kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi voqealarni har bir o‘zbekistonlik o‘z dardidek qalban his qilib, xavotir bilan qabul qildi. Ijtimoiy tarmoqlardagi turli-tuman soxta axborotlarni ko‘rib, ularning bari O‘zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarishga qaratilganini anglash qiyin emas edi. Ayrim g‘arazli kuchlar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlagani, oqibatda tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar borligi achinarli va og‘ir holat.
Bularning boshida turganlarning maqsadi jamiyatni parokanda qilish, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatiga bo‘lgan ishonchni susaytirish hamda yo‘ldan og‘dirishdan o‘zga narsa emas.
Oxirgi yillarda Qoraqalpog‘istonda havas qiladigan ulkan amaliy islohotlar amalga oshirildi. Birgina 2020 yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshdi. So‘nggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta o‘sdi. Bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 32 foizdan 75 foizga yetdi. Bunday yutuqlarga do‘stlar, albatta, hasad emas, balki havas qiladi.
Dardimiz bir bo‘lgan Orol muammosi haqida ham bir so‘z aytsak. Uni himoya qilish va tiklash, hududni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ham faol ish olib borilmoqda.
Xususan, bir paytlar nochor ahvolga tushib qolgan Mo‘ynoq bugun butunlay yangicha qiyofa kasb etib, jadal rivojlanib borayotgan zamonaviy tumanlardan biriga aylandi.
Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Ushbu hududning o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash bo‘yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda.
Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Yuksak marralarga erishish uchun ikki qardosh millat yelkani yelkaga qo‘yib birgalikda harakat qilishi kerak.
Ishonch bilan aytish kerakki, har bir o‘zbekistonlik uchun Qoraqalpog‘iston taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri va hayoti, qoraqalpoq xalqining farovonligi – bu butun o‘zbek xalqining farovonligidir.
Bizning dasturxonimiz to‘kinligi ham, yorqin kelajagimiz ham birligimizda. Darhaqiqat, iyul boshidagi Nukus voqealari hammani yanada ogoh va sezgir bo‘lishga va kerakli xulosalar qilishga chaqiradi. Avvalo, yoshlarimizning mafkuraviy immunitetini mustahkamlab, sog‘lom va teran aql-idrok, mustahkam iroda va tafakkur bilan barcha tahdid va xavf-xatarlariga munosib javob berishda birga harakat qilish muhimdir.
Bugun Qoraqalpog‘iston hududida favqulodda holat e’lon qilinar ekan, bundan asosiy maqsad – yurtimizda tinchlik, osoyishtalik va hamjihatlikni saqlash.
F.X.Usarova,
O‘zR Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha
Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori v.b., siyosiy fanlar nomzodi, dotsent.
Mavzuga oid
16:03 / 07.10.2022
Senator amaldagi Konstitutsiyada bor normani yangi Konstitutsiya loyihasiga kiritishni taklif qildi
11:05 / 07.10.2022
«Xalqchil Konstitutsiyani yaratish uchun shoshilmaslik kerak» – Shavkat Mirziyoyev
15:57 / 03.10.2022
Jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik javobgarlikka sabab bo‘lishi Konstitutsiyaga kiritilmoqda
19:06 / 20.09.2022