O‘zbekiston | 19:11 / 10.07.2022
16743
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qabul muddati uzaytiriladi – OTV

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Qoraqalpog‘istondagi internet muammosi tufayli qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qabul uzaytirilishini ma’lum qildi. Vazirlik qabul muddatiga aniqlik kiritmagan.

Foto: KUN.UZ

Vazirlik hozirda Qoraqalpog‘iston hududida internet tizimida ayrim texnik nosozliklar tufayli hujjatlarni onlayn topshirishda uzilishlar kuzatilayotgani sababli, qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar uchun qabul uzaytirilishini ma’lum qildi.

«Bu jarayon hukumat tomonidan to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, hozirda hujjat topshirishga ulgura olmagan qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish muddati uzaytirilishi kutilmoqda.

Ushbu masala tez orada ijobiy yechimini topadi va bu haqidagi ma’lumot qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga (Beeline, Uzmobile, Ucell, UMS, Perfectum mobile) SMS xabar tarzida, shuningdek, hududiy telekanallar orqali yetkaziladi», deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumot uchun, bugun, 10 iyul – OTMning chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari hamda akademik litseylarga qabulning so‘nggi kuni hisoblanadi.

2022/2023 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalari hamda kasb-hunar maktablariga onlayn hujjat topshirish jarayonlari 20 iyul kuniga qadar davom etadi.

Avvalroq, Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov Kun.uz’ga bergan intervyusida qoraqalpog‘istonlik abituriyentlar qabuldan qolib ketmasligi va teng imkoniyat berilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid