Chorshanba kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Ukraina, Rossiya va Turkiya delegatsiyalari, shuningdek BMT vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi, tomonlar Ukraina g‘allasi dengiz orqali eksport qilinishi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha kelishib olishmoqchi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bir hafta ichida ushbu masalada yakuniy kelishuvga erishilishiga umid bildirgan.

Hozirda Ukraina bug‘doy hosilini Dunay portlari va quruqlik orqali olib chiqmoqda, ammo bu kanallardagi ulush urushgacha bo‘lgan hajmning kichikkina qismini tashkil etadi. 24 fevral kungi bosqindan keyin Qora dengizdagi ukrain portlari, xususan, Odessa va Mikolayivdagi portlar bloklanib qolgan, Azov dengizidagi portlar (Mariupol va Berdyansk) esa Rossiya tomonidan egallab olingan. G‘arb ekspertlari baholashicha, Odessa va uning atrofidagi hududlarda 20 mln tonna atrofidagi bug‘doy to‘planib qolgan.

Ayni vaqtda Ukraina bug‘doyi eksporti (qisman Rossiyaniki ham) keskin qisqarishi ko‘plab badavlat bo‘lmagan davlatlarda oziq-ovqat inqirozini yuzaga keltirishi xavfi tug‘ilgan.

Istanbuldagi uchrashuv natijasi bo‘yicha tomonlar turli darajadagi noaniqlik bilan turli prognozlar berishdi. Shaxsi sir qolishi sharti bilan BBC muxbiriga intervyu bergan g‘arblik amaldorlar muzokaralar «ishbilarmonlik ruhida» o‘tgani, ammo qarorni 19 iyuldan oldin kutmaslik kerakligini aytgan. O‘sha kuni Tehronda rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putinning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvi o‘tkaziladi. Ushbu manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an dushanba kuni o‘tkazilgan telefon muloqotida Putinning eksportni ochib yuborishga roziligini olishga umid qilgandi, ammo aftidan Putin bu qarorni o‘zi qabul qilib, bu haqda o‘zi e’lon qilmoqchi bo‘lmoqda.

Bu versiyani BMT bosh kotibining bayonoti ham bevosita tasdiqlaydi, muzokaralardan keyin u tomonlar «muhim qadam tashlashgani», ammo hozircha kelishuvga erishilmaganini aytgandi. «Umid qilamizki, keyingi haftada biz yakuniy kelishuvga ega bo‘lamiz. Ammo, men oldin ham aytganimdek, barcha manfaatdor tomonlar sa’y-harakat ko‘rsatishi kerak», degan Guterrish.

Turklar mudofaa vaziri Xulusi Oqar keyingi haftada Turkiyada barcha delegatsiyalar ishtirokida yana uchrashuv o‘tkazilishi va konsensusga erishilsa, navbatdagi uchrashuv kelishuv imzolanishi bilan yakunlanishini aytdi. «Biz umid qilamizki, g‘alla va oziq-ovqat muammosi imkon qadar tez fursatda hal qilinadi. O‘ylaymizki, yakuniy kelishuvga keyingi haftada erishiladi», degan turklar mudofaa vazirligi rahbari.