Jahon | 19:15 / 15.07.2022
22012
10 daqiqa o‘qiladi

Minali maydon bo‘ylab. Bayden Yaqin Sharqqa muhim tashrifni amalga oshirmoqda: tashrifga katta umid bog‘langan

Jo Bayden AQSh prezidenti sifatida ilk bor Yaqin Sharqqa keldi. Chorshanba kuni u Isroilga qo‘ngandi, juma kuni esa Saudiya Arabistoniga uchadi, bu uning turnesidagi asosiy manzil bo‘ladi.

Foto: AFP

Jiddada Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Qatar, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarini birlashtirgan Fors ko‘rfazi davlatlari hamkorlik kengashi sammiti o‘tkaziladi. Unda Misr, Iroq va Iordaniya rahbarlari ham ishtirok etadi.

Hech bir mubolag‘asiz, Yaqin Sharqdan uzoqlardagi kuchlar taqsimoti Baydenning Ar-Riyod bilan muzokaralari natijasiga bog‘liq.

Ko‘plab ekspertlar fikricha, amerikaliklar prezidenti minali maydon bo‘ylab harakatlanishiga to‘g‘ri keladi: har qanday xato qadam tashlanishi xalqaro maydonda ham, mamlakat ichkarisida ham rezonans keltirib chiqaradi.

Bayden hokimiyatga kelgach, Yaqin Sharq Amerika tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari doirasidan chetga chiqdi. Ammo bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar Oq uy aniq shoshilganini ko‘rsatmoqda.

Ukrainadagi urush, rossiyaliklarning neft va gaz bilan shantaj qilishi, energiya narxlari oshishi, Rossiya va Eron o‘rtasidagi harbiy hamkorlik tug‘ilayotgani - Jo Baydenning Yaqin Sharqqa tashrifi shunday fonda amalga oshirilmoqda.

Taqdir hazilini qarangki, bu muammolarning bir qismini hal qilish uchun u Saudiya Arabistoniga yo‘l olishiga to‘g‘ri kelmoqda - bu mamlakat yaqinda xalqaro maydonda yakkalanib qolish xavfi ostida qolayotgandi.

Bayden murakkab vaziyatda

«Bayden, Saudiya rejimidan uzoqroq bo‘l». AQShdagi huquq faollari Jo Baydenni Ar-Riyod bilan aloqa qilishdan tiyilishga chaqirmoqda
NATHAN HOWARD/GETTY IMAGES

Bir tomonda Rossiya jahon neft va gaz bozorini ostin-ustun qilayotgan, ikkinchi tomonda Eron yadro qurolini yaratishga yaqin kelgan bir vaziyatda Ar-Riyod Baydenga suv va havodek zarurdir.

Resurslarga boy, qolaversa Tehron bilan dushman kayfiyatda bo‘lgan Saudiya Arabistoni Vashingtonga energetika va xavfsizlik sohasidagi vaziyatni barqarorlashtirishda katta yordam ko‘rsatishi mumkin, ammo u yerdagilar Bayden o‘z prezidentlik poygasida aytgan gaplarni unutishmagan.

U jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi uchun Ar-Riyodni jazolashga va’da bergan, Amerika razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu jinoyatga «qirollikdagi eng yuqori martabali shaxslar» aloqadorligini aytgandi.

Xususan, u mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini, ayniqsa mudofaa sohasidagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishni va’da qilgandi. Shuningdek o‘z partiyadoshlari va saylovchilarini ushbu mintaqada inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni tartibga keltirishiga ishontirgandi.

Endi esa Oq uy amerikaliklarni prezident ta’zim qilish uchun emas, keskin o‘zgarayotgan global vaziyatda G‘arb manfaatlarini himoya qilish uchun borayotganiga ishontirishga urinmoqda.

«Saudiya Arabistoni bo‘yicha siyosatimizning maqsadi - ushbu davlat bilan munosabatlarni buzish emas, qaytadan tuzish. Ma’muriyat ushbu yo‘nalishga sodiq bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi», dedi dushanba kuni Baydenning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan.

O‘z vatanida so‘l qanot bosimi ostida bo‘lgan Jo Bayden iyun oyidayoq Washington Post gazetasi uchun yozgan maqolasida inson huquqlari va erkinligi masalasida hech qachon chekinmasligiga ishontirgandi.

U AQSh Qoshiqchining qotilligi buyurtmachisi va dissidentlarni ta’qib etuvchi deb hisoblaydigan Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan yakkama-yakka uchrashmoqchi emasligini aytgandi.

«Men MBS (shahzodaning ismi-sharifi qisqartmasi) bilan uchrashmoqchi emasman, men u ham bo‘ladigan xalqaro uchrashuvga boraman», degandi Bayden o‘tgan oyda.

Ammo qo‘llab-quvvatlovini kutayotganing mamlakatning amaldagi hukmdori bilan bevosita aloqa qilmay turib ko‘p narsani hal qilish mumkinmi?

Ar-Riyoddan nima kutish mumkin?

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon o‘zini islohotchi va taraqqiyot tarafdori sifatida namoyon etadi.

U texnologiyalar rivojiga ko‘p e’tibor qaratadi va Saudiya Arabistoni iqtisodiyotini neftga qaramlikdan xalos etishni orzu qiladi.

Foto: Reuters

Ammo mamlakatdagi muxolifatning siquvga olinishi, ayrimlarni jismonan yo‘q qilishgacha borilishi borasidagi ayblovlar uning xalqaro maydondagi imijiga jiddiy putur yetkazadi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi vitse-prezidenti Jon Alterman uning uchun xalqaro imijini tiklash o‘ta muhim ekanini ta’kidlaydi.

«Mening fikrimcha, saudiyaliklar bu safar davomida prezidentni noqulay vaziyatga tushirib qo‘yishga urinishi ehtimoli nisbatan past, chunki bu ularning strategik maqsadlariga zarar yetkazadi. O‘ylaymanki, ularda hamkorlik uchun rag‘bat juda kuchli», degan Alterman.

Ammo Bayden bo‘shashmasligi kerak. Hatto sammit ishtirokchilarining umumiy fotosi ham, agar unda Muhammad bin Salmon ham bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlarda unga qimmatga tushishi mumkin.

AQSh prezidenti manfaati uchun Saudiya tomoni qay darajada noqulayliklardan qochishga tayyorligini faqat taxmin qilish mumkin.

Nozik Falastin masalasi

Foto: AFP

Yaqin Sharq iqlimiga moslashishni (har jihatdan) Bayden Isroildan boshladi. Bu uning ushbu mamlakatga o‘ninchi, AQSh prezidenti sifatidagi birinchi tashrifi bo‘ldi.

An’anaga ko‘ra, Isroil va Oq uy munosabatlari demokrat prezident davrida respublikachi prezident davridagiga qaraganda yomonroq bo‘ladi.

Bu yerda hamon Donald Tramp ikkinchi muddatga saylana olmaganidan afsuslanuvchilar topiladi.

Ammo hozirda ushbu mamlakatda yana siyosiy inqiroz yuzaga kelgan. Avvalboshdan yashovchan bo‘lmagan va faqatgina sobiq bosh vazir Binyamin Netanyahuni hokimiyatdan chetlatish uchungina tuzilgan koalitsiya bir yarim yil o‘tib parchalanib ketdi.

1 noyabr kuni mamlakatda so‘nggi to‘liqsiz to‘rt yil ichidagi beshinchi saylov bo‘lib o‘tadi.

Bayden uchun bu ideal palla bo‘lishi mumkin: Isroilda hokimiyat uchun kurashayotgan har bir siyosiy kuch o‘z hisobiga Vashington bilan kelishuvni yozib qo‘yishni istaydi.

Ayni vaqtda Bayden Eron va Rossiya bilan bog‘liq barcha masalalarda Isroilning qo‘llab-quvvatlovini kutmoqda.

Birinchi holatda, hech qanday ajablanishga o‘rin yo‘q - Isroil Eronni o‘z xavfsizligiga asosiy tahdid deb biladi va Eronga qarshi har qanday chaqiriqni qo‘llaydi.

Ammo Rossiya bilan bog‘liq vaziyatda Isroil nisbatan yumshoq pozitsiya tanlagan. Bu davlat G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilmagan va Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatmay kelmoqda.

Hozirda Isroilda Kiyevga qurol yetkazib berish masalasida muhokamalar ketmoqda, ehtimol, Baydenning tashrifi bu jarayonga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Isroil mudofaa vaziri Benni Gans (chapda) va bosh vazir Yair Lapid Jo Baydenga butun dunyoga ma’lum «Temir gumbaz» nomli o‘ziga xos havo hujumidan mudofaa tizimini namoyish etmoqda. Foto: GIL COHEN-MAGEN/AFP

Ko‘p narsa Baydenning Falastin-Isroil kelishuvi masalasidagi pozitsiyasiga bog‘liq.

Ben-Gurion aeroportidagi qutlov nutqida u darhol ikki qo‘shni davlatning totuvlikda yashashi g‘oyasiga sodiq qolishini ta’kidlab o‘tdi.

Shu bilan birga, ko‘pchilik bu muammo mavjudligi haqidagi yagona eslatma bo‘lganini qayd etmoqda. Nutqning qolgan qismi Isroil tarixi, uning Yaqin Sharqdagi roli hamda Isroil va AQSh o‘rtasidagi yaqin aloqalar haqida bo‘ldi.

Aksar falastinliklarning hisoblashicha, Jo Baydenning Falastin hududiga tashrifi - shunchaki ko‘zni shamg‘alat qilish ishorasi.

Ular u o‘zidan oldingi prezident Donald Trampning Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish haqidagi qarorini bekor qilmaganidan g‘azabda.

«Janob prezident, bu aparteid» - shunday yozuvli bannerlar Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi barcha joylarga o‘rnatilgan.
Foto: AHMAD GHARABLI/AFP

Bayden Falastin muxtoriyatiga Sharqiy Quddusdagi shifoxonalarga yordam sifatida 100 mln dollar olib kelgan. U Jiddada Fors ko‘rfazi bo‘yidagi davlatlardan ham Falastin sog‘liqni saqlash tizimi uchun yana shuncha mablag‘ ajratishni so‘rashi kutilmoqda.

Ammo, Saudiya Arabistonida o‘z maqsadlariga erishish uchun falastinliklar uchun yanada ko‘proq ish qilishi talab etiladi.

So‘nggi yillardagi ayrim o‘zgarishlarga qaramay, Ar-Riyod hamon Isroilni tan olmaydi va Falastin davlati tuzilishi g‘oyasini faol qo‘llab-quvvatlaydi.

Bugun Jo Bayden Isroildan Saudiya Arabistoniga (Tramp 2017 yilda teskari yo‘nalishda uchgandi - Saudiya Arabistonidan Isroilga) ilk bor to‘g‘ridan to‘g‘ri parvoz qiladi, bu yerda Vashingtonning Falastin kun tartibi alohida e’tiborda bo‘ladi.

Mavzuga oid