Jahon | 20:10 / 18.07.2022
29302
5 daqiqa o‘qiladi

Mariupolda asir tushgan yana bir britaniyalik namoyish etildi

Bu asirlikdaligi ma’lum bo‘lgan oltinchi britaniyalik. Bir necha kun oldin asirlikdagi britaniyaliklardan biri vafot etgan.

Foto: Georgian National Legion

Rossiyalik jurnalistlar Ukrainadagi urush vaqtida asirga tushgan yana bir britaniyalik Jon Harding aks etgan videoni namoyish etishdi. Videoda Harding britanlar bosh vaziri Boris Jonsonga yordam so‘rab murojaat qilgan va unga o‘lim jazosi tahdid solayotganini aytgan.

Dastlab Donetsk oblastida asirga tushgan britaniyaliklar Shon Pinner va Eyden Aslin (shuningdek marokashli Saadun Ibrohim) haqida ma’lum bo‘lgandi. Iyun oyi o‘rtalarida tan olinmagan «Donetsk xalq respublikasi sudi» ularni terrorizm va yollanma jangchi sifatida harbiy harakatlarda ishtirok etishda ayblab, o‘lim jazosiga hukm qilgandi.

Britaniya hukumati, asirlarning qarindoshlari va xalqaro huquq tashkilotlari bu odamlar Ukraina qurolli kuchlari safida turib jang qilishgani, ushbu mamlakatda bir necha yildan buyon yashab kelishgani hamda harbiy asirlar hisoblanishini aytib keladi. Shuning uchun ular xalqaro qonunchilik tomonidan asirlar uchun kafolatlangan barcha huquqlar va himoyaga ega bo‘lishi lozimligi ta’kidlanadi.

Bundan tashqari, iyul oyi boshida «DXR» yana ikki britaniyalikni - Dilan Hili va Endryu Hillni yollanma jangchilar sifatida ayblagandi. 22 yoshli Hili aprel oyida Zaporijjyadagi nazorat-o‘tkazish punktida harbiy harakatlar hududidan ukrain oilasini olib ketayotganida qo‘lga olingan. Ukrainaning urushdan aziyat chekkan aholisiga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi Presidium Network nodavlat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, u gumanitar faoliyat bilan shug‘ullangan va mahalliy aholiga ko‘ngilli sifatida yordam bergan. 35 yoshli Endryu Hillni ham o‘sha oyda Mikolayiv oblastida qo‘lga olishgan.

Hardingdan «intervyu»ni Birinchi kanal boshlovchisi Marina Kim olgan. Hardingning do‘stlari va yaqinlari BBC bilan suhbatda videodagi aynan u ekanini tasdiqlashgan, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi uning oilasi bilan bog‘langan.

Bu ma’lumotni Britaniya Forin-ofisidagilar ham tasdiqlashdi. «Biz qo‘lga olinganlardan siyosiy maqsadlarda foydalanilishini qoralaymiz va bu masalani Rossiya bilan muhokama qilamiz. Biz bu odamlar masalasida Ukraina rasmiylari bilan aloqadamiz va Ukrainaning ularni ozod etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz», deyiladi vazirlik xabarida.

Harding haqida nimalar ma’lum?

Harding - harbiy shifokor-paramedik, u 50 yoshdan oshgan, u Angliya shimolidagi port shahar - Sanderlendda tug‘ilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Harding may oyida Ukraina milliy gvardiyasi tarkibidagi «Azov» polki bilan asirga tushgan. O‘shanda Mariupolni bir necha oy mudofaa qilgach ukrain bo‘linmalari asir tushishga majbur bo‘lgandi.

Harding 2018 yildan buyon Ukraina sharqidagi harbiy harakatlarda ishtirok etib kelgan. Avvalroq u BBC uchun bergan intervyusida bu yerga Rossiya harbiylariga qarshi kurashda o‘z harbiy tibbiyot ko‘nikmalari bilan yordam berish uchun kelganini aytgandi.

Harding, Pinner va Aslin Ukrainaga taxminan bir vaqtda kelgan, bu mamlakat ular uchun ikkinchi vatanga aylangan.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass ikki britaniyalik o‘lim jazosiga hukm qilinishini «hech qanday legitimligi bo‘lmagan soxta hukm» deb atagandi.

Shu haftada «Donetsk xalq respublikasi»da rossiyaparast kuchlar asirligida britaniyalik ko‘ngilli Pol Uri vafot etdi.

Britaniyaning Uorrington shahridan bo‘lgan 45 yoshli Uri 25 aprel kuni Zaporijjya yaqinidagi blokpostda qo‘lga olingandi, uni Ukraina tomonida jang qilayotgan ko‘ngilli jangchi sifatida qabul qilishgan. U o‘shanda Dilan Hili bilan birga bo‘lgan.

Pol Uri

Ko‘ngillilar harbiy harakatlar maydoniga gumanitar missiya bilan kelgan - urush markazida qolgan oilalarni evakuatsiya qilish bilan shug‘ullanishgan. Pol Urining onasi hikoya qilishicha, u qandli diabet bilan og‘rigan o‘g‘li uchun xavotirda edi - u doimiy ravishda insulin qabul qilib turishi kerak bo‘lgan.

Mavzuga oid