O‘zbekiston | 15:22 / 18.07.2022
7774
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga tashrif buyuradi

20-21 iyul kunlari Issiqko‘l viloyatining Cho‘lponota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Foto: Kun.uz

Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati tashqi siyosat bo‘limi mudiri Muratbek Azimbakiyev ma’lum qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etadi. 

«Mamlakatlar rahbarlari mintaqaviy xavfsizlikka chaqiriq va tahdidlarga birgalikda javob berishda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish yuzasidan fikr almashadilar, mintaqa davlatlarining barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash maqsadida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qiladilar, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqiladi», - dedi Azimbakiyev.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi doirasida mintaqa mamlakatlari o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgani ham ma’lum bo‘ldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid