10:36 / 20.07.2022
9817

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ko‘paydi

Iyun oyida O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining valuta qismi 157,5 mln dollarga, oltin qismi esa 39,8 mln dollarga oshdi.

Foto: Getty Images

Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

2022 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 35,58 mlrd dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich 2022 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, 35,4 mlrd dollar bo‘lgan. Raqamlar o‘tgan bir oyda O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari qariyb 180 mln dollarga oshganini ko‘rsatmoqda.

Iyun oyi davomida oltinning fizik hajmi sezilarli miqdorda: 11,4 mln troya unsiyadan 11,7 mln troya unsiyaga ( taxminan 9,33 tonna), qiymati esa 21,18 mlrd dollardan 21,22 mlrd dollarga oshgan.

Shuningdek, zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 13,15 mlrd dollardan 13,3 mlrd dollarga yoki 157,5 mln dollarga oshgan.

“O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan 444,3 mln dollarga yoki 1,3 foizga oshdi. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1799,25 dollardan 1813,6 dollargacha o‘sishining ta’siri 168 mln dollarni tashkil qildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.

Zaxiralar mamlakatning “xavfsizlik yostiqchasi” ham hisoblanadi – ular salbiy tashqi shok holatlarda zarbani kamaytiruvchi omil sifatida zarur. Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

Mavzuga oid
Top