O‘zbekiston | 18:20 / 29.07.2022
23638
14 daqiqa o‘qiladi

Abdulla Qodiriy tomda qor kurayotganida nega po‘sht-po‘sht deb turgan? “Zakovat”ning navbatdagi sonidan reportaj

Sharq allomalari nimani oqibati kulfatga duchor qiluvchi soxta pulga o‘xshatgan? Yaponlar Koreyani bosib olganda nega davlat nomini Corea’dan Korea’ga o‘zgartirgan? – “Zakovat” teleo‘yini yozgi mavsumining uchinchi o‘yinida qizlar jamoasi ishtirok etdi.

Foto: Zakovat
  • Jamoa a’zolari (chapdan o‘ngga):
  • Nodira Bahromova - filolog;
  • Nazokat Abdusaitova - Toshkent davlat pedagogika universiteti 4-bosqich talabasi;
  • Nodira Turg‘unova - filolog (jamoa sardori);
  • Maysara Ochilova - Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi;
  • Madina Mirzarahmatova - O‘zbekiston Milliy universiteti 4-bosqich talabasi;
  • Muazzam Shoumarova - menejyer.

2022 yil yozgi mavsumining navbatdagi bahsida o‘yindan-o‘yinga kuchayib borayotgan qizlar jamoasi ishtirok etdi. Bundan buyon jamoa o‘yinlarni yangi sardor – Nodira Turg‘unova boshchiligida olib boradi. Avvalgi sardor Madina Mirzarahmatova bilimdon sifatida o‘z imkoniyatlarini namoyish etishga harakat qiladi.

1-raundda italyan skripkachisi Paganini musiqasi haqidagi savol o‘ynaldi. Musiqa eshittirilib, uning nomini topish so‘raldi. Biroq qizlar to‘g‘ri javob topa olmadi. Hisob – 0:1.

2-raundda sharq allomalari nimani oxir-oqibatda kulfatga duchor qiluvchi soxta pulga o‘xshatgan, degan savol tushdi. Boshida javobdan uzoq variantlar aytilgan bo‘lsa-da, keyinroq jamoa to‘g‘ri variantga yetib bora oldi va hisob tenglashdi – 1:1.

3-raund savoli Abdulla Qodiriyning tom kurashdagi bir axloqiy harakati haqida bo‘ldi. O‘tgan o‘yinda o‘z imkoniyatlarini namoyish eta olmagan Muazzam Shoumarova bu safar jamoaga tasodifan qo‘shilib qolmaganini isbotladi va hisobni bilimdonlar tomoniga og‘dirdi – 2:1.

Navbatdagi raund savolini ham bilimdonlar yengillik bilan topishdi. Yaponlar Koreyani bosib olganda nega davlat nomini Corea’dan Korea’ga o‘zgartirgan, degan mazmundagi savolga to‘g‘ri variant Nodira Bahromova tomonidan dastlabki soniyalardanoq aytildi. Hisob – 3:1.

5-raundda blits savollari tushdi. Yosh o‘zbek ijodkorlari kartinalarining nomini topish haqidagi savollarning dastlabkisidayoq bilimdonlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Hisob – 3:2.

Keyingi raundda 70-yillargacha nega protivogazlarda rezina shox bo‘lgani haqidagi savol o‘ynaldi. Bu savolda ham Nodira Bahromovada to‘g‘ri variant bor edi, biroq jamoa sardori Madina Mirzarahmatovaga ishonch bildirdi. Madinaning noto‘g‘ri variantidan so‘ng hisob tenglashdi – 3:3.

7-raund savoli o‘yindagi eng jiddiylaridan biri bo‘ldi. Muzqaymoqni vafliga solib berish usuli paydo bo‘lgach, bu kimlarni eng ko‘p xursand qilgan, degan savolga jamoa turli variantlar bildirdi, ammo ichida to‘g‘ri javobga yaqin kelgani bo‘lmadi. Natijada teletomoshabinlar jamoasi hisobda oldinga chiqib oldi. Hisob – 3:4.

Hisobning teletomoshabinlar tomonga og‘ishi natijasida bilimdonlarda klub yordamidan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi.

8-raund savolida Muazzam Shoumarova yana bir marta ajoyib o‘yin ko‘rsatib, jamoasi joniga ora kirdi. Qadimda o‘zbeklarda xotini vafot etgan er o‘z qaynisinglisiga uylanishi odati nega keng tarqalgan, degan savolda ushbu bilimdon yaxshi mulohaza yuritib, hisobni tenglashtirdi – 4:4.

9-raundda meksikaliklarning guarachero poyabzali nega keyingi vaqtlarda ommalashgani haqidagi savol o‘ynaldi. Bu savol jamoaga osonlik qildi chog‘i, birinchi soniyadan bir necha bilimdon to‘g‘ri variantni ayta boshladi. Yakuniy javobni berishda adashmagan jamoa hisobni 5:4 ko‘rinishiga keltirdi.

10-raundda Artur Shopengauer va Ibn Sino hikmatlarida tilga olingan narsa haqida savol o‘ynaldi. O‘yini ochilib turgan jamoa ushbu savolni ham topib tashladi va o‘yin bilimdon qizlar foydasiga 6:4 hisobida yakunlandi.

Shunday qilib, jamoa shu paytgacha bo‘lgan o‘yinlari orasida eng yorqinini ko‘rsatib, muxlislar ishonchini oqladi va finalga chiqish uchun juda yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib oldi. Keyingi o‘ynaydigan ikki jamoa – Farrux Rafiqov va Abbos Salaydinov jamoalari finalga chiqish uchun kamida 6:4 hisobida g‘alaba qozonishi lozim bo‘ladi. Bu qiyin vazifa esa ushbu jamoalarga bosim yuklashi turgan gap.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1️-raund. Savol muallifi - Jamshid Rahmonov, To‘raqo‘rg‘on tumani

Boshlovchi: Marhamat Nikkolo Paganinining o‘zi yaratgan mashhur musiqasini tinglaymiz!

Leonardo Da Vinchi, Jyerolamo Kardano, Simon Steven, Galileo Galiley. Yana bir qancha olimlarni ushbu ro‘yxatga kiritishimiz mumkin. Buni qarangki, Nikkolo Paganini ulardan o‘tgan.

Diqqat savol: Bastakor va skripkachi Paganinining yuqorida ijro etgan kuyi nomini ikki so‘z bilan toping.

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Musiqa ohangidan shunaqa his paydo bo‘lyaptiki, yurak urishi, puls orqali ulardan o‘tib ketgan.

To‘g‘ri javob: Leonardo Da Vinchi ham, Jyerolamo Kardano ham Simon Stiven ham, Galileo Galiley ham uni yaratmoqchi bo‘lishgan. Buni qarangki, musiqada Nikkolo Paganini ulardan o‘tgan, uni yaratgan. Nikkolo Paganini chalgan kuyining lotincha nomi "Moto perpetuo", ya’ni "Abadiy dvigatel" deb nomlanadi. 

Hisob: 0 - 1️

Savol muallifi Jamshid Rahmonov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2️-raund. Savol muallifi - Dilnoza Xo‘jayorova, Uchtepa tumani.

Boshlovchi: Uni Britaniya qirollari orasida qirolicha Viktoriya juda yaxshi ko‘rgan. Qirol Georg V esa umuman yoqtirmagan. Georg Vning sevgan bir iborasi bo‘lgan: "Meni arzon Uni tarqatishga ham, olishga ham o‘rgata ko‘rmang" degan. Sharq allomalari esa Uni oxir-oqibatda kulfatga duchor qiluvchi soxta pulga o‘xshatgan.

Diqqat savol: Uning nimaligini ayting.

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: Bizning fikrimizcha, xushomadga shunday ta’rif berilgan.

To‘g‘ri javob: U maqtov. Maqtovga aytilgan edi.

Hisob: 1️ - 1️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3️-raund. Savol muallifi - Ra’no Jumayeva, Xatirchi tumani.

Boshlovchi: Abdulla Qodiriyning o‘g‘li Habibullo Qodiriy dadasi haqida yozgan kitobida, otasi ertalab azonda ishga tushib yozishini, keyin bolalari bilan nonushta qilib, bolalar bilan biroz o‘ynab yana yozishga o‘tirishini qayd etib o‘tgan. Bu orada vaqti-vaqti bilan uyga ham qarashgan ekan. O‘tin yorgan, keyin po‘sht-po‘sht degancha tomga chiqib qor kuragan ekan.

Diqqat savol: Ayting-chi, nega tomga chiqishi bilan po‘sht-po‘sht degan?

Javobni Muazzam Shoumarova: Savolda aytildiki, tomga chiqayotgan payti, ya’ni tomda, balandlikda qo‘shnilari ham ko‘rinadi. O‘sha davrni hisobga oladigan bo‘lsak, hovlida nomahram ayollar yurgan bo‘lishi mumkin. Ular ichkariga kirib turishlari uchun, ya’ni begona odam tomga chiqyapti, begona odam borligini bildirish uchun shunaqa degan.

To‘g‘ri javob: Juda to‘g‘ri aytdingiz, tom baland, u yerdan qo‘shni ayollar ko‘rinib turadi. Nomahram ko‘zi tushmasligi uchun po‘sht-po‘sht deb eslatib turgan.

Hisob: 2️ - 1️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

4️-raund. Savol muallifi - Maqsudjon Muxtorov, Furqat tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

XIX asrda xalqaro markalarda Koreya nomi C harfi bilan chop etilar ekan. Ammo 1910 yilda u Yaponiya mustamlakasiga aylangach, negadir C emas K ko‘rinishida yozilishi amalga kira boshlagan. Buni yaponlar xohlagan ekan.

Diqqat savol: Nega yaponlarga Koreyaning inglizcha C ko‘rinishida yozilishi yoqmagan?

Javobni Nodira Bahromova beradi: Bunda yaponlar o‘zlarini koreyslardan har tomonlama ustun turishini xohlashgan. Alifbo bo‘yicha C harfi J harfidan yuqori turishini istamasdan, J harfidan keyin kelgan K harfiga o‘zgartirishgan. Masalan, xalqaro musobaqalarda o‘zining mustamlakasi o‘zidan avval e’lon qilinishini xohlashmagan.

To‘g‘ri javob: C harfi alifboda J harfidan oldin turadi. Ular mustamlaka davlat oldinda turishini xohlashmagan.

Hisob: 3️ - 1️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

5️-raund. Blits. Savol muallifi - Xumora Qilichova, Toshkent shahri.

Mavzu: Yosh o‘zbek rassomlari ijodi

1-savol:

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Ushbu suratni yosh rassom Rustam Bozorov chizgan.

Diqqat savol: bu suratga u qanday nom bergan?

Javobni Nodira Turg‘unova beradi: Rassom bu rasmga "Qovoq devona" deb nom bergan.

To‘g‘ri javob: Gap

Hisob: 3️ - 2️

Savol muallifi Xumora Qilichova 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6️-raund. Savol muallifi - Sevdiyor Jo‘raqulov, Buxoro shahri.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

XX asr 70-yillarigacha amalda bo‘lgan shoxli protivogaz.

Diqqat savol: Protivogazga shoxning nima keragi bo‘lgan?

Javobni Madina Mirzarahmatova beradi: O‘sha shoxli joyiga inson qo‘lini tiqadi va burnidagi ter yoki bug‘larni olib tashlaydi.

To‘g‘ri javob: Agar protivogaz ko‘z oynalari terlasa ushbu shox orqali barmoq kirgizilib tozalash mumkin edi.

Hisob: 3️ - 3️

Savol muallifi Sevdiyor Jo‘raqulov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7️-raund. Savol muallifi - Nurali Norboyev, Sharof Rashidov tumani.

Boshlovchi: 1904 yildagi oziq-ovqat yarmarkasida ilk bor muzqaymoqni vafli idishlarda qadoqlab ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu katta shov-shuvga sabab bo‘ladi. Ilgari shisha idishlarga solib beriladigan muzqaymoqlar endi vaflidan yasalgan idishga solib berila boshlangan edi.

Diqqat savol: Qaysi soha vakillari eng ko‘p xursand bo‘lishgan?

Javobni Muazzam Shoumarova beradi: Vaflili muzqaymoqlarni vaflisi bilan birga yeyish mumkin, ya’ni ortiqcha chiqindi chiqmaydi. Shisha yoki plastik idishlardagi muzqaymoqlarni ko‘chalarga tashlab ketish mumkin. Ko‘cha tozalovchilar bundan ko‘proq xursand bo‘lishgan.

To‘g‘ri javob: Shifokorlar. Shisha idish ko‘p marta ishlatiladi, yuviladi. Undan qayta-qayta foydalaniladi. Bundan yuqumli kasallik yuqishi ko‘payadi. Demak ularning ishi esa osonlashadi. Ular shifokorlar edi.

Hisob: 3️ - 4️

Savol muallifi Nurali Norboyev 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8️-raund. Savol muallifi - Shahnoza Jahongirova, Buvayda tumani.

Boshlovchi: Azal-azaldan o‘zbeklarda bir odat bo‘lgan. Mabodo xotini vafot etsa, er o‘z qaynisinglisiga uylanishi taomil tusiga kirgan. Ikkita eng katta sabab tufayli qilingan. Birinchidan, yetim qolgan bolalarni begona ayol qo‘lida qolishidan asrab qolinadi.

Diqqat savol: Ikkinchidan, kuyov uchun maqbul bo‘lgan sababni ayting.

Javobni Muazzam Shoumarova beradi: Bu jarayonda kuyov yana qalin berishi kerak bo‘ladi. Qaynisinglisiga uylansa qayta qalin berishdan qutulib qoladi.

To‘g‘ri javob: Erkak taomilga ko‘ra qayta uylansa qalin to‘lashi kerak. Agar qaynisinglisiga uylansa qalin to‘lashi shart emas ekan.

Hisob: 4️ - 4️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9️-raund. Savol muallifi - Usmonjon Niyozov, Mingbuloq tumani.

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang!

Qarshingizda meksikaliklarning poyabzali – guarachero turibdi. Bu poyabzalning noqulayligi ko‘p. Lekin guarachero negadir keyingi vaqtda ommalashdi.

Diqqat savol: Qachon bu poyabzal ommalashdi?

Javobni Nodira Bahromova beradi: Yaqin yillarda Covid-19 pandemiyasi butun dunyoda bo‘lib o‘tdi. Pandemiya vaqtda bu poyabzal masofa saqlashga yordam bergan.

To‘g‘ri javob: Covid-19 Meksikaga kirib kelgandan so‘ng bu oyoq kiyim ommalashdi.

Hisob: 5️ - 4️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

1️0️-raund. Savol muallifi - Gulchehra Xudoybergenova, Kegeyli tumani.

Boshlovchi: Olmon faylasufi Artur Shopengauer Uni sevmagan odam erkinlikni sevmaydi degan. Abu Ali ibn Sino esa aksincha U insonni halokatga olib keladi degan.

Diqqat savol: Uning nimaligini toping.

Javobni Nazokat Abdusayitova beradi: Bizning fikrimizcha bu yolg‘izlik bo‘lishi kerak. Chunki odam faqat yolg‘iz qolganida butunlay erkin bo‘ladi.

To‘g‘ri javob: Shopengauer yolg‘izlik bu - erkinlik degan. Ibn Sino - yolg‘izlik halokatga olib keladi degan.

Hisob: 6️ - 4️

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Nurali Norboyev

"Shifokorlar" haqidagi savoli uchun 5 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Muazzam Shoumarova

Muazzam Shoumarova 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid