Jamiyat | 22:35 / 29.07.2022
64740
8 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ayol “ukol”dan keyin vafot etdi. Ish bosdi-bosdi qilib yuborilgan

Boshi biroz og‘rigani tufayli shifokor qabuliga borgan o‘qituvchi ayol uyiga qaytmadi: shifokorning “ukol”idan so‘ng u soniyalar ichida vafot etgan. Muolaja qilgan 68 yoshli shifokor o‘sha lahzada shoshib qolganini aytmoqda.

37 yoshli Dilafro‘z Toirova Navbahor tumanidagi 1-umumta’lim maktabida rus tili fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelgan. Turmush o‘rtog‘i Husan Toirov esa chorvachilik bilan shug‘ullangan. Ular tumanning Burqut mahallasida istiqomat qilishgan. Shu yil fevral oyi oxirida oila boshiga og‘ir sinov tushdi: shifokor qabuliga shifo istab borgan ro‘zg‘or bekasining uyga sovuq jasadi qaytdi.

Shu yil 23 fevral kuni maktabdan qaytgan Dilafro‘z Toirova turmush o‘rtog‘iga biroz boshi og‘riyotganini aytadi. Eri qo‘shni mahalladagi “Yangi yo‘l” oilaviy shifokorlik punktining umumiy amaliyot shifokori Ramazon Obloqulovga qo‘ng‘iroq qilib, turmush o‘rtog‘ini tekshirib qo‘yishni so‘raydi.

Taassuflar bo‘lsinkim, dardiga shifo istab shifokor qabuliga borgan Dilafro‘z Toirova qilingan “ukol”dan so‘ng o‘sha lahzadayoq yorug‘ olamni tark etadi. Voqea joyiga tez tibbiy yordam guruhi, ichki ishlar bo‘limi xodimlari chaqiriladi. Ammo tuman ichki ishlar bo‘limi ham, prokuraturasi ham marhumaning ota-onasidan shifokorga da’vosi yo‘qligi to‘g‘risida tilxat yozdirib olish bilangina kifoyalanishgan, xolos.

O‘sha kuni turmush o‘rtog‘imni shifokorga jo‘natganimdan keyin o‘zim mollarga qarash uchun ketdim. Taxminan 1 soatdan keyin stomatolog shifokor Ilhom Eshmurodov kelib, turmush o‘rtog‘im vafot etganini aytdi. Avvaliga bu gapga ishonmadim. Shifoxonaga bordim. Qarasam, turmush o‘rtog‘im rostdan o‘lib yotibdi. Uni ko‘rib shok holatiga tushib qoldim.

O‘sha yerda turgan hudud profilaktika inspektori menga xotinimning ota-onasini chaqirishimni aytdi. Chaqirdim. So‘ngra tuman IIB boshlig‘i keldi. Soat 20:00lar atrofida turmush o‘rtog‘imning ota-onasi yetib kelishdi. IIB xodimlari ulardan tilxat yozdirib oldi.

Ikki nafar farzandim bor. Ular har kuni onasini so‘raydi. O‘sha lahzalarda qiynalib ketar ekan odam. Bir inson o‘lib ketyapti-yu, nima bo‘lganini hech kim bilmaydi. Ko‘plab joylarga murojaat qildim, biror natijaga erishmadim. Xotinim qanday sabab bilan vafot etganini bilishni xohlayman. Chunki u menga turmushga chiqqanidan buyon biror marta kasal bo‘lib, shifoxonaga yotmagan. Faqatgina farzandlarimni dunyoga keltirayotganida shifoxonaga borgan xolos”, – deydi Husan Toirov.

Lutfiya Toirovaning aytishicha, kelinining bu tarzda vafot etganidan hattoki tuman tibbiyot birlashmasi rahbariyati xabar ham topmagan:

“Kelinim vafot etgach, bir haftadan keyin tuman tibbiyot birlashmasiga borib, bosh shifokorga holatni aytdim. Ularning bu voqeadan xabari yo‘q ekan. Nega tuman tibbiyot birlashmasi rahbarining xabari bo‘lmaydi, tuman prokurorining xabari bo‘lmaydi?!

Insonning qadri shunchalik yo‘qligini tasavvur qilolmayman. Bu mol yoki qo‘y emas-ku, o‘ldirib chiqarib ko‘mib qo‘yadigan. Ukamning, ikki nafar farzandining hayotiga achinaman. O‘zim ham bir necha yildan beri tibbiyot sohasida ishlab kelyapman. Lekin bunday holatni birinchi bor ko‘rishim”.

“Yangi yo‘l” oilaviy shifokorlik punktining umumiy amaliyot shifokori Ramazon Obloqulovga ko‘ra, bemor o‘sha kuni og‘ir ahvolda, devorga suyangan holda kelgan. 46 yillik shifokor o‘sha holatda shoshib qolgani va bilim darajasi yetmaganini ta’kidlamoqda.

Ish vaqtim tugagan edi, turmush o‘rtog‘i iltimos qilgani uchun kutib turdik. Bemor rangi ko‘kargan holda, juda og‘ir ahvolda keldi, nafas olishi og‘ir edi. Unga shifoxonaga yotishni tavsiya qildik. Bemor ko‘nmadi. O‘zimning dorim bor, piratsetamni o‘tkazing, dedi. Qon bosimini o‘lchadik va dorini o‘tkazdik. Ushbu dori foyda qilmasligini bilgandik. Ammo iltimos qilgani uchun o‘tkazdik. “Ukol” o‘tib bo‘lmasidan bemor vafot etdi.

Tez tibbiy yordam va hudud profilaktika inspektorini chaqirdik. Tuman IIB boshlig‘i ham keldi. Marhumaning yaqinlariga sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazish tavsiya qilindi. Ammo turmush o‘rtog‘i va ota-onasi bunga ko‘nmadi.

Oradan ikki oy o‘tib, qaynopasi murojaat qilgach, tuman prokuraturasi tekshirish o‘tkazdi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘lim sababini o‘rganib, xulosa berdi. Yetarli tibbiy yordam ko‘rsata olmaganimiz uchun menga intizomiy jazo qo‘llanildi.

Bo‘lgan ish bo‘ldi, yaqinlaridan kechirim so‘radim. To‘g‘ri, o‘sha kuni bilim darajam yetmay qoldi, 46 yillik faoliyatimda bunday holat bo‘lmagan edi, shoshib qoldim. Endi yana o‘z ustimda ishlayman”, – deydi shifokor Ramazon Obloqulov.

Husan Toirov turmush o‘rtog‘i vafot etgach sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilmagani, aybdorlarga jazo berilmaganidan norozi.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borgan Navbahor tumani prokuraturasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.

Prokuratura xatida ta’kidlanishicha, Navoiy viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasining xulosasiga ko‘ra, bemorning o‘limiga “dori moddasidan allergik reaksiyaning yashin tezligida kechishi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi, dekompensatsiyalashgan anafilaktik shok natijasida o‘tkir nafas, yurak qon tomir yetishmovchiligi” sabab bo‘lgan.

E’tiborlisi, SSBning bu xulosasi oradan 3 oy vaqt o‘tib, 2022 yilning 21 may kuni yozilgan. Bu esa xulosa qanday asoslarga tayanib yozildi, degan savollarni yuzaga chiqaradi.

Kun.uz izoh olish maqsadida bir necha bor Navbahor tumani prokuraturasi bilan bog‘landi. Ammo prokuratura holat yuzasidan izoh berishni istamadi.

Husan Toirov turmush o‘rtog‘ining vafoti sababini bilishga haqli. Buning uchun marhumaning qabri ochilib (eksgumatsiya), sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilishi kerak bo‘ladi. Ammo oradan qariyb 5 oy vaqt o‘tgan. Qolaversa, Dilafro‘z Toirovaning ota-onasi eksgumatsiyaga rozi emas.

Aslida, tegishli ekspertiza o‘sha vaqtda o‘tkazilganida turli shubhalarga o‘rin qolmas edi. Demak, holat chuqur o‘rganib ko‘rilib, nafaqat shifokorning, balki ishni shunchaki yopib yuborilishiga yo‘l qo‘yib bergan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xatti-harakatiga ham huquqiy baho berilishi kerak.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid