Qurilish sohasidagi karera - bunda xalqaro ta’lim qanday yordam berishi mumkin? Ekspert fikri
O‘zbekistonda jadal rivojlanayotgan qurilish sohasida yosh mutaxassislar qanday qilib o‘z o‘rnini topishi mumkin?
Bu haqda Buyuk Pyotr nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti professori Viktor Yelistratov fikrini aytdi.
O‘zbekiston qurilish sohasida global o‘zgarishlar yuz bermoqda. 2022 yil iyunda Zarafshon daryosida Yovon GESi qurilishi boshlandi, O‘zbekistondagi eng yiriklaridan bo‘lgan Pskom GESi qurilishi to‘laqonli davom etmoqda. Suv resurslaridan kompleks foydalanish dasturi doirasida Hisorak va Ohangaron suv omborlarida yana ikkita kichik gidroelektr stansiyasi quriladi. Shu sababli gidroenergetik quruvchilar va gidrotexniklarga sezilarli ehtiyoj mavjud.
To‘liq xizmat ko‘rsatish va maishiy xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan yirik uy-joy majmualarini yaratish asosida ommaviy fuqarolik qurilishi rivojlanmoqda. Farg‘ona shahrida turar joy massivi qurilmoqda: 300 gektar maydonda 298 ta ko‘p qavatli uy, shuningdek, ikkita umumta’lim maktabi, uchta bolalar bog‘chasi, tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport majmuasi va masjid qurish rejalashtirilgan.
Sohaning bunday jadal rivojlanishi davlat va qurilish biznesi oldiga yangi vazifa – respublikaning yangi infratuzilma obektlarida binolar, inshootlar va ularni qurish texnologiyalarini loyihalash bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni ishlashga jalb etish vazifasini qo‘ymoqda.
Respublikada kadrlar tarkibini professional mutaxassislar bilan to‘ldirish masalasi davlat darajasida belgilab qo‘yilgan. Yangi ta’lim muassasalarini tashkil etish bilan bir qatorda xalqaro ilmiy-amaliy tajribaning uzviyligini ta’minlash vazifasi ham turibdi. O‘zbekistonlik talabalar uchun Rossiya universitetlari ommabop yo‘nalishga aylanmoqda – Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya oliy o‘quv yurtlarida 48 mingga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.
“Yetakchi texnik universitetda xalqaro ta’limga ega bo‘lish yosh mutaxassislar uchun ishga joylashishda shubhasiz ustunlik hisoblanadi. Ular o‘z mamlakatining ichki muammolaridan xabardor va Rossiya oliy o‘quv yurtlarida olgan bilimlari asosida o‘z yechimlarini yangi innovatsion shakllarda taklif qila oladilar, – deydi SPbPU Qurilish instituti professori Viktor Yelistratov. – Politexnika universitetida O‘zbekistondan 500 ga yaqin talaba tahsil olmoqda, ularning ko‘pchiligi qurilish yo‘nalishini tanlagan. Politexnika universiteti bilan O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari – Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti va boshqa ko‘plab oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida qurilish va energetika yo‘nalishida uzoq muddatli ilmiy, ta’lim va tashkiliy aloqalar o‘rnatilgan”.
SPbPU professori misol tariqasida Sankt-Peterburg universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni keltirib o‘tdi: strategik hamkorlik doirasida oliy o‘quv yurtlari gidroenergetiklar, gidrotexniklar, sanoat-fuqarolik maqsadlaridagi bino va inshootlar loyihachilari va quruvchilarni tayyorlaydi. SPbPU professor-o‘qituvchilari TDTU magistratura talabalariga ma’ruzalar o‘qiydilar va aksincha, TDTU professorlari Politexnika universitetidagi o‘quv jarayoniga jalb qilingan. Bu esa salmoqli natijalar bermoqda – masalan, o‘zbekistonlik SPbPU bitiruvchilari Pskom GESi qurilishida muvaffaqiyatli ishlamoqda.
“O‘zbekistonda qurilish industriyasi jadal rivojlanib borayotgan sharoitda Rossiya oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish mutanosib va ongli qaror”, – deydi Viktor Yelistratov ishonch bilan.
Politexnika universitetining muhandislik-qurilish instituti bitiruvchilari gidrotexnika inshootlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari obektlari va boshqa sanoat va fuqarolik bilimlari va inshootlarini loyihalash va qurish jarayonlarini raqamlashtirish, suv va yer resurslarini boshqarish, investitsiya va qurilish loyihalarini boshqarish va ularning iqtisodiy samaradorligini baholash, obektlar, binolar, inshootlarning axborot (BIM) modellarini ishlab chiqish bo‘yicha yetakchi mutaxassislarga, arxitektura va loyihalash kompaniyalari rahbarlariga aylanadi.
“Biz tejamkor qurilish, qurilishdagi biznes-rejalashtirish va logistika, investitsiya-qurilish loyihalarini boshqarish, 4D va 5D loyihalash hamda boshqa ko‘plab narsalarni o‘rganmoqdamiz. Ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida o‘zingizni sinab ko‘rish, yetakchi qurilish kompaniyalarida qimmatli amaliy tajribaga ega bo‘lish imkoniyati mavjud. Bularning barchasi men uchun bo‘lajak mutaxassis sifatida zarur va qimmatli”, – deydi “Investitsiya va qurilish loyihalarini tashkil etish va boshqarish” magistratura dasturi talabasi Nurislom Tojiyev.
Reklama