Jahon | 08:13 / 01.08.2022
11250
4 daqiqa o‘qiladi

Iroqda namoyishchilar parlament binosini egallab oldi

Shialar yetakchisi Muqtada as-Sadr tarafdorlari bir kun avval Bag‘doddagi parlament binosida o‘tirgan holda namoyish boshladi. BMT va YeI keskinlik kuchayishidan ogohlantirdi.

Foto: Reuters

31 iyul, yakshanba kuni Iroqning nufuzli shialar imomi Muqtada as-Sadr tarafdorlari korrupsiya va samarasiz siyosiy boshqaruvga qarshi norozilik bildirib, Bag‘doddagi Iroq parlamenti binosini ketma-ket ikkinchi kun nazorat qilishda davom etdi. Ular u yerda chodirlar qurib, muddatsiz norozilik namoyishini boshlashdi.

«Namoyishchilar keyingi ogohlantirishgacha o‘tirishadi», dedi al-Sadr vakillari jurnalistlarga qisqacha bayonot berib, u INA davlat axborot agentligi tomonidan keltirgan.

Muqtada as-Sadrning minglab tarafdorlari bir hafta ichida ikkinchi marta Bag‘dodning «yashil zonasi»dagi parlament binosiga bostirib kirdi, politsiya ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qnashuvlarda kamida 100 nafar namoyishchi va 25 nafar politsiyachi jarohat olgan. Parlamentga bostirib kirishiga bevosita sabab - raqib shialar blokining bosh vazir lavozimiga eronparast arbob Muhammad Shiyax al-Sudaniy nomzodini ko‘rsatish haqidagi qarori bo‘ldi. 

BMT ham, Yevropa ittifoqi ham Bag‘dodda keskinlik kuchayishidan ogohlantirgan. Yakshanba kuni e’lon qilingan bayonotda YeI rasmiysi «davom etayotgan norozilik namoyishlari va ularning potensial kuchayishi» haqida xavotir bildirdi va «konstruktiv siyosiy muloqot»ga chaqirdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish samarali milliy hukumatni shakllantirish uchun «tinch va inklyuziv muloqot»ga chaqirdi. 

As-Sadr partiyasi 2021 yil oktyabr oyida Iroq saylovlarida g‘alaba qozongan edi. Biroq u hukumat tuza olmaganidan keyin deputatlarini parlamentdan chaqirib oldi. U aksariyati Erondan harbiy va moliyaviy yordam oladigan hamda o‘z harbiylashgan guruhlariga ega shialar partiyalariga qarshi ittifoq tuzmoqchi edi. Natijada o‘nlab o‘rinlar shialar partiyalari ittifoqiga nasib etdi. Deyarli bir yil davomida vaziyat boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, Iroq prezident va bosh vazirsiz qolmoqda. 

Hokimiyat uchun kurashda as-Sadr harakati sobiq hukumat rahbari Nuri al-Malikiy atrofidagi siyosiy raqiblarining hukumat tuzishiga to‘sqinlik qilmoqchi. 47 yoshli diniy yetakchining raqiblari parlament saylovlaridan deyarli o‘n oy o‘tib bosh vazirlikka o‘z nomzodlarini taqdim etishdi. Biroq, as-Sadr nuqtayi nazaridan, bu lavozimga ko‘rsatilgan sobiq vazir Muhammad Shiyax as-Sudaniy as-Sadr bilan qarama-qarshi bo‘lgan sobiq bosh vazir al-Malikiyga juda yaqin. Qolaversa, al-Malikiy va uning ittifoqi qo‘shni Eronga ochiqdan-ochiq xayrixohlik bildiradi. 

Muxoliflari tomonidan korrupsiyada ham ayblanayotgan as-Sadr katta kuchga ega. Uning tarafdorlari Iroqdagi vazirlik va davlat muassasalarida nufuzli lavozimlarni egallaydi. Mamlakat katta neft zaxiralariga ega, lekin elektr ta’minotidagi uzilishlar, ta’lim va sog‘liqni saqlashning past darajasi, ayniqsa, yoshlar orasida ishsizlikning yuqori darajasidan aziyat chekmoqda. 

Mavzuga oid