– Alisher aka, avvalo, hozirgi faoliyatingizdan savol bersam. 2022 yilgi jahon chempionati tarixdagi eng yaxshi turnir bo‘lishi mumkinmi?

– Albatta. Bunga ko‘p sabablar bor. Faqat ilk jahon chempionati bir shaharda bo‘lgan — 1930 yili Urugvay poytaxti Montevideoda. Undan keyingilari kamida ikki shaharda o‘tkazilgan.

Bu safar ham bir hududda deyishimiz mumkin. Geografik jihatdan 5ta shahar ko‘rsatilgan ammo eng shimoliy va janubiy shaharlar o‘rtasidagi masofa — 55 km, ya’ni 1 soatli yo‘l. Jamoalar uzoq yo‘l yurishmaydi. Masalan, Rossiyadagi mundialda Angliya milliy jamoasi Kalingradda turib, o‘yinlarga boshqa shaharlarga qatnagandi. 1 kun oldin yo‘lga chiqishiga to‘g‘ri kelgan. Qatarda jamoalar stadion yaqinidagi mehmonxonada turishadi. Faqat ikki jamoa shahardan chetroqda, ammo ular ham stadionga avtobusda 1 soat ichida yetib kelishadi.

Bu mundial mavsum o‘rtasida bo‘ladi. Futbolchilar jismoniy jihatdan eng yaxshi formada yetib kelishadi.

Muxlislar stadionlar orasidagi masofa yaqinligi uchun bir kunda 2ta o‘yinga borishlari mumkin. Aslida 4ta bahsga ulgursa ham bo‘ladi, ammo FIFA bir muxlisga bir kun uchun ikkitadan ortiq chipta sotmaydi.

Texnologiyalar borasida ham yangiliklar bor. Kiyinish xonasida monitorlar bo‘ladi, hatto FIFA har bir jamoaga ikkitadan planshet beryapti — murabbiylar o‘yin paytidayoq takroriy lavhalarni turli rakurslardan ko‘rishlari, futbolchilarning qancha masofa yugurgani va boshqa jismoniy imkoniyatlari haqida ma’lumot olishlari mumkin.

Shu o‘rinda O‘zbekiston bilan solishtirsak. Menga aytishdiki, Superligada «Surxon» murabbiyi o‘yin vaqtida planshet ishlatgani uchun uni chetlatishibdi. FIFA XXI asrda yashayapti, biz esa hamon XX asrda qolib ketganmiz.

– Qatarda stadionlar qurilishida bangladeshlik, hindistonlik quruvchilar nobud bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunday ayblovlarga qanday qaraysiz?

– Stadionda ishchilar o‘layotganini ko‘rganim yo‘q. Bu haqda rasmiy manbalar ham yozishmadi. Hech kimda aniq ma’lumot bo‘lmasa kerak. Raqamlarga e’tiborli bo‘lishni aytardim.

Yana bir narsani tushunish kerakki, Qatarda 2,8 mln aholi bo‘lsa, shularning 80 foizga yaqini — chet elliklar. Shu sabab o‘lim soni xorijliklar orasida ko‘p bo‘lishi tabiiy hol.