Qaysi kompaniyalarga berilgan imtiyozlar bekor qilinishi kerak? Aksilmonopol qo‘mita rasmiysining javobi
O‘zbekistonda qaysi korxonalar xususiylashtirilib, ularga berilgan imtiyozlar bekor qilinishi kerakligi haqida berilgan savolga javoban, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Fayozov birorta ham monopol korxonani tilga olmay, “biznesga qiziq bo‘lgan” korxonalar xususiylashtirilishi zarurligini aytish bilan cheklandi.
“O‘zbekiston” telekanalidagi “Munosabat” tok-shousining navbatdagi sonida tadbirkorlikni rivojlantirish mavzusi muhokama qilindi.
Ko‘rsatuv davomida boshlovchi Quddus A’zam Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ulug‘bek Fayozovga quyidagicha savol bilan murojaat qildi:
“Ajoyib takliflar ham berilishi kerak-da. Masalan, qo‘mitaning vakili sifatida o‘zingizning ham fikringiz bo‘ladi, rejalar bordir, qaysi korxonalar sizning nazaringizda xususiylashtirilishi, ularga berilgan imtiyoz va preferensiyalar bekor qilinishi hamda o‘sha yerda ham raqobat bo‘lishi kerak?”
Aksilmonopol organ vakili savolga aniq javob bermay, masalaning boshqa jihatlari – xususiylashtiriladigan sohalar biznes uchun qiziq bo‘lishi kerakligi va kadrlar masalasi haqida gapirdi.
“Avvalombor, xususiy sektorga qiziq bo‘lgan davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiy sektorga berish, eng asosiy vazifa – egasiga berish. Chunki davlat mexanizmi tomonidan ishlab chiqarilishida ko‘p to‘g‘anoqlar o‘z vaqtida yechilmaydi.
Boya siz kadrlar salohiyati borasida to‘g‘ri fikrni bildirib o‘tdingiz. Faqatgina tor doiradagi mutaxassislar shu sohaga jalb qilinganidan keyin, mana, biznes vakillari ham buni tasdiqlashi mumkin, qiziq bo‘lsa bo‘ladi bu biznes. Aynan biznesga qiziq bo‘lgan sohalarni xususiy sektorga berish choralari ko‘rib chiqiladi. Bu 25 tadan ziyod ham bo‘lishi mumkin”, – dedi Ulug‘bek Fayozov.
2022 yilgi davlat dasturiga binoan, 2026 yilgacha 25 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalar tugatilishi belgilangan. Shundan:
- 2022 yilda – 14 ta, shu jumladan sertifikatlashtirish xizmatlari;
- 2023–2025 yillarda – 11 ta, shu jumladan neft mahsulotlarini saqlash, temir yo‘llarda tashishda qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatish, aerovokzal va vokzal oldi komplekslarini yuritish xizmatlari, temir yo‘lda ekspeditorlik xizmatlari kabi faoliyat turlarida monopoliyalarga barham beriladi.
Besh yil ichida monopoliyalar tugatiladigan 25 dan ortiq faoliyat turlari ro‘yxati hali to‘la ma’lum emas. Aholi orasida eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘ladigan UzAuto Motors va Uzbekistan Airways kabi davlat korxonalarining monopoliyasi bu ro‘yxatdan joy olish-olmasligi ham noma’lum.
2022 yil 9 apreldagi farmon asosida xususiy sektorni jalb qilish va eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali monopoliyadan chiqariladigan 14 ta soha ro‘yxati tasdiqlandi:
- aholi va ijtimoiy soha obektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berish;
- neft mahsulotlarini saqlash;
- tovarlarning kelib chiqishi to‘g‘risidagi sertifikat berish;
- elektr texnika uskunalari va qurilmalarini markazlashtirilgan tartibda xarid qilish;
- soliq organlari xodimlarining majburiy davlat sug‘urtasi bo‘yicha xizmatlar;
- qishloq xo‘jaligi va avtomobil shinalari yagona yetkazib beruvchi tomonidan yetkazib berilishi bo‘yicha xizmatlar;
- temir yo‘l transportida yordamchi xizmatlar ko‘rsatish;
- haydovchilarni va haydovchilikka nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
- o‘lchash vositalarini qiyoslash;
- paxta mahsulotlarini, qishloq xo‘jaligi urug‘larini sertifikatlashtirish;
- ishlatilgan texnik moylarni to‘plash va qayta ishlash;
- qishloq joylarda qishloqlar, ovullar va shahar posyolkalarining bosh rejalarini tuzish;
- harbiy majburiyatli shaxslarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi bo‘yicha xizmatlar.
Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning davlat reyestriga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda 92 ta monopol korxona 104 ta monopollashgan tovar bozorlarida ustunlik qilmoqda. Ularning deyarli barchasi – davlat ishtirokidagi korxonalar.
Mavzuga oid
15:44 / 21.11.2024
Toshkentdagi International va Lotte mehmonxonalari xususiylashtirildi
13:52 / 21.11.2024
Britaniya O‘zbekistonda davlat kompaniyalarini xususiylashtirishda qatnashmoqchi
11:04 / 19.11.2024
Istirohat bog‘lari, sayilgoh va xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi mumkin
17:10 / 18.11.2024