Jamiyat | 21:09 / 17.08.2022
71415
4 daqiqa o‘qiladi

8 kishi o‘lgan YTHning mudhish tafsilotlari. Qonli yo‘l shoshilinch ta’mirlandi

Kun.uz muxbiri Qashqadaryoning Muborak tumanida mudhish YTH sodir bo‘lgan joyga bordi. Spark va Gentra to‘qnashib, ikkalasi ham yonib ketgan va 8 kishi halok bo‘lgan hodisaga yo‘lning nosozligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin – voqea joyida asfaltdagi notekisliklar halokatdan keyin zudlik bilan ta’mirlab qo‘yilgan.

Bir muddat avval Qashqadaryoda sodir bo‘lgan YTH oqibatida sakkiz kishi yonib ketgani haqida xabar bergan edik. Kun.uz muxbiri voqea joyidan reportaj tayyorladi.

Hodisa 15 avgust kechasi A-380 yo‘lining Muborak tumanidan o‘tuvchi qismida sodir bo‘lgan. Ijodiy jamoa 16 avgust soat 15:00 da voqea joyiga yetib borganida, ikki mashina qoldiqlari butunlay tozalab olingan ekan.

Jabrlanganlar va vafot etganlar haqida rasmiylardan aniq ma’lumot olishning imkoniyati bo‘lmadi. Biroq marhumlarning yaqinlari, voqeaga guvoh bo‘lganlar va shifoxonalardan olingan umumiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jami 8 kishi halok bo‘lgani ma’lum.

Gentra egasi Qamashi tumanidan bo‘lib, harbiy xizmatchi ekani aytilmoqda. Mashinada u turmush o‘rtog‘i va to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandi bilan (jami 6 kishi) qaytayotgan bo‘lgan. Voqea oqibatida oilaning biror vakili tirik qolmagan.

Ikkinchi mashinada Muborak tumanidan bo‘lgan abituriyent qiz imtihon topshirib, onasi bilan uyga qaytayotgan bo‘lgan. Mashinalar to‘qnashgan paytda u tashqariga otilib ketgan va tirik qolgan. Qizning onasi va Spark haydovchisi yonayotgan mashina ichida qolib, halok bo‘lgan.

Qiz ayni vaqtda viloyat bolalar shifoxonasiga olib kelingan. Travmatolog-ortoped Sherali Shodmonov qizning holati hozircha og‘ir ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, qiz orqa miya lat yeyishi, boshga qon quyulishi hamda o‘ng son suyagida maydalanib sinish holati bilan shifokorlar nazoratiga olingan. Shifokorga ko‘ra, qizning umumiy ahvoli og‘ir bo‘lsa-da, hushi joyida.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, ushbu magistral yo‘l transport harakati uchun yetarli darajada keng. Yo‘lning Koson tumanidan Muborak tumanigacha bo‘lgan qismida bir vaqtning o‘zida to‘rtta mashina yonma-yon harakatlana oladi. Biroq yo‘lning aksariyat qismida o‘ydim-chuqurlik hosil bo‘lgan, asfaltning bo‘rtib chiqqan (“garmoshka”) joylari ko‘p.

Biz shu yo‘nalishda muntazam qatnab yurgan haydovchilarni suhbatga tortganimizda ular ham aynan yo‘ldagi “garmoshka”dan aziyat chekishini aytishdi. Ayrim holatlarda chuqurga tushmaslik yoki bo‘rtib chiqqan asfaltga mashina tagini urib olmaslik uchun yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib ketishga majbur bo‘lishlarini yashirmadi.

Qatnov jarayonida o‘zimiz ham bunday holatlarga bir necha marta guvoh bo‘ldik.

Yana bir holat. Aynan Gentra va Spark to‘qnashgan joyda ham qariyb 20 metrlar asfalt bo‘rtib chiqqani va yo‘l yaroqsiz holatga kelib qolganiga guvoh bo‘ldik. Buni qarangki, biz o‘sha joyga yetib borishimizdan bir muddat avval mashinalar to‘qnashgan joyga asfalt yotqizilibdi va yo‘l yamalgani ma’lum bo‘ldi.

Bugun, 17 avgust kuni Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati qo‘shimcha axborot berdi: unda YTHni Gentra haydovchisi sodir etgani aytiladi. Shuningdek, 8 kishi vafot etgani tasdiqlangan.

Hodisa yuzasidan viloyat IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid