O‘zbekiston | 20:58 / 31.08.2022
12423
2 daqiqa o‘qiladi

"Ochiq budjet" portalida ovoz berish jarayonlari qayta yo‘lga qo‘yildi

Texnik nosozliklar tufayli yo‘qotilgan kunlarni inobatga olib, ovoz berish jarayoni 5 kunga uzaytirilgan holda 17 sentabr soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Foto: Kun.uz

"Ochiq budjet" portalida ovoz berish jarayonlari qayta yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Moliya vazirligi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, "Ochiq budjet" axborot portalida profilaktika ishlari yakunlanganligi munosabati bilan 31 avgust soat 20:00 dan boshlab ovoz berish jarayonlariga qayta start berildi.

Ma’lum qilinishicha, “Tashabbusli budjet” jarayonlari 2-mavsumining ovoz berish davri texnik nosozliklar tufayli yo‘qotilgan kunlarni inobatga olib, ovoz berish jarayoni 5 kunga uzaytirilgan holda 17 sentabr soat 23:59 ga qadar davom etadi.

“Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz hamda “Tashabbusli budjet” jarayonlaridagi ishtirokingiz uchun minnatdorchilik bildirgan holda ovoz berish jarayonida yanada faol bo‘lishingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 24 avgustdan “Tashabbusli budjet” jarayonining 2-mavsumi doirasida ovoz berish jarayoni boshlandi. Mavsum doirasida fuqarolar tomonidan ilgari suriladigan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida respublika bo‘ylab qariyb 1 trillion 62 mlrd so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid