11:23 / 02.09.2022
18666

Gretsiyaning kichik porti Rossiya va AQSh o‘rtasidagi qarama-qarshilik maydoniga aylandi

Pentagon Aleksandrupolisdan Yevropadagi bazalariga qurol-yarog‘ yetkazishda foydalanishini tasdiqlaydi, bu yo‘nalish orqali Ukrainaga ham qurollar yetkazilishi mumkin.

Aleksandrupolis porti. Diego Cupolo / NurPhoto / Shutterstock / Vida Press

Aleksandrupolis shaharchasi Gretsiyaning shimoli-sharqiy qismida, Turkiya va Bolgariya chegaralariga yaqin yerda joylashgan. 2021 va 2022 yillardagi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda 60 mingdan kamroq odam yashaydi. Avgust oyida The New York Times gazetasi jurnalistlari bu shaharchaning porti kutilmaganda AQSh va Rossiya uchun katta strategik ahamiyatga ega bo‘lib qolganini aniqladi.

Amerikaliklar undan Sharqiy va Shimoliy Yevropaga qurol-yarog‘ tashishda foydalanmoqda, bu esa Moskvani g‘azablantiryapti. Yana bir manfaatdor tomon – Egey dengizidagi bahsli hududlar bo‘yicha Gretsiya bilan ziddiyatda bo‘lgan Turkiya.

Turk samolyotlari va Amerika kemalari

Bir qarashda Aleksandrupolis muhim geosiyosiy markazga deyarli o‘xshamaydi. Biroq, Vashington Sharqiy Yevropadagi Amerika bazalariga qurol jo‘natish uchun aynan shu portdan foydalanadi. AQShning bu harakatlari nafaqat Rossiya, balki Turkiyaning ham salbiy munosabatiga sabab bo‘ldi.

Rossiya bilan tarixiy, iqtisodiy, madaniy va diniy aloqalarga qaramay, Gretsiya birinchilardan bo‘lib Ukrainani harbiy resurslar bilan qo‘llab-quvvatladi va buning uchun Moskva uni «nodo‘st davlatlar» ro‘yxatiga kiritdi.

Gretsiya uzoq vaqtdan beri Egey dengizidagi bahsli orol hududlari va Kiprdagi vaziyat yuzasidan Turkiya bilan keskin munosabatlarda bo‘lib keladi. 1974 yilda Turkiya hukumati Kiprning shimoliy qismini mustaqil davlat sifatida tan oldi va amalda uni bosib olib, o‘z qo‘shinlarini joylashtirdi.

Rossiya va Turkiya rasmiylari AQShning mintaqada ta’siri kuchayishini milliy xavfsizlikka tahdid sifatida talqin qilishdi. Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an Qo‘shma Shtatlarning Gretsiya orqali qurol olib o‘tish amaliyotini keskin tanqid qildi. May oyida esa Gretsiya tashqi ishlar vazirligi turk harbiy samolyotlari davlatlar chegarasidan 20 kilometrdan kamroq masofada joylashgan Aleksandrupolis havo hududiga kirganini e’lon qildi. Mahalliy aholi Turkiya o‘z hududlarini (Shimoliy Kiprda bo‘lgani kabi) bosib olishga yoki boshqa yo‘llar bilan nazoratga olishga tayyorlanayotganidan xavotirlanishadi.

Turkiya tomonidan ehtimoliy ekspansiya xavfi borligi va ukrainlar bilan birdamlik masalasi yunonlar uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. Gretsiya hukumati Qo‘shma Shtatlarga mintaqada harbiy salohiyatini oshirishga va Aleksandrupolisdan qurol-yarog‘ tashish uchun foydalanishga ruxsat berdi.

Kichik portdagi ko‘p sonli dengizchilar

Amerikaliklarning kelishi Aleksandrupolisdagi hayotni keskin o‘zgartirdi. Cho‘kib ketgan barja kirish yo‘lini to‘sib qo‘ygani sababli, shahar porti 10 yildan buyon faoliyat yuritmayotgandi.

AQSh harbiy-dengiz kuchlari 2019 yilda muammoni hal qilishdi va shundan beri qurol ortilgan har bir kemaning kelishi shaharni «jonlantirib» qo‘yadi. Yuklarga hamrohlik qilayotgan amerikalik dengizchilar do‘konlarda savdo qilishadi, turli maishiy xizmatlardan foydalanishadi.

2021 yilda Amerika tomonidan Aleksandrupolis orqali tashilgan yuklar hajmi 14 baravar oshdi va 3100 «birlik»ni tashkil etdi (Pentagon tanklardan tortib o‘q-dorigacha bo‘lgan har qanday qurolni shunday nomlaydi). 2022 yilda yuk tashishning bunday hajmiga avgust oyidayoq erishildi. Bunda Vashington qurol-yarog‘ faqat Ukraina uchun emas, balki Sharqiy va Shimoliy Yevropadagi bazalari uchun ham mo‘ljallanganini da’vo qilmoqda.

Amerika kemalari yetib borgunga qadar shahar xuddi avvalgidek osoyishtaligicha qoladi. Port kranlar yetishmasligi tufayli dengiz savdosida deyarli ishtirok etmaydi. Biroq Pentagon ko‘proq harbiy yuklarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun portga uskunalar o‘rnatishga homiylik qilmoqda. Mahalliy ma’muriyat Amerika yordami tufayli keyinchalik shahar Bolgariya, Ruminiya va bir kun kelib hatto Ukraina uchun ham mashhur savdo punktiga aylanishiga umid qilmoqda.

Rossiyalik ishbilarmonlar Amerika konglomeratlariga qarshi

Aleksandrupolis portini nazorat qilish uchun to‘rtta kompaniya raqobatlashmoqda. Ikkitasi Vashington tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, yana ikkitasi Rossiya bilan aloqador.

Amerikaning BlackSummit Financial Group kompaniyasi egasi Jon Haralambakis birinchi marta Aleksandrupolis portiga 2018 yilda qiziqib qolgan. O‘sha paytda AQShning Gretsiyadagi elchisi Jyeffri Payyett unga Amerika kompaniyalari mintaqaga ta’sir o‘tkazish uchun Xitoy va Rossiya bilan faolroq raqobatlashishi kerakligini aytgandi. Portni sotib olishga urinayotgan Quintana Infrastructure & Development kompaniyasi esa o‘z rejalari haqida izoh berishdan bosh tortdi.

2022 yil avgust oyida Nyu-Jyersi shtatidan senator Robert Menendes shaharga tashrif buyurganida AQShning Aleksandrupolisga bo‘lgan e’tibori yana bir bor tasdiqlandi.

Rossiyaning Dimera kompaniyasi o‘zini «kelib chiqishi yunon, hayotda rossiyalik, dini esa pravoslav» deb ataydigan tadbirkor Ivan Savvidi tomonidan boshqariladi. Ammo u monopoliyaga qarshi qonunlar buzilishi sababli portni qo‘lga kirita olmaydi. Chunki u Gretsiyaning Saloniki shahridagi ikkinchi eng yirik portga egalik qiladi.

Aleksandrupolis portiga da’vogar ikkinchi kompaniya «Gazprom» bilan hamkorlik qiluvchi va Gretsiyaga tabiiy gaz yetkazib beruvchi Copelouzos Group konglomerati hisoblanadi.

Xuddi shu kompaniya Sankt-Peterburgdagi aeroport qurilishiga mas’ul bo‘lgan va 2016 yilgacha uning ishini boshqargan. Amerikalik raqobatchilar taxminiga ko‘ra, Copelouzos Group asoschisi Dimitros Kopeluzos «Gazprom» bilan hamkorligi tufayli Kreml bosimiga duch kelishi mumkin.

Ammo sanksiyalar ostida qolgan Rossiya endi Gretsiya rasmiylari va tadbirkorlariga avvalgidek istiqbolli hamkor ko‘rinmaydi. Aleksandrupolisdagi vaziyatning o‘zi ham xuddi shunday pragmatik baholanmoqda: mahalliy ishbilarmonlar Amerika kompaniyalari portni Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashning muhim yo‘nalishiga aylantirib, Gretsiya akvatoriyasini bu borada Turkiya nazorati ostidagi Qora dengiz bo‘g‘ozlaridan o‘zib ketishiga imkon berishidan umid qilmoqda.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top