20:55 / 06.03.2024
26475

Zelenskiy Gretsiya bosh vaziri bilan uchrashayotgan vaqtda Rossiya Odessani o‘qqa tutdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan Odessaga tashrifi vaqtida Rossiya qo‘shini shahar bo‘ylab raketa zarbasi yo‘llaganini tasdiqladi.

Foto: Reuters

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, zarba oqibatida halok bo‘lganlar bor.

«Biz bugun shunday zarbaga guvoh bo‘ldik. Siz kimga qarshi turganimizni ko‘rdingiz. Ularga qayerga zarba berishning farqi yo‘q, — degan Ukraina prezidenti Mitsotakis bilan qo‘shma matbuot anjumani vaqtida. — Hali barcha tafsilotlardan xabardor emasman, ammo qurbonlar va jarohatlanganlar borligini bilaman. Ularning yaqinlariga hamdardlik bildiraman».

Tongda Odessada havo trevogasi e’lon qilingan.

Protothema gazetasi Gretsiya hukumatidagi manbaga asoslanib bergan xabarga ko‘ra, rossiyaliklar raketasi Zelenskiy turgan joy yaqinida qulagan. Mitsotakis esa zarba vaqtida raketa tushgan joydan 150 metr masofada bo‘lgan.

Zelenskiyning Mitsotakis bilan uchrashuvi reja bo‘yicha o‘tgan.

Ikki yetakchining matbuot anjumani xavfsizlik nuqtayi nazaridan jonli efirda translatsiya qilinmagan.

Matbuot anjumani chog‘ida Mitsotakis bo‘lib o‘tgan hodisani shunday tasvirlagan: «Bizga juda yaqin joyda sirenalar ovozi va portlashlarni eshitdik. Biz himoyalangan joyga borishga ham ulgurmadik. Bu juda yorqin tajriba bo‘ldi».

«Bunday iliq qabul uchun minnatdorchilik bildiraman, — deya qo‘shimcha qilgan bosh vazir. — Rossiyaning yaqinda ro‘y bergan jirkanch zarbasi tufayli chin dildan hamdardligimni bildiraman. Bugun Odessada bo‘lib, shaharni aylanib, larzaga tushdim. Bu vayrongarchilikning dahshatli manzarasi, boshqa tomondan esa — ukrainlarning yengilmasligi va jasorati ifodasidir».

Mitsotakisning Odessaga tashrifi haqida oldindan rasman anons qilinmagandi.

Seshanba kuni kechqurun va chorshanbaga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar Ukraina hududi bo‘ylab, jumladan Odessa yo‘nalishida zarbdor dronlar uchirgandi. Mahalliy rasmiylar Odessa rayonida urib tushirilgan dron parchalari tushishi oqibatida dam olish maskani, gaz quvuri, xususiy sektordagi turar joy binosi shikastlangani haqida xabar bergan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top