Poytaxtdagi bir qancha mehmonxonalar menejyeri hisoblangan Dilshod Odilovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahar IIBB Migratsiya va  fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari xodimlari bir necha marotaba uning boshqaruvidagi mehmonxonalarga tashrif buyurgan.

IIV xodimlari “e-mehmon” tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tgan mehmonlarning haqiqatda ham o‘sha xonada yashayotganini tekshirishgan. Bu tekshiruvlar uchun hech qanday asos ko‘rsatilmagan. Bundan tashqari, tekshiruvlar soat ertalabki 5-7 oralig‘ida bo‘lgani uchun dam olishga kelgan ko‘plab sayyohlarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

Kun.uz bilan gaplashgan Toshkentdagi ko‘plab mehmonxonalar menejyerlari ham ushbu holatni tasdiqladi. Xususan, poytaxtdagi mehmonxona boshqaruvchilarining telegram guruhida o‘tkazilgan so‘rov qatnashchilarining 76 foizi tekshiruv bo‘lganini, 40 foizi IIV xodimlari xonalargacha kirganini tasdiqlagan.

«Dunyoning qaysi davlatida sizni kechasi uyg‘otib pasportingizni tekshirishgan? Bu kabi tekshirishlar hamma mehmonxonalarda bo‘lmoqda. Xavfsizlikni biz ham istaymiz. Lekin evi bilan tekshirish kerak-da!

Sharmanda bo‘lamiz bunaqada turistlar oldida. O‘zi bir nechtasiga sharmanda bo‘lib bo‘ldik. «Davlatingiz sizlarning elektron ro‘yxatga qo‘yganingizga yoki chegarachilaringizga ishonmaydimi?» - deyishyapti.

Prezidentimiz turizmni rivojlantiringlar demoqda, bu yoqda esa turizmga zarar berish uchun qo‘ldan kelganini qilishyapti. Bular esa yana eski O‘zbekistondagi holatga qaytishyapti, chunki bu narsalar 2016 yilgacha bo‘lgan, keyin tekshiruvlar bo‘lmay qolgandi. Hozir yana qaytyapti», - deydi Dilshod Odilov.

Holatga izoh olish uchun Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildik. IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq tekshiruvlar ayrim fuqarolarga noqulaylik keltirishi tabiiy va bu choralar butun dunyoda to‘g‘ri qabul qilinadi.