Ayni kunlarda Toshkent metropolitenining deyarli barcha bekatlariga kirish joylarida IIV xodimlari fuqarolarning sumkalarini tekshirib kirgizmoqda. Shu bilan birga, metropolitenning ichki qismida ham nazorat postlari faoliyat olib bormoqda.
Holatga izoh bergan IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov hech narsa o‘zgarmaganini, hamma narsa oldindan qanday rejalashtirilgan bo‘lsa, shunday ish ketayotganini bildirdi.
“Bu yerda hech qanday o‘zgarish yo‘q. Xodimlarning bu yerda turish-turmasligi bo‘yicha o‘zgaruvchan grafikka asoslanadi.
Keyin bu xodimlarning bu yerda bo‘lmay qolishi shaxsiy tarkibning rotatsiyasi, metroda xavfsizlikni ta’minlashning Toshkent shahar IIBBdan olib IIV tizimiga o‘tkazilgani kabilar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Lekin hech narsa o‘zgarmagan. Oldindan qanday rejalashtirilgan bo‘lsa, pastda ham, tepada ham ish ketyapti”, – dedi vazirning matbuot kotibi Kun.uz'ga bergan izohida.
Kun.uz bilan gaplashgan “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot kotibi Mirakbar Tolipov bu masalalar bilan IIV shug‘ullanishi, xavfsizlikni ta’minlovchi xodimlari sonini ular oshirmaganini bildirdi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta – 1 avgustda Sulaymonov Bahodir Bakibayevich “Toshkent metropoliteni” DUK Rejim va ichki xavfsizlik xizmati boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. Tayinlovga qadar u mazkur kompaniyada Korrupsiyaning oldini olish va ichki nazorat xizmati boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil noyabr oyida Toshkent metropolitenining ustki qismida xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlarining nazorat postlarini olib tashlash boshlangan edi.
O‘shanda bu haqda rasmiy bayonot bergan vazirlik matbuot xizmati 2018 yil oxiriga qadar barcha metro bekatlari ustki qismida ichki ishlar xodimlari xizmati tugatilishi, pastki qismdagi nazorat postlari avvalgiday o‘z faoliyatini davom ettirishini ma’lum qilgan.










