Jahon | 19:18 / 04.09.2022
52802
25 daqiqa o‘qiladi

Qirollik oilasining «popugini pasaytirgan» Diana: u qanday ayol edi?

Har yili 31 avgust kuni ingliz oriylari va dunyo siyosatiga befarq bo‘lmagan insonlar malika Diananing o‘limi haqida nimadir o‘qiydi. Ko‘pchilik Diana behad go‘zal ayol bo‘lgani, Parijda misrlik xushtori Dodi al Fayyed bilan birga avtohalokatga uchragani, hatto intervyularida bo‘lajak Britaniya qiroli bo‘lmish eriga vafo qilmaganini ayta oladigan darajada dangal ekanini biladi.

1983 yil. Uelc malikasi Diana Kanadaga tashrifi chog‘ida. Uning mashhurligi va o‘limi haqida minglab afsonalar yangraydi. U aslida qanday bo‘lganini ko‘pchilik bilmaydi yoki unutib yuborgan / TIM GRAHAM PHOTO LIBRARY

Uning hayoti ziddiyatlarga to‘la bo‘lgani ham ko‘pchilikka sir emas. Ammo bir jihatga hamma ham e’tibor beravermaydi: Diana dunyodagi eng qudratli davlatlardan biri bo‘lmish Britaniya qirollik oilasiga bo‘lgan qarashlarni butkul o‘zgartirib yuborgan. Qirollik oilasidagi oriylar o‘zini fuqarodan ustun qo‘yish ajablanishga ham arzimaydigan darajada oddiy holat ekanini his qilib yurgan bir vaqtda Diana bu oilada ham juda oddiy ro‘zg‘or tashvishlari sabab janjallashadigan odamlar yashashini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi. U oddiy fuqarolarga shunchalik yaqin bo‘ldiki, odamlardagi qirollik oilasi haqida tushunchalarining oyog‘i osmondan bo‘ldi.

Diana tabloidlarda yozilgani kabi faqatgina ishqiy mashmashalar ortidan mashhur bo‘lgan bugungi Instagram yulduzlari kabi model emas, dunyodagi eng qudratli oilaga samimiylik olib kirish orqali bu oiladagilar boshqalardan hech qanday farq qilmasligini isbotlagan malika edi. Ha, aynan shuning uchun odamlar Dianani qirolicha uni oiladan haydab chiqarganidan keyin ham malika deb atashda davom etishdi.

BBC rus xizmati jurnalisti Yana Litvinova malika Diananing ziddiyatli hayotidagi ko‘pchilik e’tibor bermaydigan jihatlariga e’tibor qaratib, maqola yozdi.

1997 yil 31 avgust kuni Parijgagi Alma ko‘prigi ostidan o‘tuvchi tonnelda yosh ayol avtohalokatga uchradi va bir necha soat o‘tib kasalxonada halok bo‘ldi. Qizligida uni Diana Spenser deb, turmushga chiqqanidan keyin esa Uels malikasi janobi oliyalari, ajrashganidan keyin shunchaki Diana, o‘limidan keyin esa «xalq malikasi» deb atashardi.

Diana vafot etgan 1997 yilning 31 avgustidayoq u yashagan Kensingtondagi saroy gullarga to‘ladi. Keyinchalik gul ko‘pligidan saroyga 10 metrgacha yaqin borib bo‘lmay qoladi. Foto: JACK TAYLOR

25 yil – vafot etgan mashhurlarni tobora kamroq eslash va tobora tezroq unutish uchun yetarli vaqt. Ammo Diana va uning o‘limi haqida hamon gapirishadi. Uning hayoti boylik, mashhurlik, go‘zallik va intilish jamlangan butun boshli afsonaga aylanib ulgurgan. Boshqalarga o‘xshamaydigan xarakter sohibi bo‘lgan Diananing hayotini odamlarning o‘zi afsonaga aylantirgan.

Ammo bu boradagi haqiqat ham unchalik zerikarli emas. Zero u bejirim suratlardagi hayotning boshqa jihatlariga qarash, hayot faqat yaxshi va yomon tugaydigan ertakdan iborat emasligini eslatib turadi.

Malika Diana emas, Uels malikasi Diana

Diana oilaning boyligi bo‘lmish Charlzning katta buvisi – qirolicha Merining taqinchog‘i bilan. Charlz to‘y vaqtida shahzoda maqomida bo‘lmaganda Diana malika bo‘lmasdi. Foto: PRINCESS DIANA ARCHIVE

Ko‘pchilik Dianani shunchaki malika Diana deb atashga odatlangan, ammo bu boshqa ma’no anglatishi haqida o‘ylab ko‘rmagan. Gap shundaki, ism oldidan «malika» so‘zi monarxning qizi yoki qiz nabiralariga nisbatan ishlatiladi. Diana esa qirollik oilasining kelini bo‘lgan. Yelizavet II'ning qizi Anna. Diana esa kelinlik vaqtida Uyels malikasi deb chaqirilgan.

Keyt Middlton shahzoda Uilyamga turmushga chiqib gersoginyaga aylandi. Uning eri Uels shahzodasi unvonini olsa, Middlton ham marhum qaynonasi kabi Uels malikasi deb ataladi, malika Ketrin deb emas. Bu bir qarashda bir xil narsadek, ammo aslida farqli.

Xalq malikasi, lekin xalqdan chiqqan malika emas

Diananing ota-onasi Eltor va Frensis Kayddning to‘yi. Yoshlar Vestminster abbatligi zinapoyalarida turishibdi. Bu yerga oddiy odamlar chiqishiga ruxsat berishmaydi. Foto: TERRY DISNEY

Shahzoda Charlz oddiy qizga uylandi deb bo‘lmaydi. Britaniya qirollik oilasi talabiga ko‘ra, shahzodalarning bo‘lajak rafiqalari ikki talabga javob berishi kerak: oriylar avlodidan bo‘lishi va bokira bo‘lishi. Diana har ikki talabga ham javob bergan. Chunki uning tanasida qirollik qoni ham oqqan.

Spenserlarning birinchisi bo‘lgan Jon graf darajasini 1765 yilda olgan. Uning qizi ledi Jorjiana Spenser Devonshirsk gersogiga turmushga chiqadi. U haqda Kira Naytli ijrosidagi «Gersoginya» filmi ham suratga olingan. Diana Britaniyaning afsonaviy bosh vaziri Uinston Cherchil bilan qarindosh bo‘lgan. Oilaning qirol Karl II bilan ham qarindoshligi bor. Malikaning ajdodlari orasida qirolning ikki nafar noqonuniy o‘g‘illari Henri Fitsr va Charlz Lennoks ham bo‘lgan. Diana va qirol Karlning qarindoshligi uzoq o‘tmishda yashagan Mariya Styuart ismli ayolga borib taqaladi.

Bo‘lajak malika 1 yoshga to‘lgan kun. Surat Sandringem atrofida olingan. Spenserlar Vindzorlar bilan qo‘shni bo‘lishgan.
HULTON ARCHIVE

Bundan tashqari, Diana va Charlz uzoq qarindosh ham. Henri VII qizlari Margaret va Meri ularning ajdodidir. Diananing akasi hozirgi qirolichaning tutingan ukasi bo‘lgan. Uning buvisi esa Gerorg V'ning xotini qirolicha Merining xizmatkorlaridan biri bo‘lgan.

Britaniyadagi oriylar hayotiga oid ma’lumotlarni to‘plab boruvchi Burke's Peerage nashrining yozishicha, qirollik oilasiga Spenserlardan yaqinroq bog‘langan oila bo‘lmagan. Shu sabab Diana qirollik oilasiga kelin bo‘lib tushganidan keyin hayratda qolgan, deyish to‘g‘ri emas. Boshqacha aytganda, u «qurbonlikka keltirilgan jonliq» bo‘lmagan, qirollik oilasida o‘zini nimalar kutayotganini juda yaxshi bilgan. Ya’ni Diana o‘zini hech nimani bilmaydigandek qilib ko‘rsatishni yaxshi uddalagan va bu unga OAVdagi chiqishlarida qo‘l kelgan.

Diananing ukasi vikont Eltor oilaga qarashli mulk fonida. Diana aynan mana shu hududda dafn etilgan. Foto: IAN TYAS

Diananing uyatchan emasligi uni qirollik oilasidagi boshqa a’zolardan ajratib turardi

Odamlar orasida keng tarqalgan fikrga ko‘ra, Diana diqqat markazida bo‘lishni yoqtirmagan va buni o‘z vazifasining bir qismi o‘laroq majburan amalga oshirgan. Yelizaveta II'ning sobiq matbuot kotibi Dikki Arbiter bu fikrni rad etadi. «U bilan to‘ydan 3-4 kun avval tanishdim. Uni uyatchan Di deb atashar, chunki u odamlar bilan gaplashganda boshini egib olardi. Ammo bu uyatchanlikdan emas, u doim bo‘yi balandligini (178 sm) eslab turgan. U gaplashayotgan odamiga noqulay bo‘lmasin uchun boshini egib olgan», degan sobiq kotib Vogue bilan suhbatda.

Dianaga berilgan «oddiy va uyatchan» ta’riflari to‘g‘ri emasdi. Foto: CENTRAL PRESS

Diananing ukasi bo‘lmish graf Spenser ham opasi uyatchan bo‘lmaganini aytadi. «Lekin u o‘zini qanday tutishni bilardi. Birinchi marta gaplashayotgan odamiga javob berishdan avval suhbatdoshi qanday odam ekanini tahlil qilardi. Bu uyatchanlik emas, topqirlik», deydi u.

Diana va Charlz irlandlar tomonidan o‘ldirilgan shahzoda Filippning amakisi lord Mauntbetten sharafiga o‘tkazilgan ko‘rgazmada. Suratda Diana va Charlzning bo‘yi deyarli teng ekani va malika boshini yengil egib turganini ko‘rish mumkin. Foto: BETTMANN

Diana samimiy bo‘lmaganmi?

Diananing xiyonat qilgani, bilimiya (ovqatlanish ratsioni buzilishi orqali sodir bo‘ladigan ruhiy kasallik) bilan kurashishi, o‘z joniga qasd qilishga urinishlari haqida gapiradigan darajada ochiqligi atrofida ko‘p muammolarni paydo qilgan. Shu sabab Diana dangal va haqiqatgo‘y bo‘lgan deyish mumkin. Uning ukasi dafn marosimida dunyo opasining rostgo‘yligiga qoyil qolishi kerakligini aytgan edi. Ammo u bir necha yil avval opasi o‘z hikoyalariga «bezak berib gapirishi»ni ham ta’kidlagan.

Shov-shuvli intervyu

Diana Martin Bashir bilan intervyuda. Qirolicha Yelizaveta II bu intervyudan keyin Diana va Charlz tezroq ajrashsa, yaxshi bo‘lishini aytgan.

1995 yil Diana BBC jurnalisti Martin Bashirga intervyu beradi. Suhbatda xususan shunday joy bor:

Bashir: Qirolicha 1992 yilni «dahshatli» deb atagandi. Aynan o‘sha yili Endryu Martinning siz haqingizdagi kitobi chiqqandi. To‘g‘risini ayting, Martin bilan ko‘rishganmisiz yoki uning kitobi yozilishida yordam berganmisiz?

Diana: U bilan ko‘rishmaganman.

Bashir: Kitobni yozishiga yordam berganmisiz?

Diana: Ko‘plar hayotim qayg‘uga to‘lganini ko‘rgan va ular menga yordam berish orqali qo‘llab-quvvatlayman deb o‘ylagan.

Malikaning o‘limidan keyin ma’lum bo‘ldiki, u chindan Morton bilan ko‘rishmagan bo‘lsa-da, unga juda ko‘p ochiq gaplari yozilgan qaydlarni yuborgan. Bu esa kitob chinakam bessellerga aylanishiga sabab bo‘lgan.

Keyinchalik Mortonning o‘zi ham kitobining asosiy ma’lumotlarini Diananing o‘zi berganini aytgan. Bu ma’lumot to‘g‘ri ekaniga Diananing boshqa do‘stlari ham ishora qilgan.

1991 yil. Malika va shahzoda Kanadaga rasmiy tashrif vaqtida. Bu suratdan bir yil o‘tib Mortonning birinchi shov-shuvli kitobi nashrdan chiqadi. Foto: TIM GRAHAM PHOTO LIBRARY

Charlz birinchi xotinini sevmaganmi?

Diana va Charlz, Uilyam va Keyt Middlton to‘yidagi farq. Bu surat ikki oila qanchalik farqli ravishda tuzilganini ifoda etadi.

Charlz xotini bo‘lgan vaqtda Dianani sevmagani, u doim Kamillani sevgani haqida ko‘p gapirishadi. Diana va Charlz bir-birini sevganmi, yo‘qmi? Bu amerikaliklarning ta’biri bilan aytganda «million dollarlik savollar». Ammo bu savollarga hech qachon aniq javob olishning imkoni yo‘q, chunki tomonlardan biri allaqachon o‘lib ketgan, ikkinchi tomon esa oilaviy maqomidan kelib chiqqan holda bu borada haqiqatni ayta olmaydi.

Diananing hayotini juda chuqur o‘rgangan Martin Bashir suratga olgan hujjatli filmga ishonadigan bo‘lsak, juftlik orasida hech qanday muhabbat bo‘lmagan. Filmda Diananing kelib chiqishini o‘rgangan astrolog Penni Tornton ham gapirgan va Diana unga to‘yi arafasida Charlz uni sevmasligini aytganini hikoya qilib bergan. «Aftidan u bo‘lajak rafiqasini aldashni istamagan va hammasi haqqoniy boshlanishini istagan. Bu esa Dianani tiriklayin o‘ldirgan», deydi Tornton.

Juftlikning Avstraliyaga ilk rasmiy safari. Bir qarashda ular juda xursanddek ko‘rindi. Foto: TIM GRAHAM PHOTO LIBRARY

Ammo Diananing bu gaplari diktofonga yozilmagan ekan, u fakt bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, Diana shunday degan bo‘lsa ham, buni haqiqat deb bo‘lmaydi. Chunki u aldamaganiga kafolat yo‘q.

Yuqorida nomi tilga olingan qirolichaning matbuot kotibi Dikki Arbiter intervyularidan birida yoshlar turmush qurgan vaqtlarida bir-biriga bo‘lgan munosabati yomon bo‘lmaganini aytadi: «Men 1981 yil ularning birinchi rasmiy safariga hamrohlik qilganman. Diana 80 yil ichidagi ilk Uels malikasi bo‘lgani uchun unga qiziqish juda katta edi. Charlz har doim uni erkalashga intilar, ba’zan quchoqlab olardi», deydi jurnalist.

Diananing yuqoridagi intervyusida eng shov-shuvli joyi eri o‘zidan keyingi xotini Kamillani sevganiga ishora qilgani bo‘lgandi: «Turmushimiz uch kishilik edi, shu sabab odam ko‘payib ketgandi deb o‘ylayman» degandi malika. Diana Kamilla ularning oilasi buzilishida qanchalik rol o‘ynagani haqidagi savolga shunday javob bergan.

Charlzning ikki xotini ko‘p taqqoslanadi. Suratda shahzodaning birinchi va ikkinchi xotini Diana hamda Kamilla Vatikanga 24 yil farq bilan amalga oshirgan tashrifi chog‘ida. To‘g‘ri, bu suratda Kamilla ancha katta yoshda, ammo uning yoshligida ham shahzoda Dianaday chiroyli ayolni unchalik chiroyli bo‘lmagan Kamillaga qanday almashgan, degan savollar ko‘p berilardi. Foto: ANWAR HUSSEIN

Monarxlar muhabbati haqida yozishi bilan tanilgan Elinor Xerman bu «sevgi uchburchagi»ni shunday ta’riflagan: «Diana juda go‘zal, ammo tutqich bermaydigan darajada hissiyotga boy bo‘lgan. Diana Charlzga baqirgan, haqorat qilgan, u esa jimgina Kamillaning oldiga borgan. U shahzodani vino yoki pishloq bilan mehmon qilgan, qiziqarli biror voqea aytib bergan. Ularning farqi shunda», deydi Xerman.

Shu o‘rinda Diananing o‘zida ham ishqiy mashmashalar ko‘p bo‘lgani bor gap. U aynan kim bilan ilk marta xiyonat qila boshlaganini esa endi bilib bo‘lmaydi.

Charlz Dianaga emas boshidan sevgan Kamillaga uylanganida voqealar qanday rivojlangan bo‘lishini endi bilib bo‘lmaydi. Foto: 
CHRIS JACKSON

Diana OAV va tabloidlar qurboni bo‘lgan deyish to‘g‘rimi?

Diananing qirollik oilasi kelini bo‘lgan 1980-yillardan o‘limiga qadar (1997) OAV bilan munosabati unchalik yaxshi bo‘lmagan. U ham ko‘pchilik oriylar kabi o‘zini faqat maqtashlarini istagan, tanqidlarni xushlamagan, o‘zini har yerda kuzatib yuradigan jurnalistlarni keskin tanqid qilgan. O‘z navbatida odamlarning o‘zi haqidagi fikrlarini manipulyatsiya qilish uchun OAVdan foydalanishni ham kanda qilmagan.

Diana suratga qanday tushishni juda yaxshi bilgan. Foto: TIM GRAHAM PHOTO LIBRARY

1992 yilda oilaning darz ketishi tobora aniq bo‘lib borayotgan bir vaqtda Diananing Toj-Mahalda yolg‘iz, xuddi tashlab ketilgan ko‘yi tushgan surati butun dunyoda shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Axir Toj-Mahal rafiqaga muhabbatning ajoyib ramzi sifatida e’tirof etiladi, shu sabab bu suratning turgan bitgani ramz edi. Dunyodagi tabloidlar bu suratni o‘zlarining silliq muqovalarida bosib xohlaganlaricha sarlavha qo‘yishdi. Ammo ko‘pchilik e’tibor bermagandiki, Hindiston safarida Diana va Charlz birga edi.

Diana fojiali tarzda o‘lganining ertasigayoq dunyo matbuotida uni alqab yoza boshlashdi, ammo tirikligida u OAVdan doim o‘z manfaatlari yo‘lida foydalangani g‘iybat qilinardi. Tor doiralarda Diana xiyonatkor eriga qarshi kurashda OAVdan asosiy qurol sifatida foydalangani gapirilardi. Masalan, o‘sha Toj-Mahaldagi suratni ham uning o‘zi aynan o‘shanday ko‘rinishda oldirgan.

Diananing Toj-Mahal oldida yolg‘iz tushgan mashhur surati. Foto: ANWAR HUSSEIN

Hindistondagi surat Diana odamlar fikrini OAV orqali manipulyatsiya qilishga uringan juda ko‘p holatlardan biri xolos. Masalan, juftlik ajrashib ketishidan biroz avval 1992 yil Diananing otasi o‘lib qoladi. Charlz tabiiyki qaynotasining dafn marosimiga borishga otlanadi. Diana esa uni marosimda ko‘rishni istamasligini aytadi.

Shu sabab shahzodaning shotirlari u qaynotasining dafn marosimiga oilaviy tushunmovchilik sabab bormagandek ko‘rinmasin uchun tezda go‘yoki oldindan tashkillashtirib qo‘yilgan uchrashuv uyushtirishadi. Qolganini esa jurnalistlarning o‘zi ilib ketishadi: OAVda Charlz Dianani hatto otasining dafn marosimida yolg‘iz qoldirdi degan mazmunda sarlavhalar bilan hatto malikaning o‘zini ham yig‘lashga majbur qilishadi.

Diana shahzoda Charlz unga uylanganining ertasigayoq fotograflar uni suratga olishga zo‘r berishadi. Foto: MIRRORPIX

Ismini oshkor qilishni istamagan gazeta muharrirlaridan biri Diana OAVdan qanday ustalik bilan foydalanganini gapirib bergandi. Uning aytishicha, Diana bu borada yaxshigina siyosatchi bo‘lgan. Diananing OAV bilan munosabati bugungi kunda qanday bo‘lardi, degan savolga javobni esa o‘ylab ko‘rishning o‘zi qiyin. Chunki mashhurlarning harakati ijtimoiy tarmoqlarda kichik detallargacha muhokama qilinayotgan zamonda buni tasavvur qilish qiyin.

Diana hayotlik chog‘idagi eng oxirgi surati. U misrlik Dodi al Fayyed bilan Parijdagi Alma ko‘prigi ostidan o‘tuvchi tunneldan mashinada ketmoqda. Bu surat olinganidan bir daqiqa o‘tib mashina tunnel tayanchiga urilib avariyaga uchraydi. Foto: LANGEVIN JACQUES

Diananing o‘limi baxtsiz hodisa bo‘lgan

Alma ko‘prigi ostidan o‘tuvchi tunnelga haligacha butun dunyodan sayyohlar boradi. Foto: GETTY IMAGES

Ha, atay bo‘lmagan deb yozmadim. Uning o‘limi haqida ming xil surishtiruvlarni ko‘rish mumkin, ammo bu qotillik bo‘lgan deydiganlar hech qanday isbot keltira olmaydi. Agar bu qotillik bo‘lgani haqida iddaolarga qiziqsangiz, BBC'ning bu boradagi «Fitna nazariyasi» filmini tomosha qilishingiz mumkin.

Dodining otasi o‘g‘li va Diana sharafiga bunyod qilgan Harrods univermagidagi yodkorlik. Uning do‘koni qatarlik tadbirkorga sotilganidan keyin yodgorlik olib tashlangan. Dodining otasi uni o‘z uyiga olib ketgan. Yodgorlik ostiga «aybsiz qurbonlar» deb yozilgan. Muhammad al Fayyed hamon o‘g‘li va Diana o‘ldirilgan deb hisoblaydi. Foto: JOHN D MCHUGH

Bu boradagi fikrlar qarama-qarshiligini quyidagi ko‘rinishda keltirish mumkin:

Iddao: Diana ishqiy munosabatda bo‘lgan oxirgi erkak Dodi al Fayyed unga nikoh uzugi sotib oladi. Ular turmush qurishni maqsad qilishadi.

Qarshi fakt: Diana do‘stlariga bu shunchaki sovg‘a bo‘lgani, «birinchisidan qutulib, tezda ikkinchisiga tutilishni istamayotganini» aytadi.

Iddao: Dodi al Fayyedning otasi Muhammad al Fayyedning fikricha, Diana homilador bo‘lgan, Britaniya isteblishmenti esa bo‘lajak qirolning musulmon ukasi bo‘lishini hazm qila olmagan.

Qarshi fakt: Diananing yaqin do‘stlari esa dugonasi Dodi bilan Parijga dam olishga ketishidan 10 kun avval u bilan bir hafta vaqt o‘tkazgani, u homilador bo‘lmaganini aytgan.

Diana va Dodi halokatga uchragan mashina. Avariyada faqat qo‘riqchi tirik qoladi. Mashinadagilar orasida faqat u xavfsizlik kamarini taqqan bo‘lgan. Foto: PIERRE BOUSSEL

Iddao: Halokat kuni Diana o‘tirgan mashina haydovchisi mast bo‘lmagan, u maxsus xizmatlarning o‘zini ham o‘ldirish orqali qotilliklarni sodir etish guruhi vakili bo‘lgan. Uning qoni bo‘lgan probirkalar almashtirib qo‘yilgan.

Qarshi fakt: O‘tkazilgan qon analizlaridan ma’lumki, haydovchi mast bo‘lgan. Uning qonini almashtirib qo‘yishgani ham bo‘lmagan gap, chunki haydovchining qoni uning ota-onasiniki bilan ham solishtirib DNK testi o‘tkazilgan va probirkada uning qoni bo‘lgani tasdiqlangan.

Iddao: MI-6 haydovchining ko‘zini maxsus nur bilan qamashtirgan.

Qarshi fakt: Qiziq, nega unda mashinani kuzatgan va rasmga olgan paparatssidagi haydovchining ko‘zi qamashmagan?

Iddao: Tez yordam Dianani atay kechroq kasalxonaga yetkazish uchun juda sekin harakat qilgan. Atay juda uzoqdagi kasalxonaga olib borishgan.

Qarshi fakt: Tez yordam voqea joyiga 6 daqiqada yetib borgan. Bu vaqtda Diananing yuragi to‘xtab bo‘lgan va shifokorlar tez yordam mashinasida jonlantirish amaliyotini o‘tkazgan. Mashina chindan sekin yurgan, chunki bunday holatda tezlik bemorga hayotga qaytarib bo‘lmaydigan darajada salbiy ta’sir qilishi mumkin. Olib borilgan kasalxona ham uzoq bo‘lgani uchun emas, og‘ir jarohatlarga moslashgan bo‘lgani uchun tanlangan.

Parijdagi Pite-Salpetriyer kasalxonasi. Shifokorlar bir necha soat davomida Dianani jonlantirishga harakat qilishadi.

Yana bir fakt: Diana xavfsizlik kamarini taqqanida tirik qolgan bo‘lishi mumkin edi.

Diananing eng yaqin dugonalaridan biri Roza Monkton malika o‘ldirilgani borasidagi nazariyalarni safsata deb hisoblaydi. «U juda noodatiy ayol edi, shu sabab uning o‘limini oddiy qabul qilishlari qiyin bo‘lgan deb o‘ylayman», degandi Monkton.

So‘ngso‘z o‘rnida

TIM GRAHAM PHOTO LIBRARY

Diana Spenser va uning o‘limi haqidagi miflar bu ayol munosib tarzda mashhurlikka erishganini rad eta olmaydi. U ko‘plab xayriya tadbirlarida ishtirok etgan, ijtimoiy loyihalarni qo‘llagan, jamoatchilik e’tiboridan chetda qolgan odamlar – bemorlar, mina portlashidan nogiron bo‘lib qolgan bolalar, qochoqlar, uysizlar, OIV infeksiyasi bilan og‘riganlarga yordam bergan.

U har qanday insonni o‘ziga teng olib gaplashgan, Britaniya qirollik oilasini o‘zgartirgan, o‘z navbatida odamlarning oilaga bo‘lgan munosabatini ham o‘zgartira olgan.

Diananing hayotini u haqdagi ushbu uch iqtibos yaxshigina ochib beradi:

«Bu dahshatli davrda ham Yaratgan bizdan marhamatini darig‘ tutmagani uchun undan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Ha, u bizdan Dianani yosh va go‘zal vaqtida oldi, ammo avvalo faxr bilan opam deb atay oladigan shunday ajoyib ayolni bizga bergani uchun Unga minnatdorchilik bildirishimiz kerak. Yuzi kabi qalbi ham go‘zal Diana doim yuragimizda qoladi». Graf Spenser. Diananing ukasi.

Londondagi Gayd-parkda Diana sharafiga bunyod etilgan favvora-yodgorlik. Foto: MIRRORPIX

«Diana o‘lmagandek, shunchaki Almadagi ko‘prik ostida sirpanib 1997 yil kuzida yana ko‘rinish berish uchun ko‘rinmay qolgandek. Cheklash, o‘lchash, vaqt bilan chegaralash kabi narsalar Dianaga mos kelmasdi». Hilari Mantel. yozuvchi.

Diana Eltordagi oilasiga tegishli kichik orolda dafn etilgan. Foto: PRINCESS DIANA ARCHIVE

«Savolga o‘rin qoldirmaydigan sevgigina sinovdan o‘ta oladi,

U eng qadrli narsalarni shu yo‘lda qurbon qila oladi,

Nima taklif qilinsa ham o‘zgarmaydi, qo‘rqmaydi,

Kerak bo‘lsa hayotini ham qurbon qiladi».

Diana Charlz bilan to‘yi uchun tanlagan qo‘shiq.

Mavzuga oid