Sport | 19:36 / 08.09.2022
11736
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Combat jiu-jitsu assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari tayinlandi

Bugun, 8 sentabr kuni Buxoro shahrida O‘zbekiston Combat jiu-jitsu assotsiatsiyasining seminar treningi va navbatdan tashqari konferensiyasi tashkil etildi.

Foto: O‘zbekiston "Combat jiu-jitsu" assotsiatsiyasi matbuot xizmati

Konferensiyada Xalqaro Combat jiu-jitsu federatsiyasi prezidenti Vladislav Shipinskiy, Osiyo Combat jiu-jitsu federatsiyasi prezidenti Ata Adayev, O‘zbekiston Combat jiu-jitsu assotsiatsiyasi mutasaddilari, hakamlar hay’ati, sportchi va murabbiylar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirni O‘zbekiston Combat jiu-jitsu assotsiatsiyasi bosh kotibi G‘ayrat Nabiyev boshlab berdi va kun tartibi bilan tanishtirdi.

Kun tartibiga binoan, G‘ayrat Nabiyev assotsiatsiya raisining buyrug‘ini o‘qib eshittirdi. Unga ko‘ra, assotsiatsiya raisining birinchi o‘rinbosari sifatida Otabek Shuhratovich Islamov faoliyat olib boradigan bo‘ldi.

Shuningdek, Alisher Rustambekovich Bobojonov rais o‘rinbosari, Qodir Rahmatulloyevich Kuliyev raisning xalqaro munosabatlar bo‘yicha o‘rinbosari, Riza Japparali o‘g‘li Safarov esa assotsiatsiyada ijrochi direktor lavozimlariga tayinlandi. Ulug‘bek Axtamovich Rahmonov esa Combat jiu-jitsu bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi.

Assotsiatsiya raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Otabek Islamov so‘zga chiqar ekan, tashkilotda ishlarni yanada jadalashtirish hamda rejaga asosan bo‘lib o‘tadigan musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish, respublika miqyosida o‘tkaziladigan musobaqalarda g‘olib bo‘lgan sportchilarni nufuzli halqaro musobaqalarga munosib tayyorlash zarurligini alohida ta’kidladi.

Ayniqsa, bugungi kunda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirib, ularni turli nopok yo‘llarga kirib ketmasliklarini oldini olish bilan bir qatorda sport orqali tarbiyalab, jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk qilib tarbiyalash asosiy maqsad ekanini ta’kidladi. Besh muhim tashabbusda belgilab berilgan vazifalardan biri bu yoshlarni sport to‘garaklariga jalb etish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlashdir. 

Shu bois, o‘tkazilayotgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad:

Combat jiu-jitsu jang san’atining O‘zbekistonda rivojlanishi va hozirgi vaqtdagi holatini tahlil etish, Combat jiu-jitsu jang san’atini o‘zlashtirish jarayonida qiyinchiliklarni yengib o‘tish orqali o‘smirlar va yoshlarning chidamlilik hamda chaqqonlik sifatlarini oshirishdan iborat.

Raisning birinchi o‘rinbosari assotsiatsiya oldida turgan muhim vazifalardan biri sifatida, ushbu sportga faqatgina o‘g‘il bolalar emas, balki qizlarni ham keng jalb qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, Combat jiu-jitsu bo‘yicha shu kunlarda Buxoro viloyatida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgani, ushbu musobaqaga O‘zbekiston terma jamoasi tayyorgarlikni kuchaytirish zarurligini aytib o‘tdi. Combat jiu-jitsu sportini yanada ommallashtirish lozimligi haqida fikr bildirildi.

So‘z yakunida esa barcha tadbir ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirib, ushbu xayrli ishlarda tinimsiz mehnat qilib, O‘zbekiston sportchilarini dunyoga tanitish uchun tun-u kun mehnat qilish lozimligi xaqida to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Xalqaro Combat jiu-jitsu federatsiyasi prezidenti Vladislav Shipinskiy ushbu sport turi O‘zbekistonda ham rivojlantirilayotganidan mamnunligini ta’kidladi va o‘zbek sportchilariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan so‘ng, konferensiya ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. 

O‘zbekiston Combat jiu-jitsu assotsiatsiyasi matbuot xizmati