Navoiyda bir bog‘chada 20 nafar bola kasallandi. Holatga yegulik sabab bo‘lishi mumkin
Karmana tumanidagi 6-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida 20 nafar bola birdaniga oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi tashxisi bilan kasallangan. Ularning 10 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Holat 7 sentabr kuni sodir bo‘lgan. Bog‘chadan qaytgan bolalarning ayrimlarida isitma chiqishi, ich ketish va qayd qilish holatlari kuzatilgan. Mazkur bog‘chaga qatnovchi 20 nafar bolaning ota-onasi shifoxonaga murojaat qilgan hamda 10 nafar bola tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan. Ikki kunlik muolajadan so‘ng ularga ham javob berilgan.
Bitta bog‘chadan turli yosh guruhlaridagi bolalarning bir vaqtda oshqozon-ichak faoliyatining buzilishi tashxisi bilan kasallanishi yegulik bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Biroq Karmana tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Isomiddin Nodirov bolalarning ovqatdan zaharlanganini rad qildi.
“Markaziy shifoxonaning yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan bolalarda ich ketish, tana haroratining ko‘tarilishi, qayt qilish holatlari kuzatilgan. Shu sababli, ovqatdan zaharlanish bo‘lmadimikan degan taxminda o‘sha kuni bolalarga berilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan sinamalar olindi. To‘g‘ri, holat kuzatilgan, infeksiya bo‘lgan, ammo bu to‘g‘ridan to‘g‘ri ovqatdan zaharlanish emas. Sababi, biz bolalarni 3 kun kuzatdik, kasallikning klinik belgilari zaharlanishga to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, laboratoriya tekshiruvlarining dastlabki natijalari ham ijobiy xulosa berdi. Shu sababdan biz ovqatdan zaharlanish taxminini rad qildik”, — deydi Isomiddin Nodirov.
Karmana tumani tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasining yuqumli kasalliklar bo‘limi vrachi Erkin Jo‘rayevga ko‘ra, oshqozon-ichak kasalliklarining yuqishi asosan og‘iz orqali bo‘ladi:
“Oshqozon-ichak kasalliklari aksariyat hollarda sifatsiz oziq-ovqat, suv, sut, poliz mahsulotlari hamda mevalarni iste’mol qilish orqali kelib chiqadi. Yaqin vaqt oralig‘ida boshqa bog‘chalardan bu kabi guruh bo‘lib og‘rish holati kuzatilgani yo‘q. Hozirda kerakli tahlillar olinib, bakteriologik laboratoriyaga berilgan. Natijalar chiqqach aniq xulosaga kelish mumkin bo‘ladi”.
6-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti Karmana tumanidagi eng ko‘p qatnovga ega bog‘chalardan biri hisoblanadi. Mazkur bog‘chaga 300 nafardan ortiq bola keladi. Mudira Dilshoda Zokirovaning ta’kidlashicha, 1991 yilda faoliyatini boshlagan maktabgacha ta’lim tashkilotida shu kungacha bunday holat kuzatilmagan.
“Holatga nima sabab bo‘lganini hozircha biz ham bilmaymiz. O‘sha kuni bog‘chamizda davomat tushib ketdi. Sababini surishtirib, ota-onalar bilan bog‘lansak, bolalarning isitmasi ko‘tarilib, qayt qilayotganini aytishdi. Darhol tuman DSENMga murojaat qildik. Hozirda barchasi nazoratga olingan, bog‘chada bir necha bor dorilash va tozalash ishlarini amalga oshirdik.
Ta’minotchi korxona oziq-ovqat mahsulotlarini kunlik olib keladi. Bosh hamshira va kuzatuv kengashidagi 2 nafar ota-ona guvohligida mahsulotlar qabul qilib olindi. Ta’minotchi ularning iste’molga yaroqliligi haqidagi hujjatlarni elektron tarzda bizga taqdim qiladi. Bir kun oldin menyu tuziladi va buni bosh hamshiramiz nazoratga oladi. Ayni o‘sha kuni bolalarga ertalab kasha, soat 10:00da uzum, tushlikka sho‘rva va palov, 15:30da esa tvorog berilgan edi”, — deydi Dilshoda Zokirova.
Mudira ta’minotchi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining iste’molga yaroqliligi haqidagi hujjatlar nusxasi kunlik elektron tarzda ularga taqdim qilinishini ta’kidladi. Lekin bizga o‘sha kungi hujjatlarni na mudira, na bosh hamshira topib ko‘rsata olmadi.
Mazkur bog‘cha ta’minotchisi “Kids Maxi Navoiy” MChJ hisoblanadi. Ochiq manbalarga ko‘ra, MChJ rahbari Po‘lat Ahmedov.
Kun.uz kasallangan bolalardan ayrimlarining ota-onalari bilan ham suhbatlashdi. Ularning ma’lum qilishicha, hozirda bolalarning ahvoli yaxshilangan, xavotirga o‘rin yo‘q. Laboratoriya xulosalari aniq bo‘lgach, bolalar qaysi yegulikdan yoki nimadan kasallangani oydinlashadi.
Mavzuga oid
10:57 / 20.01.2025
Navoiyda inspektor 16 yoshli bola boshqaruvidagi mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi
07:43 / 16.01.2025
11,5 gektar yerni 32 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
15:21 / 10.01.2025
Tanqiddan so‘ng: Navoiyda 167 xonadonli “novostroyka”ni 425 kishiga sotgan quruvchi qamoqqa olindi
19:28 / 05.01.2025