Jahon | 20:37 / 11.09.2022
29246
22 daqiqa o‘qiladi

Umidsizlik, ochlik va tartibsizlik. Hali ham hukumat tuza olmayotgan «Tolibon» boshqaruvidagi Afg‘onistonda ahvol qanday?

Emilio Morenatti / AP / Scanpix / LETA

O‘tgan haftada Kobuldagi Rossiya elchixonasida portlash ro‘y berdi. Portlash oqibatida Rossiyaning ikki diplomati halok bo‘ldi. Bu Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyatga kelgandan keyin yuz bergan ilk terakt emas. Terroristik aktlar soni bo‘yicha bugungi Afg‘oniston oldingi hukumat davridan farq qilmayapti. Mamlakatda yashash sharoitlari bir necha baravarga tushib ketgan, millionlab aholiga ochlik xavf solyapti, ishsizlik sezilarli darajada o‘sgan. Hali ham hukumat tuza olmayotgan «Tolibon» esa ichki kurashlardan ortgani yo‘q.

Hokimiyatdagi bir yil

Kobuldagi prezident saroyida. 2021 yil 15 avgust. Foto: Getty Images

2021 yil yozida bir necha yildan buyon Afg‘oniston oliy hokimiyati uchun kurashib kelgan «Tolibon» harakati jiddiy muvaffaqiyatlarga erisha boshladi. 15 avgust kuni poytaxt Kobul deyarli qarshiliksiz harakat qo‘liga o‘tdi. Mamlakatning dunyoviy hukumati rahbari, prezident Ashraf G‘ani xorijga qochib ketdi. 30 avgustda, bir necha kun davom etgan evakuatsiya jarayoni yakunida AQShning so‘nggi harbiysi Afg‘onistonni tark etdi. Shu bilan yigirma yillik urushdan so‘ng «Tolibon» yana Afg‘oniston boshqaruviga qaytdi. Ko‘pchilik endi Afg‘oniston tinchlikka erishishidan umid qildi. Biroq amalda bunday bo‘lmayapti.

«Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, boshqa jangari guruhlar, masalan IShIDni yenga olmadi. Xuroson viloyatida joylashgan ushbu terroristik harakat mamlakatda bir necha yirik teraktlar uyushtirdi va hatto Hirotni deyarli nazorat qila boshladi.

Ichki tartibni saqlash masalasidan tashqari ham «Tolibon» rahbarligidagi Afg‘oniston juda jiddiy va qiyin muammolar girdobiga tushib qolgan.

Iqtisodiy inqiroz

Afg‘onistonning oldingi, dunyoviy hukumati iqtisodiy mustaqillikka ega emasdi. Ushbu hukumat moliyaviy jihatdan to‘laligicha AQSh va Yevropa yordamiga tayangandi.

Tolibon jangarisi Kobuldagi ko‘prik ustida. 2022 yil 6 avgust. Foto: Reuters

«Tolibon» hokimiyatga kelishi bilan esa bu yordam to‘xtadi. Chunki G‘arb davlatlari «Tolibon»ni terroristik tashkilot sifatida bilishda davom etdi va unga qarshi sanksiyalar qo‘lladi. G‘arb moliyaviy yordam evaziga «Tolibon» oldiga mamlakatda bir qator demokratik islohotlar o‘tkazish talabini qo‘ydi (oldingi hukumat uchun ishlaganlarni ta’qib qilmaslik, ayollar huquqini cheklamaslik, senzura o‘rnatmaslik va hokazo). Ammo «Tolibon» va’da bo‘lgan bo‘lsa-da, bu talablarni bajarmadi.

Afg‘onistonning 2022 yilgi budjeti 2020 yilgiga nisbatan 60 foizga qisqardi. AQSh Afg‘oniston Markaziy banki aktivlarini muzlatib qo‘ydi, bu esa afg‘on regulyatorining ko‘plab asosiy funksiyalarini bajara olmasligiga olib keldi. Ko‘plab davlatlar «Tolibon» bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi va Afg‘oniston banklari hisobraqamlarini va tranzaksiyalarini bloklab qo‘ydi.

Axios nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda Afg‘onistonda asosiy tovarlar narxi 52 foizga o‘sgan va mamlakat aholisining o‘rtacha daromadi so‘nggi o‘n yildagi eng past darajaga (bir kishi uchun yiliga 375 dollar) tushgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti taxmin qilishicha, 2022 yilda mamlakatdagi ishsizlik darajasi 40 foizga (2021 yilda bu ko‘rsatkich 13 foizni tashkil etgan) yetib, aholining 97 foizi qashshoqlik chegarasidan ham past darajada yashashi mumkin. Hukumatning o‘zi ayollarning davlat sektorida ishlashini taqiqlash bilan ishsizlik yanada oshishiga sababchi bo‘ldi.

«Tolibon» tashqi qarz bo‘yicha avval Rossiya, keyinroq Xitoyga murojaat qildi. Ukrainada urush boshlangach, asosiy umidi Xitoy bo‘lgan «Tolibon» Pekinga yaqinlashish siyosatini boshladi.

Biroq Xitoy «Tolibon»ga qarz bergan taqdirda ham bir yildan beri hukumat tuzish bo‘yicha kelisha olmayotgan harakat pullarni hududlarga teng taqsimlay olishi va mahalliy hokimiyatlar bu pullarni kerakli sohaga yo‘naltirishi so‘roq ostida. Katta ehtimol bilan markazning qattiq nazorati ostida bo‘lmagan bu mablag‘lar talon-toroj bo‘lib ketadi. Chunki «Tolibon»ning ko‘plab qo‘mondonlari mamlakatning biror hududini o‘ziniki qilib olgan va ular ajratilgan pulni hudud rivojlanishi yoki gumanitar ta’minotiga emas, o‘zlarining shu hududlarda mustahkamlanib olishiga sarflashi mumkin.

Dahshatli gumanitar ahvol

Bugungi kunda deyarli 40 million aholiga ega Afg‘oniston xalqining yarmi qashshoqlik darajasi chegarasida yashaydi. Yigirma milliondan ortiq afg‘onistonlik yetarli oziq-ovqatga ega emas, ularning ko‘pchiligi ochlik bilan kurashmoqda. Ikki milliondan ortiq afg‘on bolalari esa to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekadi.

BMT Jahon oziq-ovqat dasturi doirasida Afg‘onistonga jo‘natilayotgan gumanitar yordam

Vaziyat qurg‘oqchilik, kamhosillik va 2022 yil iyun oyidagi kuchli zilzila tufayli yanada og‘irlashdi. Mamlakat sharqida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, olti mingga yaqini esa jarohatlangan. BMT o‘nlab aholi punktlari to‘liq yoki qisman vayron bo‘lgani haqida xabar berdi.

Afg‘onistondagi gumanitar yordam masalalari bilan asosan davlat emas, xalqaro tashkilotlar shug‘ullanmoqda. 2022 yilning o‘zida Termizda tashkil etilgan logistika habi orqali Afg‘onistonga 42 ming tonna mahsulot yetkazib berilgan. Biroq bu juda kam. «Tolibon» hozirda gumanitar masalalarni mustaqil hal qilishga qodir emas va shu bois xalqaro tashkilotlarning faoliyati xavfsizligini ta’minlashga harakat qilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar esa fevralda boshlangan Rossiya bosqini sabab asosiy e’tiborni Ukrainaga qaratdi. Bu esa Afg‘onistonga yordam kamayishi va aholining ahvoli yanada og‘irlashuviga olib kelmoqda. Mart oyida BMTda Afg‘oniston uchun so‘ralgan 4,4 milliardlik yordam paketining yarmidan sal ko‘prog‘igina yig‘ilgan. AQSh va Yevropa moliyaviy yordam paketlarini Ukrainaga yo‘naltirmoqda.

Huquqiy vaziyatning yomonlashuvi

«Tolibon» Qatar va Toshkentdagi uchrashuvlarda mamlakatda inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha katta va’dalar bergandi. Biroq oradan bir yil o‘tsa-da, guruh ushbu va’dalarning katta qismini bajargani yo‘q.

Afg‘oniston ayollari qizlar uchun o‘rta maktablar ochilishini talab qilib, mamlakat Ta’lim vazirligi oldida namoyish o‘tkazmoqda. Kobul, 2022 yil 26 mart. Foto: Reuters

Ayniqsa, Afg‘onistonda ayollar huquqlari bilan bog‘liq vaziyat juda yomonlashgan. Qizlar maktablarda oltinchi sinfdan keyin o‘qish imkoniyatiga ega emas, oliygohlarda qizlar va yigitlarni alohida o‘qitish tizimi joriy qilingan bo‘lsa-da, BBC nashrining yozishicha, bu amaldagi talaba qizlar ta’limni yakunlashi uchun ko‘rilgan chora. Keyinroq qizlarni universitetlarga qabul qilish butunlay to‘xtatilishi mumkin. Shundoq ham ko‘plab talaba qizlar ta’qiblar sabab o‘qishni tashlab ketmoqda. Umuman olganda, «Tolibon» hokimiyatga kelganidan so‘ng Afg‘onistonda ayollar huquqlari jiddiy darajada cheklandi.

Amnesty International tashkiloti Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng bolalar, erta va majburiy nikohlar soni ko‘paygani haqida xabar berdi.

«Tolibon» o‘zi bergan va’dalarga zid ravishda mamlakatda senzura o‘rnatishga kirishdi. Afg‘onistondagi ko‘plab mustaqil nashrlar yopildi. Jurnalistika bilan shug‘ullanuvchi afg‘onistonliklar soni bir yil ichida 12 mingdan 5 minggacha kamaydi. «Chegara bilmas muxbirlar» tashkilotining 2022 yilgi matbuot erkinligi indeksida Afg‘oniston 180 mamlakat ichida 156-o‘rinni egalladi. Bir yil oldin xuddi shu indeksda mamlakat 122-o‘rinni band qilgandi.

Tashqi siyosat: deyarli barcha qo‘shnilar bilan dushmanlik

Tashqi siyosatda «Tolibon» yigirma yillik kurash sabab AQShning raqiblari bilan yaqinlashish siyosatini yuritdi. Xususan, Eron, Pokiston, Rossiya va Xitoy bilan yaxshi aloqalar yo‘lga qo‘yil(gan)di. Ayniqsa, Rossiya bilan munosabatlar ancha rivojlanayotgan, Moskva «Tolibon»ni terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishga yaqin turgandi. Biroq Ukraina urushi boshlanishi buni ortga surdi.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yi va Mulla Abdul G‘ani Barodar Kobulda. 2022 yil 24 mart
Foto: Google Images

Hokimiyatni egallaganidan so‘ng xalqaro izolyatsiyaga tushib qolgan Afg‘onistonda Xitoy asosiy o‘yinchiga aylandi. 2022 yil aprelida Xitoy «Tolibon»ga Pekindagi Afg‘oniston elchixonasini qayta ochishga ruxsat berdi. Xitoy iyun oyidagi zilziladan jabr ko‘rgan oilalar uchun 8 million dollarlik yordam paketi ajratdi.

Biroq Pekin Afg‘onistonning «homiysi» bo‘lish niyatida emas. Pekinning «Tolibon» bilan aloqalarni mustahkamlashining asosiy sababi terrorchi tashkilotlardir. Xususan, «Tolibon»ning Afg‘onistonda hokimiyatni egallashiga yordam bergan Sharqiy Turkiston islom harakati tashkiloti (ShTIH) Pekinning asosiy xavotirlaridan biri. Harakat Xitoyning Shinjon muxtor viloyatida juda ko‘plab teraktlar uyushtirgan hamda BMT, YeI, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Xitoy tomonidan terrorchi tashkilot deya tan olingan.

Afg‘onistonning Xitoy bilan chegaradosh Badaxshon viloyatida joylashgan ushbu harakat Shinjondagi uyg‘urlar mustaqilligi uchun kurashishini ta’kidlaydi va bu Pekinni bezovta qiladi. Shuningdek, Xurosondagi «Islomiy davlat» ham AQSh va koalitsiya kuchlari mamlakatni tark etgach, mamlakatdagi Xitoy mulklariga qarshi hujumlarni ko‘paytirdi. Ular bu bilan «Tolibon» va Xitoy munosabatlarini sovuqlashtirishni maqsad qilgan.

«Tolibon» Pekin bilan yaqin aloqalarni saqlab qolish uchun har ikki tashkilotni jilovlashga harakat qilmoqda. Jumladan, so‘nggi oylarda Badaxshondagi ShTIH kuchlari Xitoy chegarasidan uzoqlashtirilib, mamlakat ichiga ko‘chirilgan. Bundan tashqari, «Tolibon» mamlakatdagi «Bir kamar, bir yo‘l» siyosati doirasida barpo qilinayotgan Xitoy obektlarini qattiq himoya qilishga kirishgan.

Eron bilan chegarada bir necha bor to‘qnashgan «Tolibon» Tehron bilan hazillashish yaxshi oqibatlarga olib kelmasligini darhol tushunib yetdi. Zero, Tehron qo‘lida Afg‘onistondagi Eron manfaatlarini himoya qiluvchi butun bir tizim mavjud.

«Tolibon» uning hokimiyatga kelishida keng yordam bergani aytiluvchi Pokiston bilan munosabatlarni ham sovuqlashtirdi. Dekabr oyidayoq ikki davlat chegarasida jiddiy to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Mojaroga Afg‘onistonning Pokiston bilan chegaralari bo‘ylab joylashgan «Tehrik-i Tolibon Pokiston» (TTP) jangovar guruhining Pokiston sarhadlarini o‘qqa tutishi sabab bo‘ldi. Bunga javoban Pokiston Afg‘oniston hududini artilleriyadan o‘qqa tutdi va «Tolibon» ham Pokistonga shunday zarba berdi.

Bundan so‘ng ham ikki mamlakat kuchlari chegarada yana uch bor to‘qnashdi va so‘nggi qarama-qarshilikda Pokiston harbiy-havo kuchlari ham ishtirok etdi. «Tolibon» Pokistonga qarshi harakatlar olib borayotgan TTP guruhini jilovlashga harakat qilmadi. Kobul o‘z vositachiligini taklif qilgan holda ularga tinchlik muzokaralari o‘tkazishni taklif qildi. Islomobod bunday yechimdan qoniqmadi va Pokiston oliy harbiy rahbariyati «Tolibon» hamda TTPning «aqlini kiritib qo‘yish» uchun harbiy uchoqlardan foydalandi.

Ushbu havo amaliyoti oqibatida yigirmaga yaqin tinch aholi vakili halok bo‘ldi, bu esa «Tolibon» va Afg‘onistonda Pokistonga qarshi kayfiyat kuchayishi, toliblarning TTP’ni qo‘llashni davom etishiga olib keldi.

«Tehrik-i Tolibon Pokiston» harakati a’zolari
Foto: Google Images

Hozirda «Tolibon»ning janubiy va sharqiy qo‘shnisi bilan aloqasi keskinlashgan. Munosabatlar kelajakda yanada keskinlashuvi Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaralarini yopishiga va sanksiyalarga qo‘shilishiga olib kelishi mumkin. Bu esa shundoq ham iqtisodiy va gumanitar inqiroz sharoitidagi Afg‘onistonda vaziyat yanada og‘irlashishiga sabab bo‘ladi.

«Tolibon» 2022 yil yanvarida Juzjon viloyatida Turkmaniston chegarachilari bilan to‘qnashdi. Iyul oyida esa O‘zbekistonning Termiz shahriga Afg‘oniston tomondan snaryadlar kelib tushdi, «Tolibon» bu ishni IShID harakati amalga oshirganini ma’lum qildi va aybdorlarni jazolashga va’da berdi. Avgust oyida esa «Tolibon» qo‘mondoni jiddiy bayonot berib, Rossiya ortida turmasa Tojikistonni ikki hafta ichida bosib olishini aytdi.

Shuningdek, «Tolibon» hokimiyatni egallash davrida O‘zbekiston va Tojikistonga o‘tgan sobiq hukumatga tegishli samolyot va vertolyotlarni qaytarish masalasini ham doimiy takrorlab kelmoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning «Tolibon» bilan muzokaralarida yetakchilik qilyapti. Mintaqa mamlakatlaridan faqat Tojikistongina toliblar bilan hech qanday shaklda diplomatik aloqa o‘rnatgani yo‘q va «Tolibon»ga muxolif bo‘lgan Afg‘oniston Milliy qarshilik frontini qo‘llab kelmoqda. Bunga «Tolibon» Afg‘oniston aholisining 40 foizga yaqin qismini tashkil qiluvchi etnik tojiklarni ta’qib qilish siyosatini olib borayotgani sabab bo‘lmoqda. Dushanbe Kobuldan tojiklarni ta’qib etishni to‘xtatishni talab qilmoqda, «Tolibon» esa Tojikistonga Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmaslikni maslahat beryapti.

Beqaror ichki siyosiy muhit

Hokimiyat tepasiga kelganiga bir yildan oshganiga qaramay «Tolibon» hali ham doimiy hukumat tuza olgani yo‘q. Kobul egallangach davlatni boshqarish uchun Muvaqqat hukumat tuzilgandi. Uning tarkibiga «Tolibon»ning taniqli a’zolari: Haybatulla Oxunzoda (oliy rahnamo), Muhammad Hasan Oxund (bosh vazir vazifasini bajaruvchi), Abdul G‘ani Barodar va Abdul Salom Hanafiy (bosh vazir o‘rinbosari vazifasini bajaruvchilar), Muhammad Yoqub Mujohid (mudofaa vaziri v.b), Sirojiddin Haqqoniy (Ichki ishlar vaziri v.b), Amirxon Mottakiy (Tashqi ishlar vaziri v.b) va Hidoyatulloh Badri (Moliya vaziri v.b) kirdi.

Haybatulla Ohunzoda va Mulla Muhammad Yoqub. 
Kollaj: Kun.uz

Yangi hukumat ishga kirishganidan ko‘p o‘tmay, sentabr oyida «Tolibon» asoschilaridan biri, Doha va Toshkent muzokaralarida toliblar delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Abdul G‘ani Barodar va «Tolibon»ning jangovar qanotlaridan biri bo‘lgan «Haqqoniy tarmog‘i» rahbari Sirojiddin Haqqoniyning qarindoshi Halil Rahmon Haqqoniy o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqani haqida xabarlar tarqaldi.

Biroq oradan bir necha kun o‘tib, Abdul G‘ani Barodarning audioyozuvi tarqaldi va unda «Tolibon» a’zosi tirikligi, harakat yetakchilari orasida hech qanday kelishmovchilik yo‘qligini aytdi. Shunday bo‘lsa-da, «Tolibon»ning boshqa bir vakili ma’lum qilgan keyingi xabarda Barodar Kobulni tark etib, Qandahorga ketgani aytildi. Shuning o‘ziyoq u va «Tolibon» harbiy rahbariyati o‘rtasida jiddiy qarama-qarshilik paydo bo‘lganini anglatadi.

Bunday kelishmovchiliklar «Tolibon» ichida ko‘plab topiladi. Birinchi navbatda, harakatning pushtun va pushtun bo‘lmagan qo‘mondonlari o‘rtasida dushmanlikka aylanayotgan munosabatlarni qayd etish mumkin. Asosan pushtunlar harakati bo‘lgan «Tolibon» mamlakatdagi keyingi yirik guruhlar: tojiklar va o‘zbeklarni ta’qib qilish siyosatini yuritmoqda. Jumladan, o‘zbek tili rasmiy davlat tili maqomidan mahrum qilingan.

«Tolibon» oliy davlat lavozimlariga asosan pushtun yetakchilarni tayinladi va bu boshqa etnik guruhga mansub qo‘mondonlar noroziligiga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng harakat shimoldagi o‘zbek qo‘mondonlarini uy qamog‘iga ola boshladi. «Tolibon»ning bu harakati boshqa pushtun bo‘lmagan dala-qo‘mondonlarini ham sergak torttirdi va ular Kobulga qarshi kuch to‘play boshladi.

Xususan, Balhob tumanida «Tolibon»ning sobiq qo‘mondoni bo‘lgan Mahdi Mujohid Kobuldagi rahbariyat bilan ochiqchasiga kurashga kirishdi va mag‘lub bo‘ldi. «Tolibon» 17 avgust kuni Mahdi Mujohid Eron bilan chegarada o‘ldirilganini e’lon qildi. Mahdi Mujohid «Tolibon»dagi yagona hazoriy qo‘mondon edi.

2022 yilda «Tolibon» va nufuzli o‘zbek qo‘mondonlari Mahmud Olam Rabboniy, qori Salohiddin Ayubiy, Ixsanulloh To‘fon kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Rabboniy «Islomiy davlat» bilan hamkorlikda ayblandi va Kobulga olib kelinib, so‘roq qilindi. Ammo keyinroq qo‘yib yuborildi. «Tolibon» yuqoridagi ikki o‘zbek qo‘mondonini ham hibsga olishga harakat qilgan, ammo uddalay olmagan. Mamlakatdagi bu qarama-qarshilik ichki tartibni saqlash va tinchlikni ta’minlashga jiddiy xavf soladi.

Etnik qarama-qarshiliklardan tashqari Kobuldagi hukumat va Qandahordagi oliy rahnamo hokimiyati aloqalari ham chigal. Mamlakatni Kobuldagi Muvaqqat hukumat yoki Qandahordagi Haybatulla Oxundzoda boshqarayotgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Shunday bo‘lsa ham, 18 avgust kuni Qandahorda bo‘lib o‘tgan «Tolibon» yetakchilari yig‘ilishida Oxundzoda chiqish qilgan hamda bir necha mansabdor va hudud qo‘mondonlarini almashtirgan.

Kobul va Qandahor kurashi bir necha asrdan beri davom etib kelayotgan yana bir qarama-qarshilik bilan bog‘liq. Bu — durroniy va gilzay qabilalari ittifoqi raqobati. Bu ikki qabila Afg‘onistonni deyarli uch asrdan beri boshqarib keladi. Masalan, Afg‘onistonning birinchi prezidenti Hamid Karzay durroniy qabilalar ittifoqining popolzay qabilasi, karzay urug‘idan edi. Keyingi prezident Ashraf G‘ani Ahmadzay esa gilzay qabilalar ittifoqining ahmadzay qabilasidan bo‘lgan.

Qandahorda oliy rahnamo Haybatulla Oxundzoda durroniylarning nurzay qabilasidan bo‘lsa, «Tolibon»ning ikkinchi shaxsi bo‘lib turgan mudofaa vaziri Muhammad Yoqub gilzaylarning hotakiy urug‘idan. Shunday qilib, pushtunlarning bu ikki urug‘i hokimiyat uchun kurashni hali ham to‘xtatgani yo‘q.

Bulardan tashqari esa Afg‘onistonda hali ham bir necha terroristik guruhlar, masalan IShID, TTP, Sharqiy Turkiston islom harakati tashkiloti va boshqalar mavjud. Qolaversa, Milliy qarshilik ko‘rsatish fronti ham kurashni davom ettirmoqda. Terroristik guruhlar mamlakatning turli qismlarida, hatto Kobulda ham terroristik aktlar sodir etyapti.

«Tolibon» ularni jilovlashni uddalay olgani yo‘q. Chunki harakatning o‘zi ham yuqorida aytilganidek, qarama-qarshiliklar girdobida. Toliblardan yuz o‘girgan yoki unga qarshi chiqqan jangari bo‘linmalar hech ikkilanmay yuqoridagi guruhlarga qo‘shilishi mumkin. Bu esa «Tolibon»ning ta’sirini yanada zaiflashtiradi.

Agar «Tolibon» to‘la yakdillik va tenglikka erishmasa, Afg‘oniston davlati va aholisining ahvoli bundanda og‘irlashib boradi. Shundoq ham Afg‘oniston fuqarolarida «Tolibon»ga nisbatan norozilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Ayniqsa, avgustdagi voqealar etnik o‘zbek va tojiklarning pushtunlar bilan aloqalarni ancha sovuqlashtirdi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi

Mavzuga oid