Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda TURKSOY tashkiloti o‘rtasida memorandum imzolandi
9 sentabr kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida Xalqaro Turkiy Madaniyat Tashkiloti (TURKSOY) bilan o‘zaro ilmiy-amaliy hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro Turkiy Madaniyat Tashkiloti – turkiy davlatlardan tashkil topgan xalqaro madaniyat tashkiloti bo‘lib, tashkilotning asosiy maqsadi – bu turkiy davlatlar va xalqlar orasidagi do‘stlik va hamkorlikni kuchaytirishdir. Bu hamkorlik iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarni o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston bilan madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bilan o‘rnatilgan munosabatlar muhim hisoblanadi.
“Biz Turkiyadagi bu tashkilot bilan hamkorlikda buyuk shoir Muhammad Yusufning “Saylanma” asarini turk tilida chop ettirdik. Bu Turkiyada birinchi o‘zbek adibining turk tiliga o‘girilgan asari bo‘ldi. Kitob barcha turkiy davlatlarga tarqatildi.
TURKSOY tashkiloti bilan aloqalarni mustahkamlash bizga barcha turkiy davlatlardagi madaniyat va san’at ta’lim muassasalari bilan birgalikda hamkorlik qilish imkoniyatini beradi”, dedi O‘zDSMI rektori Ibrohim Yo‘ldoshev.
O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti TURKSOY tomonidan nashrga tayyorlangan “Muhammed Yusuf. Seçmeler” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Xalqaro Turkiy Madaniyat Tashkiloti bosh direktori Sulton Rayev hamda bosh kotibi o‘rinbosari Bilol Chaqiji so‘zga chiqishdi.
“Maqsadimiz ulug‘ – madaniyati bir ildizga borib taqaladigan barcha turkiy davlatlar madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliygohlar o‘rtasida ko‘prik bo‘lishdir. Madaniyat va san’at oliygohlari talabalari uchun 6 oylik amaliyotlarni tashkil qilishni rejalashtirganmiz.
O‘zbek tilining otasi bo‘lgan Alisher Navoiy ijodini turkiy davlatlar orasida keng tarqatish maqsadida tashkilotimiz Navoiy mukofotini ta’sis qildi. Yurtingizda bunday mutafakkirlar juda ko‘p: tibbiyot otasi ibn Sino, matematika otasi al-Xorazmay, astronomiya otasi Mirzo Ulug‘bek kabi ulug‘lar shu jumladandir”, – deya ta’kidladi tashkilot direktori Sulton Rayev.
Yig‘ilish yakunida o‘zaro memorandum imzolash jarayoni bo‘lib o‘tdi va san’at ustalari tomonidan konsert dasturi taqdim etildi.
Ma’lumot uchun TURKSOY tashkiloti bosh binosi Turkiya poytaxti Anqarada joylashgan. Hozirgi vaqtda tashkilot bosh direktori qirg‘izistonlik Sulton Rayev hisoblanadi. Tashkilot 3 ta rasmiy tiliga ega, bular turk, rus va ingliz tillaridir.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Matbuot xizmati Ⓣ