Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi bo‘lajak qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Dastlab Olimpiya shaharchasi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Bu majmua 2025 yilda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini qabul qiladi. Xalqaro talablarga muvofiq, shaharchada olimpiya stadioni, yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi.
Davlat rahbari sport majmualarining universal bo‘lishi muhimligini ta’kidladi. Stadion va binolar tepasida quyosh panellari o‘rnatib, energiyani tejash, bo‘sh maydonlarda ko‘proq daraxtlar ekish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Taqdimotda “Yangi O‘zbekiston” universiteti loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidan joy ajratilib, o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport majmuasi qurilishi loyihalashtirilgan.
– Ixtisoslashtirilgan maktablar – bizning zaminimiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ularda bolalarimiz bilimli, barkamol bo‘lib voyaga yetadi. Universitet bu tizim davomi bo‘lib, mamlakatimiz uchun kerakli, zamonaviy mutaxassislar tayyorlaydi. Shuning uchun bu yerda barcha shart-sharoit, ilg‘or metodika bo‘lishi kerak.
Davlat rahbari bunyodkorlik ishlariga ko‘proq mahalliy quruvchilarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Mahallalarda stadion, o‘yin maydonchalari, kutubxona, kompyuterxona, oshxona, hammom va boshqalarni o‘z ichiga olgan markazlar barpo etish ko‘zda tutilgan.
“Besh tashabbus” olimpiadasi sport musobaqalarida 279 ta mahalla g‘olib va sovrindor bo‘lgan edi. Yoshlarga ham mukofot, ham rag‘bat sifatida, ushbu mahallalarda 3 xil – universal, stritbol va vorkaut majmualari quriladi. Sport infratuzilmasi yo‘q yana 208 ta mahallada ham stritbol va vorkaut maydonlari tashkil etiladi.
Toshkentda Koreya Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) ko‘magida kattalar uchun tibbiyot markazi, onkologiya shifoxonasi va oliy o‘quv yurti qurilishi rejalashtirilgan. Bu uchta majmua hozirgi Bolalar tibbiyot markazi bilan birga yaxlit klaster hosil qiladi. Unda o‘qitish va davolash bo‘yicha Koreya tajribasiga asoslangan ilg‘or tizim yo‘lga qo‘yiladi. Shifoxonalar jami 900 bemor o‘rniga ega bo‘ladi. Qurilish ishlari 2023 yilda boshlanadi.
Mavzuga oid
18:36 / 15.11.2024
Bu yil qishda iste’molchilarga 21 milliard kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgan
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
21:17 / 14.11.2024
SSV huzurida «Xaridlar markazi» va uning 13 ta hududiy filiali tashkil etiladi
16:20 / 14.11.2024