Jamiyat | 08:09 / 25.09.2022
14664
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent, Samarqand va Andijonda noqonuniy «valyutchik»lar ushlandi

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Toshkent shahri, Samarqand va Andijon viloyatlarida chet el valutalarining noqonuniy muomala kiritilishi oldi olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Yashnobod tumanida «Aviasozlar» bozori atrofida valuta qimmatliklari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan Sh.A. fuqaro D.ga 6 400 dollarni 70,9 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Bundan tashqari, Samarqand shahar bo‘limi tomonidan ham Milliy Gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Natijada Mironshoh ko‘chasida xorijiy valuta mablag‘larini ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan F.Y. fuqaro G‘.ga 3 300 dollarni 36,5 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Uning yonidan jami 3 940 dollar, 37,5 million so‘m va 3 000 rubl ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, Andijon shahar bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda markaziy dehqon bozori atrofida valuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar Q.Sh. va Q.N. fuqaro G.ga jami 200 ming rublni 36,4 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, surishtiruv shaklidagi tergov harakatlari olib borilmoqda.