O‘zbekiston | 21:49 / 27.09.2022
46126
3 daqiqa o‘qiladi

Beshta tuman hokimi ishdan olindi

Bu iste’folarga rahbarlik etikasi, xizmat vakolatidan chetga chiqish, fuqarolarga hurmatsizlik sabab bo‘ldi.

Prezident qarori bilan Andijon viloyatining Asaka, Andijon va Paxtaobod, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona, Samarqand viloyatining Nurobod tumanlari hokimlari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov o‘tkazgan tanqidiy yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Asaka tumani hokimi Mansurbek Alixonov va Farg‘ona tumani hokimi Shuhratjon Mo‘minov yer munosabatlarini tartibga solishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etmagani, faoliyatida yo‘l qo‘ygan boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, Paxtaobod tumani hokimi Elyorbek Usmonov va Nurobod tumani hokimi Sherali Yo‘ldoshev rahbarlik etikasi qoidalariga rioya etmagani, xizmat vakolatidan chetga chiqib qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun, Andijon tumani hokimi Abdujabbor Egamberdiyev esa davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga nisbatan hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Muqaddam Jalaquduq tumani IIB boshlig‘i bo‘lgan Mansurbek Alixonov 2020 yil sentabridan buyon Asaka tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. 2021 yil dekabrida ushbu hokim fuqaro bilan mensimaslik ohangida, qo‘lini cho‘ntagiga solgan holda gaplashgani aks etgan video tarqalgan, ammo yakunda uning matbuot kotibi jazolanib, ishdan olingandi.

Muqaddam Markaziy bank Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan Elyorbek Usmonov 2022 yil fevralidan buyon Paxtaobod tumani hokimi sifatida ishlab kelayotgandi. Internetda uning etika qoidalaridan chetga chiqishi bilan bog‘liq holatlar aks etgan video yoki audioyozuvlar tarqalmagan.

Abdujabbor Egamberdiyev 2021 yil fevralida Andijon tumani hokimi etib tayinlangandi. 2022 yil avgustida Abdujabbor Egamberdiyev qabuliga kelganlarga poygakdan joy berganidan keyin internetda mashhur bo‘lgandi.

Farg‘ona tumani hokimi Shuhratjon Mo‘minov bu lavozimda 2020 yil yozidan buyon ishlayotgandi.

Shuhratjon Mo‘minov / Foto: Farg‘ona tumani hokimligi matbuot xizmati

Nurobod tumani hokimi Sherali Yo‘ldoshev esa 2022 yil martida lavozimga tayinlangandi. Internetda uning etika qoidalaridan chetga chiqishi bilan bog‘liq holatlar aks etgan video yoki audioyozuvlar tarqalmagan.

Mavzuga oid