Jahon | 19:00 / 29.09.2022
42273
15 daqiqa o‘qiladi

Odessa uzra «Geran». Eron dronlari Ukraina havo mudofaasiga qarshi

O‘tgan hafta davomida Eron tomonidan Rossiyaga yetkazib berilgan kamikadze dronlar orqali Ukraina janubiga hujumlar faollashdi.

Ukrainlar bunday dronlarga qarshi zenit raketa va artilleriya tizimlarini qo‘llamoqda. Bunday dronlarni Germaniya Ukrainaga bergan Gepard zenit qurilmasi bilan ham urib tushirish mumkin. Foto: Getty Images

«Avvaliga juda yoqimsiz g‘o‘ng‘illagan tovush eshitildi, keyin nimadir qulab tushdi – juda kuchli portlash yuz berdi. Go‘yo quduqqa yoki yopiq hovliga nimadir tushgandek bo‘ldi», deydi odessalik jurnalist Alyona Balaba BBC bilan suhbatda. 25 sentabr kuni u yashaydigan joydan ikki ko‘cha uzoqlikdagi binoga Rossiyaning Eronda ishlab chiqarilgan dron-kamikadzelari zarba berdi.

Juma kuni dronlarning birinchi zarbasi oqibatida portda tinch aholi vakili halok bo‘ldi. Shundan so‘ng, harbiylar bunga tayyor turishdi. Bitta dron dengiz ustida urib tushirildi, ikkitasiga qarata o‘q uzilgan bo‘lsa-da, urib tushirishning iloji bo‘lmagan.

Yakshanba kuni, deydi Balaba, portlashlardan yigirma daqiqa oldin havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangradi. Lekin hujumni to‘liq bartaraf etishning imkoni bo‘lmadi.

Dronlar binoga jiddiy zarar yetkazdi, biroq, u harbiylar tomonidan foydalanilmayotgan edi. Shunga qaramay, bu va avvalgi havo hujumlari Ukraina armiyasi uchun yangi, jiddiy muammo paydo bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Dushanba kuni ertalab uchta dron Odessadagi ikkita obektga – o‘q-dorilar ombori va harbiy shtabga hujum qildi. Bir dron urib tushirildi, biroq qolgan ikkitasi nishonga tegdi. Qurbonlar bo‘lmadi, chunki, harbiy obektlarda odamlar yo‘q edi.

Dushanba oqshomida Odessa yaqinida yana bir nechta dron urib tushirildi.

Seshanba kuni ertalab uchta dron Mikolayivga hujum qildi, biroq ular Ukraina havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgan.

Kutilmagan «Geran»

Ukrainada bu dronlar haqida birinchi marta 13 sentabr kuni gapira boshlashdi. Kupyansk yaqinida Ukraina qurolli kuchlari (UQK) tomonidan «Geran-2» yozuvi bo‘lgan g‘ayrioddiy dron urib tushirildi. Uning parchalari Eronning «Shahed-136» droniga o‘xshash edi.

Eron Rossiyaga uchuvchisiz dron yetkazib bergani haqida avvalroq ma’lum bo‘lgandi. Ikki hafta oldin Amerika matbuoti razvedkadagi manbalarga tayanib, 19 avgust kuni Eron tomonidan «Mohajer-6», «Shahed-129» va «Shahed-191» dronlari Rossiyaga topshirilgani haqida xabar berdi.

Ular urib tushirilgan «Shahed-136» dronidan farq qiladi va razvedka, nishonni belgilash, kuzatib borish, yerdagi nishonlarga maxsus o‘q-dorilar bilan zarba berish uchun mo‘ljallangan. Ammo, Kupyansk yaqinida urib tushirilgan dron esa «havo to‘sig‘i» deb nomlangan maxsus qurol turiga kiradi.

Dronlar frontda paydo bo‘lishi bilan UQK uchun bosh og‘rig‘iga aylandi. Internetda ushbu dronlar yordamida yakson qilingan texnikalarning suratlari ko‘paymoqda. Ularning miqdori haqida aniq ma’lumot yo‘q, ammo ukrainalik harbiy ekspert Taras Chmutning so‘zlariga ko‘ra, atigi bir kun ichida uch xil yo‘nalishda «o‘nlab texnikalar» yo‘q qilingan. U qanday texnika yakson qilinganiga aniqlik kiritmadi, ammo har qanday holatda bunday yo‘qotishlarni e’tiborga olmaslik qiyin.

Urush paytida ijtimoiy tarmoqlar va matbuotda tarqalayotgan xabarlar har doim ham vaziyatning haqiqiy holatini aks ettiravermaydi. Ochiq manbalardan olingan xabarlarga ko‘ra, dastlab dronlar harbiy texnikaga zarba bergan bo‘lsa, keyingi bosqichda Odessadagi binolar kabi statsionar obektlarga hujum qila boshladi.

Dron ham emas, raketa ham emas

Kamikadze-dron – maxsus turdagi uchish apparati, uning rasmiy nomi –«havo to‘sig‘ini qo‘yuvchi qurol». Bu dron nishonni aniqlash uchun uzoq vaqt havoda ucha oladi, so‘ngra qanotli raketa kabi hujum qiladi.

Bir tomondan, u haqiqatan ham qanotli raketaga o‘xshaydi, aslida raketa ham mohiyatan uchuvchisiz uchish apparati. Ularning farqi shundaki, raketa odatda oldindan aniq belgilangan trayektoriya bo‘ylab nishonga uchadi, yerning pasti-balandiga qarab manyovr qiladi. Dron esa samolyot kabi uchadi, yo‘nalishini, tezligini va fazodagi holatini faol va oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada o‘zgartira oladi.

Bundan tashqari, qanotli raketalar odatda kuchli turboreaktiv dvigatel bilan jihozlangan, yuqori tezlikda uchadi va qudratli jangovar kallakka ega.

Kamikadze dronlari odatda kichikroq, parrakli dvigatel bilan ta’minlangan va tashqi manba tomonidan boshqariladi.

Bunday dronlar 1980-yillar oxirida paydo bo‘ldi, ammo faqat so‘nggi yillarda rivojlana boshladi. Sun’iy yo‘ldoshli navigatsiya va aloqa tizimlari rivojlanishi bunga turtki bo‘ldi, chunki ular dronlarni nishonga yo‘naltirish aniqligini oshirdi.

Kamikadze-dronni texnologik jihatdan unchalik rivojlanmagan davlat ham ishlab chiqarishi mumkin. Bunday dronlar juda arzon bo‘lishi ham mumkin, ammo bu ularning jangovar xususiyatlariga ta’sir qiladi.

Masalan, dronga arzon motorni qo‘yish mumkin, ammo bu holatda tezlik pasayadi yoki masofa qisqaradi. Yoki murakkab navigatsiya tizimidan voz kechish mumkin, u holda aniqlik pasayadi. Kuchli portlovchi moddaga ega maxsus jangovar kallaklardan foydalanish ham shart emas, bu zarar yetkazish xususiyatini kamaytiradi.

Nihoyat, murakkab xavfsiz elektronika o‘rniga onlayn-do‘konlardan yoki boshqa mamlakatlardan yashirincha sotib olingan chiplardan foydalanish mumkin. Bunday dron radioelektron kurash tizimlaridan kamroq himoyalangan bo‘ladi, lekin baribir uchadi, nisbatan arzon, ishlab chiqarish osonroq bo‘ladi.

Eron «kamikadze»lari

Eron sanoati turli xil dronlarni ishlab chiqaradi va ular haqida iloji boricha kamroq gapirishga harakat qiladi.

Eron 1980-yillardan boshlab dronlarni ishlab chiqarayotgan bo‘lsa-da, ulardan faqat 2000-yillarda faol foydalana boshladi. So‘nggi yillarda Eron dronlari Livan va Yamanga yetkazib berilmoqda.

Quddus strategiya va xavfsizlik instituti (Jerusalem Institute for Strategy and Security) ma’lumotiga ko‘ra, «Eron dronlari Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatini buzmoqda», eronlik dron ishlab chiqaruvchilari va operatorlari 2014 yilda Yamanda urush boshlanishi bilan Saudiya Arabistoni, Iroq va Suriya osmonida ularni sinovdan o‘tkazishgan va mahoratini oshirishgan.  

Natijada Eron turli toifadagi dronlarni – yirik razvedka va zarba berish tizimlaridan tortib, kichik razvedka dronlarini ishlab chiqarish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi.

Eron dronlarining zaif tomoni – ehtiyot qismlari sifati bo‘lib qolmoqda. Eron ko‘p yillardan beri xalqaro sanksiyalar ostida yashab kelmoqda va «qora bozorlar»da mavjud bo‘lgan materiallardan shunday murakkab tizimlarni ishlab chiqarishga majbur.

«Shahed» dronining yorqin debyuti

Eronning «Shahed-136» droni uzoq vaqtdan beri ommaga notanish edi. Garchi, Quddus strategiya va xavfsizlik instituti ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil 14 sentabrda Saudiya Arabistonida «kichik Pyorl Harbor»ni uyushtirgan bo‘lsa-da.

Saudiya Arabiston mudofaa vazirligi hujumda qatnashgan apparatlar parchalarini namoyish etgan. Tasvirlarning o‘ngdagi qismidagi qoldiqlar «Shahed-136» qismlariga o‘xshash. Foto: AFP

O‘shanda o‘nlab dronlar Saudiyaning ikkita yirik neft obektiga hujum qilgandi, bu esa mamlakatda neft qazib olish hajmini kuniga 5 million barreldan ko‘proqqa qisqartirgandi.

To‘g‘ri, Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligidagi matbuot anjumanida dron qoldiqlari ko‘rsatilganida, ularning hammasi ham «Shahed-136» qismlariga o‘xshamagan. O‘shanda saudiyaliklar zarbada raketalar ham ishtirok etganini ma’lum qilgan.

«Shahed-136» dronlarining ikkinchi yorqin chiqishi 2021 yil iyul oyida «Mercer Street» tankeriga berilgan zarba bo‘ldi. Isroil instituti ma’lumotlariga ko‘ra, tarixda birinchi marta kamikadze droni dengizda harakatlanayotgan tijorat kemasiga zarba berishga erishdi.

Shunga qaramay, yaqin vaqtgacha mutaxassislar ushbu dronlarning texnik tuzilishi haqida bahslashib kelishardi. Gap shundaki, yirik neft zavodlari va dengizdagi tanker bir-biridan juda farq qiluvchi nishonlardir.

Birinchi holatda, dronga maxsus yo‘naltirish va hatto murakkab navigatsiya tizimi kerak emas – katta statsionar nishonga zarba berishda adashish juda qiyin. Dengizda harakatlanayotgan kemaga zarba berish uchun avval dronni nishon joylashgan hududga olib borish, so‘ngra uni nishonga yo‘naltirish kerak.

Moskva oblastidagi ko‘rgazmaga qo‘yilgan «Mohajer» maketi. Bunday dronlar «Shahed» dronlarini boshqarishda qo‘llanishi mumkin.

Birinchi holatda, global sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimi yoki hatto yo‘nalishni ushlab turuvchi an’anaviy avtopilotdan foydalanish mumkin. Ikkinchi holat dronning o‘zida o‘rnatilgan yo‘naltirish tizimi yoki tashqi boshqaruvni talab qiladi.

Kemaga qarshi qanotli raketalarda nishonga qaratiladigan kichik radardan foydalaniladi. Qimmat dronlarda nishonni ko‘rish imkonini beruvchi videokameradan foydalanish ham mumkin. Ammo Eron droni unchalik qimmatga o‘xshamagan, bundan tashqari, fotosuratlarda kamera ham ko‘rinmagan.

Bunday dronlar faqat Ukraina osmonida paydo bo‘lganidan keyin ko‘p narsa oydinlashdi.

Ukraina osmonidagi dronlar

23 sentabr kuni UQK Bosh qo‘mondoni devonining Strategik aloqalar boshqarmasi «Shahed-136» dronining texnik tavsifini e’lon qildi.

Hujjatga ko‘ra, eronlik muhandislar haqiqatan ham bozorda mavjud bo‘lgan elektron komponentlardan foydalangan, ammo ularni radioelektron kurash tizimlariga qarshi bardosh berishi uchun, hamda sun’iy yo‘ldosh navigatsiya signali bo‘lmaganda jangovar sharoitlarda ishlashi uchun o‘zgartirishgan.

Quddus instituti hisobotida aytilishicha, dron dvigatellariga onlayn bozorlarda erkin buyurtma berish mumkin. Eleronlar uchun mo‘ljallangan motorlarni radioboshqariladigan modellardan olsa bo‘ladi. Dasturiy ta’minot ham radiomodelchilar uchun mo‘ljallangan va internet tarmog‘idan bepul ko‘chirib olish mumkin.

Lekin asosiysi shundaki, bu kamikadze dronlarda nishonga olish tizimi mutlaqo yo‘q. Ular tashqi uchuvchi yoki dron tomonidan boshqariladi.

23 sentabr kuni Ukraina harbiy havo kuchlari «suvga qo‘ndirilgan» «Mohajer-6» droni videosini e’lon qildi. Bu zarba-razvedka majmuasi bo‘lib, undan «Shahed» dronlarini nishonga yo‘naltirishda foydalanilgan bo‘lishi mumkin.

Bunday dronlarga qarshi kurashish oson ish emas. Ular katta bo‘lmagan balandlikda uchadi, shu tufayli radarlar bilan aniqlash juda qiyin. Shu bilan birga, yuzlab kilometr ichkariga kiradi va muhim obektlarga zarba beradi. Ularni zenit qurollari bilan urib tushirish ham qiyin, chunki bir necha birliklardan iborat guruh bo‘lib parvoz qiladi.

Qurilmaning yana bir afzalligi shundaki, bir vaqtning o‘zida bir nechtasi konteynerdan uchiriladi. Uni yuk mashinasi ichiga osongina yashirish mumkin. Qanotli raketaning uchirilishini radarda aniqlash oson, ammo dronniki qiyin.

Ushbu dronlarning kamchiligi – katta o‘lchami va tezligi past ekani. «Shahed» dronlarining qanoti kengligi 2,5 metr, uzunligi esa 3,5 metrni tashkil qiladi. Qolaversa, qurilma qattiq g‘o‘ng‘illagan tovush chiqaradi, u yerda juda yaxshi eshitiladi.

Nazariy jihatdan, bunday dronni qo‘l pulemyoti bilan urib tushirish mumkin. Shuningdek, portativ zenit-raketa tizimlari yoki Germaniyaning Gepard qurilmasiga o‘xshash artilleriya-zenit tizimlari samarali bo‘lishi mumkin.

Harbiy ekspert Taras Chmutning so‘zlariga ko‘ra, hatto sovetlarning eski ZU-23 zenit qurilmasi ham dronni urib tushira oladi. Ammo, buning uchun «o‘qlangan, hisob-kitob qilingan va ekipaj osmonga o‘q uzishga tayyor turgan bo‘lishi kerak».

Umuman olganda, bu har qanday havo hujumidan mudofaa tizimiga taalluqlidir – asosiysi nishonni topish va zenit tizimini unga qaratish.

Dronlarga qarshi yana bir samarali vosita – radioelektron kurash tizimi hisoblanadi. Ayniqsa, muhandislar bunday tizimga qarshi kurash vositalarini tejagan sharoitda.

Ukrainaliklar deyarli bus-butun dronni qo‘lga kiritishdi. Endi uning tuzilmasini o‘rganishlari, kelajakda esa unga qarshi kurash tizimlarini sozlab olishlari mumkin.

Ukraina, ehtimol, allaqachon Isroildan bunday tizimlarni olishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin. Bu mantiqiy ko‘rinadi – isroilliklardan boshqa kim ham Eron dronlari bilan qanday kurashishni bilardi.

Zman Yisrael (The Times of Israel gazetasi tomonidan asos solingan onlayn ibroniy nashr) xabariga ko‘ra, Isroilning qandaydir harbiy kompaniyasi Polsha orqali Ukrainaga dronlarga qarshi kurash tizimlarini sotmoqda. Nashrning yozishicha, kompaniya bu haqda mamlakat hukumatini xabardor qilgan, ammo bunga ko‘z yumilmoqda, chunki Isroil Ukrainaga rasman qurol yetkazib bermayapti. Bunday ta’minot qachon boshlangani va qancha tizim yetkazilgani haqida xabar berilmagan.

Ammo dronlarga qarshi kurashda Ukraina faqat radioelektron kurash vositalariga tayanmayapti. 26 sentabr kuni UNIAN Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari Odessada Eron dronlarini urib tushirgani aks etgan kadrlarni tarqatdi. Ushbu videolavhaga qaraganda, ukrain harbiylari zenit-raketa tizimlaridan foydalangan.

Mavzuga oid