Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Adliya vazirligi axborot xavfsizligi bo‘yicha xalqaro sertifikat oldi
O‘zbekiston Adliya vazirligi o‘z faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy qilish maqsadida “SMS SYSTEMS” konsalting kompaniyasi bilan birgalikda axborot xavfsizligi menejment tizimini ISO/IEC 27001:2013 xalqaro standarti talablari asosida joriy qildi.
30 sentabr kuni xalqaro akkreditatsiyaga ega IAF-United registrar of sistem kompaniyasi tomonidan ISO/IEC 27001:2013 xalqaro standarti sertifikati BMT Taraqqiyot dasturi, shuningdek, SMS SYSTEMS konsalting kompaniyasi ishtirokida Adliya vazirligiga tantanali ravishda topshirildi.
Bundan qanday natijalar kutilmoqda?
Rasmiy relizga ko‘ra, xalqaro standartlarga muvofiq boshqaruv tizimini joriy etish natijasida xodimlar o‘rtasida axborotni muhofaza qilish hamda ma’lumot olishda ortiqcha vaqt sarflanishining oldi olinadi.
Bundan tashqari, axborot xavfsizligi menejment tizimining joriy qilinishi tizimlarning ishdan chiqishi, noto‘g‘ri foydalanishdan himoya qilish yoki xavfni kamaytirishga xizmat qiladi.
Eng asosiysi, aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirish, axborot maxfiyligi va ishonchliligi oshishi nazarda tutilgan.
Sertifikat olish uchun Adliya vazirligi nimalar qildi?
Bu yo‘nalishdagi ilk qadamlar 2020 yilda tashlangan bo‘lib, Adliya vazirligining axborot xavfsizligi yuzasidan yagona siyosati ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra, Tarmoq infratuzilmasi va tarmoqlararo ekranlash darajasida axborot xavfsizligi ta’minlangan.
Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi standart talablarida belgilangan normalar bo‘yicha takomillashtirilgan. Shuningdek, server va kompyuterlarga litsenziyalangan operatsion tizimlar o‘rnatilgan.
Xodimlarni axborot xavfsizligi siyosatidan xabardor qilishga bag‘ishlangan o‘quv seminarlar tashkil qilingan.
Bu yo‘nalishdagi tajribani mustahkamlash maqsadida 10 nafar vazirlik malakali mutaxassislari “CERT Academy” trening markazi tomonidan tashkil etilgan ISO/IEC 27001:2013 xalqaro standarti bo‘yicha o‘quv treningini muvaffaqiyatli yakunlab, tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan.
Bundan tashqari, axborot xavfsizligi xavflari reyestri shakllantirilib, axborot xavfsizligi boshqaruv tizimi bilan bog‘liq tashqi va ichki omillar hamda jarayonlarning samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilab olingan.
Adliya vazirligi markaziy apparati va 5 ta pilot hududlardagi adliya boshqarmalari hamda tuman adliya bo‘limlarida ISO/IEC 27001:2013 standart talabiga asosan ichki audit o‘tkazilgan.
Axborot xavfsizligi xavflari bo‘yicha harakatlar, maqsadlarni amalga oshirish monitoringi, samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ma’lumotlar tahlil qilingan.
Shuningdek, adliya tizimidagi axborot tizimlari, server qurilmalari, aloqa kanallari, kommunikatsiya tarmoqlari uzluksiz ishlashini hamda ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilgan.
Sertifikat nima beradi?

Bu sertifikat bo‘yicha axborot xavfsizligi mexanizmini yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga hamkorlar va boshqa manfaatdor tomonlarning ishonchi oshadi, bu tashkilot xalqaro miqyosda tan olinishida bir turtki vazifasini o‘taydi. Sertifikatga ega tashkilotlar axborot bilan eng to‘g‘ri ishlayotgan tashkilotlar hisoblanadi.
Davlat organining ISO/IEC 27001:2013 sertifikatiga ega bo‘lishi esa mamlakat fuqarolari bilan o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi. Adliya vazirligi davlat xizmatlari ko‘rsatish orqali, bevosita fuqarolarga har kuni har joyda kerak bo‘ladigan hujjatlar bilan ishlamoqda. Bu o‘rinda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, ularning xavfsizligini ta’minlash masalasi juda muhim.
Fuqarolarga berilayotgan ERI kaliti, tug‘ilganlik, nikoh va boshqa bir qator hujjatlardagi ma’lumotlar saqlanadigan elektron baza har jihatdan xavfsiz, himoyalangan, tahdidlardan xoli bo‘lishi kerak. Hozirda fuqarolar shaxsiy ma’lumotlari bilan bog‘liq hujjat berish jarayonlari raqamlashtirilgani bois ham axborot xavfsizligi masalasi har qachongidan muhim ahamiyat kasb etadi.
Endilikda, vazirlikning axborot xavfsizligi bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi fuqarolar shaxsiy ma’lumotlarining ishonchli himoyada ekanligini anglatadi.
Bu qanday standart?
ISO/IEC 27001 – bu Xalqaro standartlashtirish tashkiloti va Xalqaro elektrotexnika komissiyasi tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan xalqaro axborot xavfsizligi standartidir.
2005 yildan beri butun dunyo bo‘ylab 25 000 dan ortiq kompaniyalar ISO/IEC 27001 sertifikatini olgan. Jumladan, O‘zbekistonda xalqaro sertifikatga Uzcard, milliy sertifikatga esa Davlat xavfsizlik xizmati ega bo‘lgan.
Bunday sertifikatlash ishonchni oshirish uchun foydali vosita. Ya’ni, bunday sertifikatni olgan tashkilot faoliyati, u bergan va tarqatayotgan ma’lumot, axborotlar xalqaro hamda mahalliy darajada, shubhasiz, ishonchli sanaladi.
Mavzuga oid
08:39 / 04.06.2026
Insofsiz sug‘urta agentlarining ochiq reyestri yuritiladi
11:51 / 22.05.2026
IIV, Adliya va Tog‘-kon vazirligi - davlat boshqaruvidagi eng ilg‘or idoralar
15:51 / 12.05.2026
800 ga yaqin davlat xizmatida byurokratiya nolga tushirilishi aytildi
17:10 / 27.04.2026