O‘zbekiston | 21:21 / 03.10.2022
25152
3 daqiqa o‘qiladi

57,5 million dollarlik xarid. «Toshshahartransxizmat» qayerdan va qanchadan avtobus sotib olmoqda?

30 sentabr kuni «Toshshahartransxizmat» 2022 yil oxirigacha poytaxtga yangi 275 ta avtobus keltirilishini ma’lum qildi. Kun.uz muxbiri bu avtobuslarning narxi va moliyalashtirish manbalari yuzasidan tashkilot matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Ma’lum qilinishicha, qariyb 633 milliard so‘mlik avtobuslar «O‘zavtosanoat» AJ tizimidagi Samarqandda joylashgan 2 ta qo‘shma korxonadan sotib olinmoqda.

Foto: Toshshahartransxizmat

Xususan, «MAN A22 CNG» rusumli 190 ta katta sig‘imli avtobuslarning har biri QQS bilan hisoblaganda 2 milliard 901 million 600 ming so‘mdan xarid qilinmoqda. «Uz Truck and Bus Motors» MChJ QKdan xarid qilinayotgan avtobuslarning jami qiymati 551 milliard 304 million so‘mga teng.

Ushbu avtobuslarning zavoddagi narxi 2 milliard 775 million so‘mdan oshiqroq ko‘rsatilgan. Kompaniya koll-markazi xodimi ushbu narx hozir amalda emasligi, yangilanayotganini ma’lum qildi.

«Toshshahartransxizmat» AJ xarid qilayotgan yana bir mahsulot – 85 dona o‘rta sig‘imli «SAZ LE 60» rusumli avtobuslarning har biri QQS bilan hisoblaganda 950 million 540 ming so‘mdan tushmoqda. «Samarqand Avtomobil Zavodi» MChJ QKdan xarid qilinayotgan avtobuslarning jami qiymati 80 milliard 795 million so‘mdan oshadi.

Foto: Toshshahartransxizmat

«SamAuto» kompaniyasi koll-markazi ma’lumotlari ko‘ra, ayni vaqtda ushbu avtobuslarning donasi 1 milliard 20 million so‘mdan sotuvda mavjud.

Tashkilot matbuot xizmatiga ko‘ra, 632 milliard 99 million so‘mlik jami 275 ta avtobus Toshkentda jamoat transporti tizimini yaxshilashga doir prezident qarori asosida «O‘zmilliybank»ning kredit mablag‘lari hisobiga sotib olinmoqda. Bu mablag‘ – 3 oktyabrdagi Markaziy bank kursiga ko‘ra, 57,5 million AQSh dollaridan oshadi.

«Toshshahartransxizmat»ning ma’lum qilishicha, «MAN A22 CNG» rusumli avtobuslarni shartnoma asosida yetkazib berayotgan «TRUCK AND BUS TRADE GROUP» MChJ esa «Uz Truck and Bus Motors» MChJ QKning dileri hisoblanadi.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid