Alisher Qodirov O‘zbekiston va Qozog‘istonning tanlagan yo‘lini solishtirdi
“Biz iqtisodiy ehtiyotkorlik qilgan paytimizda Qozog‘iston bunday qilmadi. “Shok terapiyasi”ga biz kirmadik, Qozog‘iston kirdi. Biz 30 yil iqtisodiy masalalar bilan kamroq, siyosiy suverenitet masalasi bilan esa ko‘p shug‘ullandik, Qozog‘iston esa siyosiy suverenitet haqida o‘ylamasdan ko‘proq iqtisodiy rivojlanish haqida o‘yladi va bu o‘z natijasini berdi”, deydi siyosatchi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov Kun.uz sayti tashkillashtirgan davra suhbatida O‘zbekiston yuritayotgan axborot siyosati va bu siyosatda qo‘shni mamlakatlarnikiga nisbatan o‘ta ehtiyotkor pozitsiya haqida fikr bildirdi.
“Qo‘shnilar bilan solishtirish masalasida men sal boshqacharoq yondashgan bo‘lardim. Masalan, biz iqtisodiy ehtiyotkorlik qilgan paytimizda Qozog‘iston iqtisodiy ehtiyotkorlik qilmadi. “Shok terapiyasi”ga biz kirmadik, Qozog‘iston kirdi. Biz 30 yil iqtisodiy masalalar bilan kam shug‘ullandik, siyosiy suverenitet masalasi bilan esa ko‘p shug‘ullandik, Qozog‘iston esa siyosiy suverenitet haqida emas, iqtisodiy rivojlanish haqida ko‘proq o‘yladi. Va bu o‘z natijasini berdi.
Bugun Qozog‘istonda yalpi ichki mahsulot kishi boshiga hisoblanganda 10 ming dollar bo‘lsa, O‘zbekistonda 1700 dollar atrofida.
Resurslar nuqtayi nazaridan Qozog‘iston va O‘zbekiston orasida katta farq yo‘q. Lekin aholi nuqtayi nazaridan O‘zbekiston ikki barobar oldinda. Bu – rivojlanish uchun Qozog‘istonga imkoniyat berdi. Agar qo‘polroq o‘xshatish qilsak, Qozog‘iston xalqparvar siyosat qilmadi, iqtisodni bozor qoidalari nuqtayi nazaridan jamiyatiga tez kiritib yubordi, lekin biz hanuzgacha elektr energiyasini aholiga tannarxidan ikki barobar arzon sotayotgan davlatmiz. Ya’ni bu xalqparvar siyosat. Xohlasangiz ham, xohlamasangiz ham. Elektr energiya arzon. Butun iqtisodiyotning lokomotivi bo‘lgan energiya resurslari masalasida biz hamon monopoliyada yuribmiz.
Aholi uchun energetika tariflarini oshirolmaysiz. Masalan, bugun elektr energiyasi 295 so‘m. Uni 550 so‘m qilolasizmi? Yo‘q, chunki odamlarning daromadi yetmaydi. Odamlarning daromadi yo‘q bo‘lishiga sabab nima? Iqtisodiyot rivojlanmagan. Iqtisodiyot rivojlanmasligiga sabab nima? Energiya resurslarimizda aniq o‘yin qoidalari yo‘q. Yirik investorlar bizga kelib pul tikishdan oldin iqtisodiy masalalarni tahlil qilishda birinchi tahliliy masala energiya bilan bog‘liq bo‘ladi. Investor u yerdagi noaniqlik, beqarorlikni ko‘radi va bu bizning rivojlanishimizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Biz axborot erkinligini tahlil qilishdan oldin masalaning bu tomonlarini ham o‘ylab ko‘rishimiz va taroziga solishimiz lozim. Undan keyin gapirish kerak”, – deydi Alisher Qodirov.
Videoni to‘liq holda quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
17:22 / 19.11.2024
«Markaziy Osiyo – Xitoy» quvuri orqali 14 yilda yetkazilgan tabiiy gaz miqdori ma’lum qilindi
17:25 / 15.11.2024
2050 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklarining uchdan bir qismi erib ketishi mumkin
17:42 / 14.11.2024
Markaziy Osiyo tabiiy ofatlar tufayli yalpi ichki mahsulotining 6 foizini yo‘qotishi xavfi bor
20:54 / 11.11.2024