Jahon | 15:22 / 21.10.2022
12824
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya 1,8 mln tonna Ukraina donini noqonuniy ravishda olib chiqib ketishi mumkin - OAV

Yil oxirigacha Ukrainaning egallab olingan hududlaridan Rossiya tomonidan 1,8 million tonnaga yaqin don noqonuniy olib chiqib ketilishi mumkin. NDR bilan suhbatlashgan ekspertlarning aytishicha, gap harbiy jinoyat haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. 

Foto: slovoidilo.ua

Yil oxirigacha Rossiya Ukrainaning egallab olingan hududlaridan jami 1,8 million tonna don olib chiqib ketishi mumkin. Bunday hisob-kitoblarni 21 oktyabr, juma kuni Germaniyaning NDR radioeshittirish korporatsiyasining surishtiruv bo‘limi Rossiya hujjatlari, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va kemalar harakati haqidagi ma’lumotlarga tayangan holda keltirmoqda. 

Ukrainadan Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrim dengiz portlaridan 1 million tonnaga yaqin yuk allaqachon jo‘natilgan. 

Urush boshlanganidan beri bug‘doy va boshqa donli 20 ga yaqin kema Sevastopolni tark etdi. Yuklarning asosiy qismi Suriya, Rossiya yoki Turkiyaga jo‘natilgan. 

Tovarlar ro‘yxatidan ko‘rinib turibdiki, yil oxirigacha Sevastopoldan yana 40 ga yaqin kemani jo‘natib yuborish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, NDR ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklar, ehtimol, ushbu bosqichda, kelajakda Ukraina hududlarida tortib olinishi kutilayotgan donni tashish uchun logistikani tashkil qilishgan. 

Agar rejalar amalga oshirilsa, Rossiya joriy yilda noqonuniy g‘alla eksportidan jahon bozori narxlarida qariyb 600 million dollar (612 million yevro) olishi mumkin.

Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, gap Rossiya tomonidan egallab olingan hududlardagi umumiy g‘alla hosilining chorak qismi haqida ketyapti. Ukraina iqtisodiy rivojlanish, savdo va qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Taras Visotskiy NDR bilan suhbatda ukrainalik fermerlar uchun ijtimoiy oqibatlar haqida ogohlantirdi: «Bu aql bovar qilmaydigan va juda katta ijtimoiy muammo hisoblanadi. Minglab fermerlar xavf ostida».

Bir qator hollarda, mahsulotlarni egallab olingan hududlardan qochib ketgan ukrainalik qishloq xo‘jaligi ishchilari tashlab ketishgan. Bundan tashqari, u ekspropriatsiya qilingan yoki demping narxlarida sotib olingan. Rossiya kemalarini kuzatish qiyin, chunki ular Qrimdagi transponderlarni o‘chirib qo‘yadi, biroq NDR’ning qayd etishicha, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va boshqa manbalar yordamida harakatni kuzatish imkoni bor.

Frayburg universitetining xalqaro huquq bo‘yicha eksperti Paulina Starski fikricha, g‘allaning katta miqyosda o‘zlashtirilishi harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin. 

Vashingtondagi Amerika universitetidan bo‘lgan Devid Kreyn, o‘z navbatida, tinch aholini tirikchilik manbalaridan mahrum qilish - raketa hujumlari kabi shafqatsiz narsa, deb hisoblaydi. 

NDR so‘roviga ko‘ra, Rossiya elchixonasi: «Rossiya, albatta, nafaqat donga bo‘lgan ehtiyojlarini qondiryapti, balki butun dunyo bo‘ylab eksport so‘rovlariga javob beryapti», deya ma’lum qildi. Shu bilan birga, diplomatik missiya Rossiyada Ukraina bug‘doyiga talab yo‘qligini ta’kidlamoqda, chunki u «Rossiya mahsulotidan sifat jihatidan past». Suriya va Turkiya elchixonalari so‘rovlarga javob bermadi. 

Avvalroq, 16 oktyabr kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer butun dunyo bo‘ylab 830 million kishi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotganini ma’lum qilgandi – bu uch yil avvalgidan 150 million kishiga ko‘p. Frank-Valter Shtaynmayyer ocharchilikning kuchayishi nafaqat bu hududlardagi iqlim o‘zgarishi, balki g‘alla, oziq-ovqat va o‘g‘it yetkazib berishdagi uzilishlar bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. «Buning uchun Rossiyaning Ukrainaga qarshi shafqatsiz, tajovuzkor urushi aybdor», deb tushuntirdi u. 

Mavzuga oid