Jahon | 19:20
3317
2 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko Ukrainani qayta tiklashga yordam taklif qildi

Belarus rahbarining fikricha, Ukraina hukumatini AQSh boshqarmoqda, prezident Volodimir Zelenskiy esa muammoni hal etish uchun Vashingtonga uchyapti.

Foto: president.gov.by

Minsk Kiyevga Ukrainani qayta tiklashda yordam berishga tayyor. Bu haqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.

«Ukraina rahbariyati yaxshilab o‘ylab ko‘rishi lozim — ular birinchi navbatda mamlakatni qayta tiklashi kerak bo‘ladi. O‘zlariga yaqin bo‘lgan insonlar, avvalo belaruslar bilan», — deya davlat rahbaridan iqtibos keltiradi BelTA.

Uning fikricha, Ukraina hukumatini AQSh boshqarmoqda, prezident Volodimir Zelenskiy esa muammoni hal etish uchun Vashingtonga uchyapti.

«U oxir-oqibat ushbu urushni yakunlash uchun Minsk va Moskvaga bormayapti. U urushdan keyin amerikaliklar Ukrainani tiklab beradi deb o‘ylamoqda… Ularni hech kim qayta tiklamaydi», — deydi Lukashenko.

Aprel boshida Zelenskiy Ukrainani urushdan keyin qayta tiklashga 700 milliard dollarga yaqin mablag‘ kerak bo‘lishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda tiklanishi kerak bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar — energetika, texnologiya va iqtisodiyotdir.

«Biz sizlar bilan aniq summani bilmaymiz, chunki urushni hali yakunlamadik. U tugaganidan keyin barchasi tahlil qilib chiqiladi», — deydi davlat rahbari.

Jahon banki, Yevrokomissiya, BMT va Ukraina hukumatining 2023 yil yakunlaridagi baholashlariga ko‘ra, Ukrainani qayta tiklashga 10 yil davomida 486 milliard dollar kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid