O‘zbekiston | 20:32 / 22.10.2022
37571
4 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahrining sobiq hokimi Jamshid Fozilov qamoqqa olindi

Sobiq hokim avvaliga qamoqqa olingan, lekin sud uni ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlab turish bo‘yicha prokuraturaning iltimosnomasini rad etgan va gumonlanuvchini uy qamog‘iga yuborgan. Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining bugun, 2022 yil 22 oktyabr kuni chiqargan ajrimi bilan u qamoqqa olindi.

Foto: Facebook

Viloyat prokuraturasi matbuot xizmatining xabar berishicha, viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi bugun, 2022 yil 22 oktyabr kuni Qarshi shahar sudining 2022 yil 20 oktyabrdagi Qarshi shahar sobiq hokimi J.Fozilovni qamoqqa olishni rad etib, unga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llash haqidagi ajrimini bekor qilgan. Sudya viloyat prokuraturasining J.Fozilovga nisbatan qamoqqa olish tariqasidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirgan.

2022 yil 20 oktyabr kuni Qarshi shahar sudi Jinoyat protsessual kodeksining 242-2-moddasiga asosan viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan Qarshi shahar sobiq hokimi J.Fozilov qamoqqa olish tarzidagi iltimosnomani rad etib, unga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llash haqida ajrim chiqargandi.

Viloyat prokuraturasi matbuot xizmati Qarshi shahar sudining ushbu ajrimiga nisbatan Qarshi shahar prokurori tomonidan viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya tartibida protest keltirilgani haqida xabar bergan edi.

Qayd etilishicha, viloyat prokurori tomonidan Qarshi shahar sobiq hokimi J.Fozilov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi alohida nazoratga olingan bo‘lib, tergov natijalari yuzasidan ma’lumot beriladi.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi axborotiga ko‘ra, Jamshid Fozilov 2016 yil 9 iyuldan 2019 yil 26 oktyabrgacha Qarshi shahar hokimi lavozimida bo‘lgan. Bu vaqt mobaynida u mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib, yerlarni noqonuniy berib yuborishda gumonlanyapti.

Ma’lum qilinishicha, sobiq amaldor Qarshi shahar hokimligi huzuridagi Yer uchastkalariga egalik qilish, foydalanish va ijaraga berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zolari – shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari U.Avazov, shahar hokimligi bosh yuriskonsulti Sh.Buxarov, shahar bosh arxitektori Sh.Bo‘ronov, Davlat kadastrlari palatasi Qarshi shahar filiali boshlig‘i M.Xushov va boshqalar bilan Qarshi shahri hududidagi yer maydonlari va boshqa infratuzilma obektlarini noqonuniy ravishda soxta hujjatlar asosida berish haqida oldindan jinoiy til biriktirgan bo‘lishi mumkin.

Natijada 2018-2019 yillar davomida 54 ta holatda umumiy qiymati 60 mlrd 512 mln bo‘lgan jami 463.212,13 metr kvadrat yer uchastkalari jinoiy guruh a’zolari tomonidan Vazirlar Mahkamasining o‘z kuchini yo‘qotgan qarorlariga yoki qaror qabul qilishda asos bo‘lmagan boshqa soxta ma’lumot va yozuvlar kiritib tayyorlangan dalolatnomalarga asosan, auksion savdolari o‘tkazmasdan, yer ajratish to‘g‘risida noqonuniy qarorlar qabul qilish orqali talon-toroj qilingani aytilmoqda.

Jamshid Fozilov qamoqqa olingani haqida 2022 yil aprel oyida ham xabarlar tarqalgan, lekin o‘shanda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi buni rad etgan edi. O‘shanda yer sotish jinoyatlari bo‘yicha Qarshi shahar kadastr va qurilish bo‘limlari hamda shahar hokimligining sobiq yuristlari – jami 7 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 205, 206, 209, 229-4-moddalari bilan ayblanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan, ayblanuvchilar orasida shaharning sobiq va amaldagi hokimlari yo‘qligi aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, kecha Termiz shahri sobiq hokimi qamoqda ekani ma’lum bo‘ldi. Bosh prokuratura qo‘zg‘atgan bu jinoyat ishida qamoqqa olinganlar soni jami 11 nafar. Ular talon-toroj, vakolatini suiiste’mol qilish va mansab soxtakorligida ayblanyapti. Zarar miqdori – 35,6 mlrd so‘m.

Mavzuga oid