O‘zbekiston | 19:17 / 22.10.2022
33235
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi chorrahada haydovchilarga kamera nohaq jarima yozdi: YHXB jarima sud orqali bekor qilinishini aytmoqda

Toshkentdagi chorrahalardan birida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari tufayli u joyni yo‘l belgisiga ko‘ra aylanib o‘tayotgan mashinalarga jarima belgilangan. YHXB esa haydovchilarga jarima faqat sud orqali bekor qilinishi mumkinligini aytmoqda.

Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Ziyo va Shifonur ko‘chalari kesishmasida kamera o‘rnatilgan. Ushbu kamera aftidan sfetoforning qizil chirog‘iga o‘tuvchi, yo‘l chiziqlarini qoidalarni buzib bosgan haydovchilarni fiksatsiya qiladi.

Bizga haydovchi S.Jumanov ushbu chorrahada 21 sentabr kuni sodir etilgan qoidabuzarlik uchun belgilangan jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni yubordi.

Lacetti avtomashinasiga harakatlanish chog‘ida yo‘l chiziqlari talabiga rioya etmagani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi 1-qismiga ko‘ra, 150 ming so‘m jarima belgilangan.

Fotodan ko‘rinib turibdiki, yo‘lda qandaydir qurilish ishlari olib borilmoqda. To‘siq va chetlab o‘tish belgilari qo‘yilgan. S.Jumanov boshqaruvida bo‘lgan Lacetti avtomashinasidan tashqari barcha chetlab o‘tish asnosida qatnov qismini bo‘lib turuvchi qo‘shsidirg‘a yo‘l chizig‘ini bosishga majbur bo‘lmoqda.

O‘z-o‘zidan, bu chorrahada shu ta’mirlash ishlari yakunlangunga qadar kamera nazdida «qoidani buzgan» barcha avtomobillarning haydovchilariga jarima jo‘natilgan.

«Ushbu jarimani olib tashlashni so‘rab Yunusobod («Gvardeyskiy») YHXBga borsak «Chilonzorga jo‘natishdi, ular biz yecholmaymiz, sud bo‘ladi, o‘sha yerda hal bo‘ladi», deb ovora qilishmoqda. Arzimagan 150 ming so‘m uchun necha kun qancha vaqt ketyapti. Biz qoidalarni buzsak, jarimani to‘laymiz. YHXB noto‘g‘ri jarima belgilaganiga javob berishi kerak emasmi?» — deydi haydovchi.

Bu vaziyatda kishini hayratlantiruvchi, o‘rni kelsa g‘azablantiruvchi holat — faqat haydovchilarni jarimaga tortish mumkin bo‘lgan, kamera o‘rnatilgan joydagina yo‘lga chiziq tortib qo‘yilgani. Demak, yo‘llarda harakatlanish uchun xavfsizlikni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lganlar uchun jamiki yo‘llar aniq-tiniq chiziqlar bilan chizilishi emas, faqat haydovchilarni jarimaga tortish mumkin bo‘lgan joylardagina shunaqa chiziqlar bo‘lishi yetarli.

Qolaversa, chorrahadagi yo‘llardagi ajratuvchi chiziqlar ham qoidaga xilof chizilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 13 apreldagi «Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarining 2-ilovasida yo‘l chiziqlari ko‘rsatib o‘tilgan. Chunonchi, ikki polosali yo‘lda qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport oqimlarini ajratish uchun 1.1 yotiq yo‘l belgisidan foydalanish kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Ammo yuqorida fotodan ko‘rinib turibdiki, ikki polosali yo‘lda 1.3 yotiq qo‘shsidirg‘a chizig‘idan foydalanilgan. Bunday qo‘shsidirg‘a chiziq to‘rt va undan ortiq harakatlanish bo‘lagi bo‘lgan yo‘llarda qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport vositalari oqimini ajratishda foydalaniladi.

Albatta, bu narsalar mas’ullarimiz uchun o‘ta ahamiyatsiz narsalar. «Jurnalistning kelib kelib yopishib olgan narsasiga qarayu», deyiladi, chiziqni o‘zlar ishlab chiqqan qoidaga xilof ravishda chizganlarga biror chora ham ko‘rishmaydi.

Yaqqol ko‘rinib turgan ushbu holat uchun sud jarimani bekor qilishi tayin. Ammo MJtKning 316-moddasiga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shu qarorning nusxasi olingan kundan e’tiboran 10 kun ichida shikoyat berilishi mumkin. Qaror (ma’muriy bayonnoma) chiqarilganiga 10 kundan oshib ketgani vaji bilan shikoyat sud tomonidan rad etilishi ham mumkin.

MJtKning ta’kidlangan moddasida 10 kunlik muddat uzrli sabablar bilan o‘tkazib yuborilgan taqdirda, bu muddat shikoyatni ko‘rib chiqishga vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan qayta tiklanishi mumkinligi aytiladi.

YHXB davlat raqami kameraga noto‘g‘ri tushib qolgan yoki mana shu kabi yo‘llardagi majburiy qoidabuzarliklar uchun belgilangan jarimalarni dalolatnomami, komissiya xulosasi bilanmi o‘zlari bazadan o‘chirish tizimini tashkil qilishsa bo‘lmaydimi? Haydovchilarni sudma-sud sarson qilish o‘rniga, o‘zlari shu kuni qayd etilgan qoidabuzarliklarning barchasini sudga topshirib, bekor qilishlari kerak emasmi?

Ko‘chalarda va chorrahalarda suvoqova, telefon stansiyasi va kommunikatsiyalar bilan ishlovchi boshqa tashkilotlar avariyaviy ta’mirlash va boshqa sozlash ishlarini olib borishadi. Shunday ishlar olib borilishidan avval nega DYHXXga xat bilan aloqaga chiqib, ta’mirlash ishlari olib borilayotgan davrda kameralarni o‘chirib turish yoki DYHXX shu xatga asosan kamera o‘chirilmasa ham ilojsiz qoidabuzarliklarni qayd etmay turish bilan bog‘liq jarayon yo‘lga qo‘yilmagan?

Agar yo‘llarda mana shunday holatni vujudga keltirsa, DYHXXni ogohlantirmasdan ta’mirlash ishlarini olib borgani uchun barcha jarimalar ta’mirlash ishlarini olib borgan korxona zimmasiga yuklanishi kerak.

Aslida mana shunday yo‘l tutilishi eng adolatli bo‘lar edi.

O‘zbekistonda inson manfaati hamma narsadan ustun ekanligi bosh shior qilib belgilangan. Bunday holat loqaydlik, inson manfaatlariga bee’tiborlik bilan tushuntirilmaydimi?

IIV JXD YHXB ushbu holatga o‘z munosabatini bildirib, mana shunday vaziyatlar yuzaga kelsa qanday yo‘l tutilishi lozimligi, o‘zlarining qoidalarida haydovchilarni jarimadan ozod qilish uchun qanday choralar ketma-ketligi belgilangani haqida ma’lumot berib o‘tishini istar edik.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid

E`lonlar