O‘zbekiston | 19:00 / 27.10.2022
5210
8 daqiqa o‘qiladi

Namanganda "Madaniyat karvoni” va “Ma’naviyat festivali” tadbirlari davom etmoqda

Foto: Ma’naviyat festivali

"Madaniyat karvoni" va "Ma’naviyat festivali" barchani ezgu maqsad yo‘lida birlashtirmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Madaniyat karvoni” hamda “Ma’naviyat festivali” bugunga kelib ko‘pchilikning qalbidan joy oldi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Har bir hududda 150 nafardan ortiq olimlar, ziyolilar, ijodkorlar, san’at ahli, kinoaktyorlar eng chekka qishloq, mahallalarda bo‘lib, odamlar bilan yuzma-yuz suhbatlashmoqda. Ularning dardu tashvishlari, quvonch-u yutuqlariga sherik bo‘lishib, hamdard-u hammaslak bo‘layotgani aholining kayfiyatini ko‘tarayotgani ham rost gap. Aytish kerakki, bunda yurtdoshlarimiz orasida o‘zaro mehr rishtalari bog‘lanmoqda, yuraklarga ezgulik kurtaklarini qadamoqda. Zero, odamlar qalbida yuksak insoniy fazilatlar, ilm-ma’rifat, mehr-saxovat, hamjihatlik, birdamlik kabi tuyg‘ular kurtak yozganining o‘zi ma’naviyatdir.

Ana shunday hayotbaxsh maqsadlarni ko‘zlagan “Madaniyat karvoni” va “Ma’naviyat festivali”ning navbatdagi manzili Namangan viloyati bo‘ldi. Kuni kecha 200 nafarga yaqin ziyolilar, aktyorlar, shoir va yozuvchilar Pop tuman temiryo‘l vokzaliga yetib kelishdi, targ‘ibotchilar tantanali ravishda kutib olindi.

Festivalning dastlabki kuni “Kitob karvoni” loyihasi amalga oshirildi. Kitobxonlik madaniyatini oshirish, yosh avlodda mutolaaga bo‘lgan ishtiyoq va mehrni yuksaltirish maqsadida jahon va milliy adabiyotimiz durdonalaridan iborat 8 mingdan ziyod kitoblar viloyatning barcha tuman va shaharlari tomon yo‘l oldi.

Tadbir davomida qator tanlovlar sovrindorlari taqdirlanib, ularga kitoblar jamlanmasi va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Shundan so‘ng festival ishtirokchilari “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihasi doirasida Ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan viloyat filialida bo‘lib, har bir bemor bilan dildan suhbatlashishdi. Mazkur shifoxonada davolanayotgan insonlar sevimli ijodkor-u san’atkorlarining kutilmagan tashriflaridan bag‘oyat xursandligini bildirishdi. Shuningdek, tadbir davomida shifoxona kutubxonasiga hamda bemorlarga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan kitoblar jamlanmalari sovg‘a qilindi. “Inson qadri”loyihasi davomida ham mehrtalab insonlarga quvonch ulashish bilan festival davom ettirildi. Davlatobod tumanidagi Saxovat uyida yashayotgan keksalar holidan xabar olindi, targ‘ibotchilar muassasada yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.

Kun davomida “Ma’rifat tur” loyihasi doirasida ishtirokchilar Yakkatom mahallasida joylashgan “Xo‘jakalon Abdulmoniy” ziyoratgohida bo‘ldi. Ular qadim Axsikentga oid topilgan osori-atiqalar jamlangan muzey faoliyati bilan tanishdilar.

“Madaniyat karvoni” hamda “Ma’naviyat festivali”ning ikkinchi kuni ma’naviy hayotimizni yangi bosqichga ko‘tarishga, avvalombor, joylardagi targ‘ibotchilarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirishni maqsad qilgan “Ziyolilar forumi” bilan boshlandi. Forumda so‘zga chiqqanlar targ‘ibotchilar yetuk, salohiyatli va har tomonlama ilg‘or bo‘lmasa, hayotda, amalda teskari harakat qilsa, — undan ortiq yomonlik yo‘qligini ta’kidlashdi. Shuningdek, tadbir davomida “Ma’naviyat. Asosiy tushunchalar lug‘ati” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Uychi tumanida esa oilaviy ajralishlarning oldini olish, erta turmush qurishning salbiy oqibatlarini targ‘ib etish, joylarda voyaga yetmaganlar orasida erta tug‘uruq holatlari va tazyiqqa uchragan xotin-qizlarga psixologik ko‘mak berishga qaratilgan “Oila - ma’naviyat qo‘rg‘oni”loyihasi bo‘lib o‘tdi. Loyiha davomida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni yarashtirishga harakat qilindi, shuningdek, tumandagi ibratli oila vakillari “Ibratli oila”, “Namunali qaynona”, “Oqila kelin” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.

Namangan viloyat musiqali drama teatrida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti hamda “Mening farzandim O‘zbekiston faxri!”loyihasining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston Qahramonlari Xalichaxon Mirzayeva, Ayshaxon Qo‘chqorova, Abduraim Xomidovlar taqdirlanib, ularning hayot yo‘li, fidoyiliklari kelajak avlod uchun namuna bo‘lishi ta’kidlandi. Qahramonlarga ko‘rsatgan matonati uchun tashakkur izhor etildi. Taqdimot davomida viloyatning eng faol, intiluvchan, iste’dodli yoshlari hamda ularning ota-onalari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan taqdirlandi. Barchaga namuna bo‘la oladigan farzandlarni ulg‘aytirayotgan ota-onalarga alohida minnatdorchilik bildirilib, boshqalarga o‘rnak sifatida ko‘rsatildi. 

Namanganliklar, ayniqsa, Kinematografiya agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Kinokarvon” loyihasini katta qiziqish bilan kutib olishdi. Kinokarvon doirasida mahallalarda “Talvasa”, “Muhabbat bahori”, “Ayol qalbi”, “Bir kunlik to‘y”, “101 reys”, “Meros”, “Puling bo‘lsa”, “Ayol qismati”, “Baron 2. Sog‘inch” va “Vatan ostonasida” kabi 15 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlarning namoyishlari o‘tkazilmoqda. E’tiborli jihati esa, mazkur tadbirlarda 20 nafardan ortiq elimiz suygan san’atkorlar hamda kinoijodkorlar ishtirok etib, ijodiy uchrashuvlar davomida kinoixlosmandlari aktyor va aktrisalar bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Bugun “Madaniyat karvoni”ning navbatdagi manzili Namangan shahar Davlatobod tumanida yangi barpo etilgan namunali 46-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Zukko Bolajon” fotoalbomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“Madaniyat karvoni” hamda “Ma’naviyat festivali” doirasidagi tadbirlar izchil ravishda uzviy loyihalar asosida davom ettiriladi.

Namangan shahridagi Barkamol avlod sport majmuasida ma’naviy-ma’rifiy tizimda faoliyat yuritayotgan soha xodimlari, mutaxassislar, targ‘ibotchilar ishtirokida “Ma’naviyat kubogi” o‘tkazildi.

Unda sport turlarining minifutbol hamda stol tennisi bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida musobaqada g‘olib bo‘lganlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan esdalik sovg‘alari va diplom bilan taqdirlandi.

Reklama

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid