Jeep’ning ilk elektromobili, «jilmayib» turgan Quyosh va raqamli pasport - hafta texnodayjesti
Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.
«Jilmayib» turgan Quyosh
NASA Quyosh dinamikasi kosmik observatoriyasi Quyoshning qiziqarli suratini e’lon qildi.
Suratga olish chog‘ida quyosh shamollari tabassumga o‘xshash naqsh hosil qilgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Quyoshdagi qorong‘i hududlar — past haroratli va zich plazmali bo‘lib, «toj teshiklari» deb ataladi. Bu joylardan quyosh shamollari koinotga otilib chiqadi. Ularning fotosuratdagi g‘ayritabiiy joylashuvi shunchaki tasodif hisoblanadi.
Jeep ham elektromobil ishlab chiqarishni boshlaydi
Jeep kompaniyasi Parij xalqaro avtosalonida o‘zining eng ixcham modeli – Avenger krossoverini namoyish etdi. Bu brend tarixidagi ilk elektromobil bo‘ladi va birinchi navbatda Yevropa bozori uchun sotuvga chiqariladi.
Avtomobil 6ta rejimda harakatlanadi: «Oddiy» (kundalik haydash uchun), «Sport», «Eko» (quvvatni tejash uchun), «Qor», «Loy» va «Qum».
Jeep Avenger to‘liq quvvat bilan 400 kmgacha masofa bosib o‘tishi mumkin. Krossoverning ustun jihati tez quvvat olishida: akkumulyatori 20 foizdan 80 foizgacha to‘lishi uchun 24 daqiqa vaqt yetarli bo‘ladi. Shuningdek, har uch daqiqalik quvvat qo‘shimcha 30 km yurish imkoniyatini beradi.
Avenger Polshadagi Fiat zavodida sotuvga chiqariladi va bu jarayon 2023 yilning mart oyida boshlanishi rejalashtirilgan.
Raqamli pasport
Janubiy koreyaliklar 2024 yildan boshlab pasport o‘rniga blokcheyn asosida ishlaydigan raqamli identifikatsiyadan (ID) foydalanishga o‘tishi mumkin. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Koreya hukumati rejasiga ko‘ra, kelajakda raqamli identifikatorlar mobil qurilmalarga ilova ko‘rinishida o‘rnatiladi. Ikki yil ichida 45 million fuqaro raqamli pasportga o‘tkazilishi mumkin. Ushbu loyiha 10 yil ichida 60 trillion von (42 miliiard dollar) iqtisodiy foyda keltirishi prognoz qilingan.
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, raqamli identifikatorlardan keng foydalanish ma’muriy ishlarda vaqtni tejash, ish haqi to‘lashda firibgarlikni kamaytirish, iste’mol kreditlarini kengaytirish, shuningdek, savdo va yangi bozorlar yaratishni osonlashtirishi mumkin.
300 ming dollarlik uchar avtomobil
Kaliforniyaning Alef Aeronautics startapi o‘zining yangi prototipi — elektr dvigatellarga ega hamda oddiy yo‘llarda ham yura oladigan Model A uchar avtomobilini taqdim etdi.
Model A to‘rsimon korpusga ega va u yuk ko‘taruvchi konstruksiya vazifasini ham bajaradi. Uning ichida 8 ta parrakka ega 4 ta dvigatel o‘rnatilgan, shuningdek, oddiy g‘ildiragi ham bor. Haydovchi va yo‘lovchi kapsulasimon kabinada o‘tirishadi. Mashina korpusi gorizontal parvoz chog‘ida qanot vazifasini ham bajaradi.
Bunday avtomobil maxsus maydonlardan emas, istalgan joydan parvoz qila olishi mumkin. Ayni paytda tajribaviy ishlab chiqarish boshlangan, ilk seriyali modellar 2025 yilning IV choragida bozorga chiqariladi. Oldindan buyurtma bilan avtoning narxi 300 ming dollar qilib belgilangan.
Telegram’da pulli obunachilar uchun yangi funksiya paydo bo‘ladi
Android operatsion tizimi uchun Telegram’ning beta-versiyasida «yumaloq video» deb ataluvchi kiruvchi videoxabarlarni matnga aylantira oladigan funksiya paydo bo‘lgan.
Shifrlashni o‘qish tugmasi bosilganda videoxabar «xabar pufagi» ko‘rinishini oladi va tayyor matn paydo bo‘ladi. Ovozli xabarlarni matnga aylantirish funksiyasi kabi yangilik faqat Telegram Premium pulli obunachilari uchun imkonli bo‘ladi.
YouTube’ning yangi dizayn va funksiyalari
Google kompaniyasi YouTube pleyerining barcha qurilmalar uchun dizayni o‘zgartirilayotganini e’lon qildi.
Endilikda videoroliklarni aylantirishda xronometraj tasmasida aniq prevyu kadri ko‘rinib turadi. Bu esa foydalanuvchilarga videodagi kadrlar bo‘yicha kerakli lahzalarni osongina topib olish imkonini beradi.
Foydalanuvchilar shuningdek, xuddi fotogalereyalardagi suratlarni kattalashtirib ko‘rgandek, tasvirni barmoqlari bilan kengaytirish imkoniga ham ega bo‘lishadi. Ushbu funksiya pinch-to-zoom deb nomlandi. Avvalroq Google ushbu opsiyani YouTube Premium obunachilari orasida sinab ko‘rgan.
Shuningdek, YouTube’da «rangni dinamik tanlash» deb ataluvchi funksiya ham paydo bo‘lmoqda. Bu funksiya sharofati bilan interfeysning rang gammasi videodagi ustunlik qilayotgan rangga qarab tusini o‘zgartiradi. Ilovalar va veb versiyadagi qora mavzular yanada qorong‘ilashadi: agar kulrang tuslardan foydalanilgan bo‘lsa, endi ularning barchasi birdek qora tusda bo‘ladi.
Mavzuga oid
17:55 / 02.04.2024
Xiaomi'dan SU7 elektromobili, iOS 18 taqdimot sanasi, Soradan film – texnodayjest
13:05 / 03.03.2024
Uchar taksi, qo‘lga taqiladigan smartfon va kiber kuchukcha – hafta texnodayjesti
21:18 / 10.02.2024
Buklanadigan iPhone, eng ishonchli avtomobillar va eng ko‘p sotilgan smartfonlar – hafta texnodayjesti
15:16 / 03.02.2024