Jahon | 20:37 / 29.10.2022
37838
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya dronlar hujumidan keyin «g‘alla bitimi»dan chiqadi

Rossiya Ukraina g‘allasi Qora dengiz bo‘ylab eksport qilinishini nazarda tutuvchi «g‘alla bitimi»dagi ishtirokini to‘xtatadi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Foto: AP

Bunday qaror Ukraina qurolli kuchlarining Sevastopoldagi kemalarga dronlar yordamida hujum uyushtirganidan keyin qabul qilindi.

Mudofaa vazirligi talqiniga ko‘ra, hujum qilingan kemalar «g‘alla yo‘lagi» xavfsizligini ta’minlashda ham ishtirok etgan.

«Qora dengiz floti kemalariga va fuqarolik kemalariga qarshi amalga oshirilgan terrorchilik harakatini hisobga olib, Rossiya tomoni Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishda ishtirok etishni to‘xtatadi», deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

Mudofaa vazirligi xabarida Rossiyaning kelishuvdagi ishtirokini tiklash shartlari e’lon qilinmagan.

Ukraina hududiga bostirib kirgandan so‘ng, Rossiya Qora dengizdagi Ukraina portlarini to‘sib qo‘ydi, ular orqali mamlakat eksportining muhim qismi amalga oshirilar edi.

«G‘alla bo‘yicha bitim» 22 iyul kuni Istanbulda Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT tomonidan imzolangan edi. Shartnoma Ukrainaning doni, oziq-ovqat mahsulotlari va o‘g‘itlarini Qora dengiz orqali uchta portdan, jumladan Odessadan ham eksport qilishni nazarda tutadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid