Jahon | 20:38 / 31.10.2022
13387
3 daqiqa o‘qiladi

Prigojin: «Rossiya elitasi farzandlari urushga bormaguncha, safarbarlik tugamaydi» 

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin Rossiyadagi qisman safarbarlik yakunlaridan norozi ekanini ma’lum qildi. 

Foto: TASS

«Utro.ru» nashri «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojindan safarbarlik yakunlari haqida so‘radi. 

«Juma kuni Rossiyada qisman safarbarlik yakunlangani e’lon qilindi. Uning yakunlariga qanday baho berasiz?» deyiladi tahririyat savolida. 

Bunga javoban Prigojin shunday dedi: 

«Ha, darhaqiqat aholining safarbarligi o‘tkazildi. Sanoatning safarbarligi o‘tkazilmoqda, ammo zo‘r-bazo‘r. O‘tkazilmay qolgan eng asosiy narsa — elita safarbar qilinmadi. Oligarxlar va elitaning boshqa vakillari cheksiz qulaylikda yashayotgan edi, shunday yashashda davom etmoqda. Ularning farzandlari urushga bormaguncha, mamlakat to‘liq safarbar qilinmaydi». 

Yevgeniy Prigojin 61 yoshda, rossiyalik tadbirkor, oligarx, Rossiya prezidenti Putinning ishonchli vakili, davlatning oliy martabali shaxslari ovqatlanishini tashkil qilgani bois, matbuotda «Putinning oshpazi» laqabini olgan. 

2016 yildan buyon AQSh, 2020 yildan Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya, 2022 yildan Avstraliya, Kanada va Yaponiya sanksiyalari ostida. 2022 yil iyul oyida AQSh Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlardagi siyosiy va saylov jarayonlariga aralashgani uchun Prigojinga nisbatan qidiruv va uning qayerda ekani haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot e’lon qilgan. 

Yevgeniy Prigojin «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi hisoblanadi. Guruh 2014 yilda Ukrainada, keyinchalik Suriya, Liviya va Markaziy Afrika Respublikasidagi harbiy harakatlarda qatnashgani haqida ma’lumotlar bor. 

2017 yilda guruh AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi. 2021 yilda Yevropa Ittifoqi guruhni Ukrainaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga tajovuz qilishda, Suriya va Liviyadagi vaziyatni izdan chiqarishda, inson huquqlarini qo‘pol buzganlikda ayblab, sanksiyalar joriy qildi. 

Shuningdek, BMT va Fransiya «Vagner» jangchilarini Markaziy Afrika Respublikasidagi zo‘ravonliklar va qotilliklarda ayblaydi. 

Avvalroq, Prigojin Rossiya jazoni o‘tash muassasalaridagi mahbuslarni Ukrainadagi urushga yuborish uchun «Vagner» tarkibiga yollayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. 

Mavzuga oid