Jamiyat | 19:33 / 31.10.2022
19558
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 19 yashar yigitni kaltaklab, ustiga “zelyonka” sepganlar ushlandi

Hodisa 12 oktabr kuni poytaxtning Mirobod tumanida sodir bo‘lgani aniqlangan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahar IIBB internetda tarqalgan, noma’lum shaxslar bir yigitni urayotgani aks etgan videolavha ishtirokchilarini topishga muvaffaq bo‘ldi.

Aniqlanishicha, 12 oktabr kuni taxminan soat 21:00 larda 20, 18 va 16 yashar yigitlar Telegram-bot orqali giyohvandlik moddalarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan 18 yashar shaxs bilan Mirobod tumanida uchrashishgan.

Videoda ustiga ko‘kdori (tarkibida spirt bo‘lgan, jarohatlarni zararsizlantirish maqsadida ishlatiladigan yashil rangdagi suyuqlik) sepilgan yigit sintetik narkotiklarni berkitib chiqish va berkitilgan joyning lokatsiyalarini buyurtmachiga yuborish bilan shug‘ullanuvchi kladmen ekanini tan olgani va bu ish bilan boshqa shug‘ullanmasligini aytib yalinib-yolvorganini ko‘rish mumkin.

Toshkent shahar IIBB xabarida qayd etilishicha, yigitlar uchrashishganidan so‘ng birgalikda Bo‘stonliq tumaniga olib borishgan. O‘sha yerda narkotik oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelgan shaxsni urib, tan jarohati yetkazishgan va uning ustiga ko‘kdori sepishgan.

“Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi (“Odam o‘g‘irlash”) va 105-moddasi 2-qismi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Tergov jarayonida J.R., Sh.A. va R.A.lar shunga o‘xshash boshqa bir qancha jinoyatlarni sodir etishga aloqadorligi aniqlangan. Tergov davom etmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.

Poytaxt IIBB giyohvandlik vositalarini tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik borligi hamda bu jinoyatni sodir etgan shaxslar qonun oldida javob berishi haqida ham eslatgan.

Mavzuga oid