O‘zbekiston | 10:12 / 01.11.2022
7182
3 daqiqa o‘qiladi

Qiynoq qo‘llagani uchun kuch tuzilmalarining 1 nafar xodimi qamalgan, 11 nafariga intizomiy jazo berilgan – Ombudsman

Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili asosida tergov surishtiruv jarayonlaridagi qiynoq holatlarining oldini olishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili matbuot kotibining Kun.uz’ga xabar berishicha, Ombudsman boshchiligida penitensiar muassasalarga 2022 yilning 9 oyligida 297 ta monitoring amalga oshirilgan.

“Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan monitoringlar jazoni ijro etish muassasalari ma’muriyatini ogohlantirishsiz amalga oshirilmoqda va mavjud holatlar o‘rganiladi. O‘rganishlarda mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda uchrashib, qiynoqlar qo‘llanyaptimi yo‘qmi so‘raladi va ularga yaratilgan sharoitlar belgilangan talablar darajasida ekani holati o‘rganiladi.

2022 yilda Ombudsmanga qiynoqlar bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan, lekin ular ko‘p hollarda tasdiqlanmayapti. Ba’zi murojaatlar esa 5-10 yillar avvalgi qiynoqlar haqida. Mavjud holatni sinchiklab o‘rganish maqsadida 2022 yildan mahkumlar orasida respublika bo‘ylab anonim so‘rovlar o‘tkazish ham yo‘lga qo‘yildi”, deydi Ombudsmanning matbuot kotibi Fotima Madrahimova.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar natijalari Ombudsmanning qiynoq holatlari oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yillik ma’ruzasida e’lon qilinadi.

“2022 yilda Ombudsmanga o‘z vakolatini suiiste’mol qilib, inson huquqlarini poymol etgan huquq-tartibot xodimlari ustidan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilib, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan. Bitta holatda Jinoyat kodeksining qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish va dalillarni soxtalashtirish moddalari bilan aybdor deb topilgan. Shuningdek, 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta’sir choralari qo‘llangan va 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Ta’kidlash lozimki, hozirda Ombudsman tomonidan unga yuborilayotgan murojaatlar tahlili asosida tergov-surishtiruv jarayonlaridagi qiynoq holatlarining oldini olishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilmoqda”, deydi Fotima Madrahimova.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisiga ko‘ra, Ombudsman qiynoq holatlarini yashirish emas, ularning oldini olish va bartaraf etish tarafdori. Shu bois unga qiynoqqa oid murojaat kelsa va u mahkum yoki mahbuslar tomonidan tasdiqlansa, bu haqda albatta jamoatchilik xabardor qilinadi.

Mavzuga oid